USTOZNI ESLAB

USTOZNI ESLAB


    1935-yil 22-oktabr Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida ota-bobolari asli Shofirkon tumani Talija qishlog‘idan bo‘lgan, o‘zbek veterinariya maktabining haqiqiy fidoiysi dunyoga keldi. O‘rta maktabni kumush medal bilan tamomlab, Samarqandga yo‘l olgan bo‘lajak professor mazmunli hayot sarguzashtini boshladi.

Zamondoshlarining aytishicha, ustoz Bo‘ri Salimovich yoshligidan o‘ziga talabchan va intiluvchan shaxs bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin og‘ir ahvolda qolgan oilaning kattasi o‘z oldida turgan mas’uliyatli vazifani yaxshi anglardi.

      Institutni a’lo baho bilan tamomlagan Bo‘ri Salimovich 1959-yilda O‘zVITIning gelmintologiya laboratoriyasida kichik ilmiy xodim sifatida faoliyatini boshlaydi. Uning ilmga shiddat bilan kirib kelishida o‘sha laboratoriyaning mudiri, professor Sh.A.Azimovning hissasi ulkan.

Biroz vaqt o‘tib yosh tadqiqotchining ilmga bo‘lgan ishtiyoqini sezgan professor N.V.Badanin uni aspiranturaga taklif etadi. O‘z davrining veterinariya dahosi olis qishloqdan kelgan yigitchaning ko‘zida buyuk olim bo‘lish uchqunlarini ko‘ra bildi.

Bo‘ri Salimovich 1965-yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti Ilmiy Kengashida «O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘ zonasi sharoitida qo‘ylarning fassiolyoz va dikroseliozining epizootologiyasi va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaydi.

Ustoz hayotining ushbu pog‘onasida tadqiqotlar orqali o‘zbek veterinariyasi maktabiga salmoqli hissa qo‘shish maqsadida ilm fan yo‘lini davom ettirishga qaror qildi.

1965 – 1979-yillarda O‘zbekiston Veterinariya ilmiy tadqiqot institutining umumiy gelmintologiya laboratoriyasiga mudirlik qildi. Ushbu davrda institutda 3 nafar fan doktori va 15 nafar fan nomzodlari tayyorlandi.

Ilk shogirdlari qatoriga Sh.M.Ro‘ziyev, J.Ernazarov, U.Xaydarovlarni kiritish mumkin. Ularning aksariyati keyinchalik fan doktorlari, professorlar bo‘lishdi.

Bo‘ri Salimov yoshlarga ustozlik qilish bilan birga o‘z doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini ham mukammal darajada olib bordi. Natijada, 1975-yilda Moskva shahrida K.I.Skryabin nomidagi Umumittifoq Gelmintologiya institutida «O‘zbekistonda hayvonlarning dikroseliozi bo‘yicha eksperimental tadqiqotlar, kasallikning epizootologiyasi va unga qarshi kurash» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini ajoyib tarzda himoya qildi.

      Olimning salohiyatini pedagogika sohasiga jalb qilish maqsadida Bo‘ri Salimovning hamyurti, rektor Q.X.Xatamov 1979-yilda ustozimizni SamQXIga ishga taklif qildi. «Zoologiya va tabiatni muhofaza qilish», «Hayvonlar kasalliklari va parazitologiya» kafedralarining professori va mudiri sifatidagi faoliyati davrida qator shogirdlarni chiqardi, xalqaro va respublika ilmiy anjumanlarida faol ishtiroq etdi.

Bo‘ri Salimovning respublika ilmiy doiralaridagi obro‘si baland edi.

U kishi 2000 – 2004-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining ixtisoslashgan kengashi ekspert a’zosi, 10 yildan ziyod Institut qoshidagi ixtisoslashgan Kengashining raisi vazifasida faoliyat ko‘rsatdi.

Albatta, ustozning masalaga ob’yektiv va tanqidiy yondashuvi, har tomonlama o‘ylangan ilmiy tavsiya va maslahatlari ushbu lavozimda samarali faoliyat ko‘rsatishga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari u L.M.Isayev nomidagi Samarqand tibbiyot parazitologiya ilmiy tadqiqot instituti va Samarqand davlat universitetining «Tabiiy fanlar» fakulteti olimlari, ayniqsa professor Z.I.Izzatullayev bilan, ko‘p yillar davomida hamkorlikda faoliyat ko‘rsatgan, ushbu oliygohda ko‘plab magistrlar tayyorlagan.

Bo‘ri Salimovning har bir ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni juda chuqur ilmiy tahlil va falsafiy mushohada bilan olib borishi yosh, ilmga chanqoq talabalarda zo‘r qiziqish uyg‘otardi.

Ustoz 1980-yildan boshlab iqtidorli talabalarni ilmiy ishga jalb qilish uchun “Zoologiya” fanidan maxsus laboratoriyani tashkil qildi. Talabalar bilan juda yaqindan olib borgan ilmiy va pedagogik faoliyati natijasida yetishib chiqayotgan mutaxassis kadrlar orasidan ilm-fanga iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni tanlab olishi, ularga ilm sirlarini o‘rgatib borishi kelajakda ilmiy kadrlar tayyorlash uchun muhim asos bo‘ldi. 2012-yilda institutga tashrif buyurgan Sankt-Peterburg harbiy akademiyasi hamda K.A.Timiryazev nomidagi Moskva qishloq xo‘jalik Akademiyasining olimlari bunday boy ilmiy manbani zavq bilan tomosha qilib, ulardan namunalar olib ketishdi.

Ustoz umrlarining oxirigacha ilm bilan shug‘ullandilar. Faoliyatlari davomida 10 dan ziyod fan doktori, 20 ga yaqin fan nomzodi va 40 dan ortiq magistrlarni yetishtirdilar, respublika va xorijiy davlatlarning ilmiy nashrlarda 400 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etdilar. 2 ta o‘quv qo‘llanma, 5 ta o‘quv-uslubiy ish, 4 ta monografiya, 10 dan ortiq tavsiyanoma va mualliflik guvohnomalarini tayyorladilar.

Bularning barchasi ulug‘ insonning ortidan izdosh bo‘lish, ilm mash’alini doimo baland ko‘tarish ishtiyoqidan dalolatdir.

Halol, pok, o‘z kasbiga sadoqatli va ilm-fanga bo‘lgan fidoiy olimlargina o‘zidan shogird qoldiradi, ismini abadiylashtiradi. Ilm fanning asl maqsadi ham shundadir.

Muqaddas kitobning xam aslida-chi 1 Oyati IKRO, ya’ni UKI. Shunday ekan ilm inson hayoti dunyosida birinchi o‘rinda.

Xar ilmdan eshitsang bir so‘z,

O‘rgan uni kechayu kunduz.

Bir shu’lasi dilga tushgan on,

Billursankim ilm bepoyon.

Yana bir mutafakkir esa,

Bilim boyligiga tuymaydi odam,

Kamaymas boshqaga qancha bersa xam.

Bilimdir olamda ganji bebaho,

Kim ilm egasi o‘sha podsho.

Yana bir hikmat sohibi esa

Aqlning daraxti qarilik chunon,

      Daraxti ayonu mevasi pinhon, deb marhamat etishgan.

     Ustozning yaxshi xislatlari va ilm fanga bo‘lgan yondashuvlarini ko‘plab zamondoshlari, hamkasblari va shogirdlari iliq ta’surotlar bilan eslashadi.

    “Xatirchi tumanining chekka qishlog‘ida tug‘ilib voyaga yetgan Bo‘riboy Salimov jahon gelmintologiya fani rivojlanishiga katta hissa qo‘shib, ilmiy kashfiyotlari tan olingan yirik olim sifatida faoliyat ko‘rsatdi, deb ta’kidlaydi yaqin do‘sti Akademik J.A.Azimov.

«Ëshlik davridagi barcha qiyinchiliklarni matonat bilan yengib, o‘z sohasini puxta egallab, el yurtga fidoiy olim sifatida tanilgan, ibratli maktab yaratgan oddiy qishloq yigitiga tasannolar aytsa, u kishining hayot maktabidan yoshlarimiz o‘rnak olsa arziydi», deb eslaydilar SamDVMCHBU professori, veterinariya fanlari doktori Q. N. Norboyev va B.B.Bakirov.                      

«Fanda yetuk tadqiqotchi va mohir pedagog hamkasbim Bo‘ri Salimovning bosib o‘tgan yo‘li, sermazmun hayoti, mehnatsevarligi, insonparvarligi va oliy himmatliligi barcha do‘stlari va shogirdlari uchun maktabdir» deb ta’kidlaydi veterinariya fanlari doktori, professor Hoji X.S.Salimov.

Ustoz Bo‘ri Salimov to‘g‘risida o‘sha davr Rektorlari Diamat Abdukarimov va Toshtemir Ostonakulovlar bilan suhbatlashganimda, ajoyib iliq so‘zlar bilan eslashdi. Ilm fidoiysi, xaqiqiy jiddiy Olim, uz sohasining bilimdoni deyishdi.

Shuningdek, Rahmatli, 16 yil rektorlik qilgan Ruzi aka Hayitov bu ajoyib so‘zlarni nafaqat Bo‘ri Salimov, hamda tog‘olari Rais Abduxoliq Xalimov haqlarida takror takror aytar edilar.

Nazarimda Bo‘ri Salimov, talabalik davri akademik J.K.Saidov va Salim Nosirovich Voxidov rektorlarligi davrida to‘g‘ri keladi.

Ustoz Bo‘ri Salimovni hozirgi oliygohimiz rektori, professor Xudaynazar Beknazarovich Yunusov jiddiy olim va olijanob murabbiy sifatida behad samimiy hurmat qilardi.

Ustoz Bo‘ri Salimov hozirda yoshlarga o‘qishi uchun yaratilgan mukammal sharoit borasida prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevdan o‘ta minnatdor edilar. Yoshlarga prezident yaratgan sharoitni qadrlashlarini da’vat etib juda ko‘p takrorlardilar.

Ustoz Bo‘ri Salimov va akademik Erkin Xamidovich Ergashev shogirdlari fan doktori Tolibjon Taylokov eslab fikrlashicha, 1992-yil Abdusattor Jabborovich Raxmonov nomzodlik dissertatsiya himoyasi paytida, ustoz Bo‘ri Salimov so‘zga chiqib, "Zashita segodnyashney dissertatsii Abdusattora Jabbarovicha stoyat tryox kandidatskix ili odnoy doktorskoy dissertatsii!" deb aytganlar. Bu fikrni professor Ibodullayev Faxtulllo Ibodullayevich ham takrorlab aytgandi, Taylokov Tolibjon stenogramma kassetasi borligini tasdiqladi. «Olimlar Kengashi kotibi dotsent Abdumajid Rayimovich Jabborov yozilgan stenogramma kassetasini ilmga tashna talabalarga ko‘yib berar edi» deb eslaydi Tolibjon Taylokov.

«Bizlarga ilm sirlarini o‘rgatish uchun o‘z eshigini ochgan inson, mening birinchi ustozim professor Bo‘ri Salimovich Salimovdir. Ustoz o‘zining qimmatbaho vaqtini ayamasdan, erinmasdan har bir talaba bilan alohida ishlab, bizlarga tadqiqot o‘tkazish uslublarini, ilmiy maqolalar tayyorlashning ilk sirlarini o‘rgatganlar. Natijada men 2007-yilda «Beruniy» davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldim», deb eslaydi shogirdlaridan biri Jasur Yulchiyev. J.Yulchiyevni eslashicha, TIT (talabalar ilmiy to‘garagida), ustoz Bo‘ri Salimovich 10 ta talabadan kam maqola bermasdilar. Lekin bir to‘garakda dotsent doktorant Abdusattor Jabborovich Raxmonov, 30 ta talabaga maqola berdilar. Shunda ustoz Bo‘ri Salimov, Abdusattor Jabborovichga: «nihoyat menga yetibgina qolmasdan, eh o‘tib ketdingiz», deganlari kechagidek esimda.

Ustozning Kamina hakida bir so‘zlari diqqatga sazovor. Parazitologiya kafedrasi dotsenti Shukurullo Kurbonov aytishicha , o‘tgan ochiq darsini tahlili borasida Ustoz Bo‘ri Salimov Abdusattor Rahmonov o‘tilgan darsning mazmuni, ochib berilishi, yetkazilishi, maqsadga muvofiqligi, dars maqsadi yechim topganligi, pedagog auditoriyani boshqarishiga oid o‘tilgan darsni chuqur mukammal tahlil etardi deb marhamat etgan ekanlar.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilovning eslashicha, ustoz Bo‘ri Salimov unga dars berganlar. Guruh sardori sifatida ustozning darslari mazmuni, mohiyati, ilmiyligi, falsafiyligi B.Norqobilovga chuqur ta’surot qoldirgan. Ana shu tufayli Ustozning fan va amaliyotga qo‘shgan hissalaridan juda mamnun bo‘lgan. Ustoz bilan yaqindan aloqa o‘rnatgan, Ustozning yutuqlaridan faxrlangan Bahrom Norqobilov nazarida Ustoz Bo‘ri Salimov jiddiy olim, olijanob pedagog va ajoyib ibratli, havas etsa arzigulik murabbiy.

 «Ustozim Bo‘ri Salimov juda talabchan, fanga berilgan inson edi. Shogirdlarini shunchaki o‘z holiga tashlab qo‘ymasdi. Boshlagan tadqiqotlari ustida tunu kun fikrlashga undardi. U kishi o‘zlarini ham, yonidagilarini ham tinch qo‘ymasdi va shu bois o‘zidan katta ilmiy meros qoldirdi», deb yozadi so‘nggi shogirdlaridan biri Xojiakbar Otaboyev, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Toshkent viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i.

  Ustoz o‘z turmush o‘rtoqlari bilan ham mazmunli hayot kechirdilar. Ayollari Munavvara Salimova bilan veterinariya ilmining taraqqiyotiga birgalikda hissa qo‘shdilar. 2 nafar o‘g‘illari Furqat, Zafar va qizlari Yulduz ota-onalarining orzularidagi farzandlari bo‘lib yetishdilar.

Bo‘ri Salimovichda hozirgi kunda 12 ta nevara va 14 ta chevaralari bor.

Katta nevaralari Sardor bugun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida faoliyat olib bormoqda. Uzoq yillar mobaynida Parijda, mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasida xizmat qildi.

Katta nevaralaridan yana biri Diyora bobosining izidan borib, ilm-fan sohasida katta natijalarga erishdi. Diyora Ispaniya, Germaniya davlatlarida utkazilgan matematika fani bo‘yicha Xalqaro olimpiadalarning sovrindori. Bugungi kunda u Shveysariyada oilasi bilan istiqomat qiladi. Syurix universitetida “Sun’iy intellekt” mavzusida doktorlik ilmiy darajasini himoya qilib, Germaniyaning Frayburg universitetida matematika fani professori sifatida faoliyat olib bormoqda.

Qiz nevaralari Dilnoza, Komila va Nazokat bugungi kunda san’at, tibbiyot va iqtisodiyot sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishmoqda.

Fan fidoyisi, professor Bo‘ri Salimovning porloq xotirasi shogirdlari va qishloq xo‘jalik xodimlari qalbida hamisha saqlanib qoladi.

 

           A.J.Raxmonov, dotsent, doktorant,

           Oliy Majlis Senati alohida ekologik

    dolzarb masalalar bo‘yicha eksperti.



Report Page