USTOZLAR HURMATI – AJDODLARDAN MEROS

USTOZLAR HURMATI – AJDODLARDAN MEROS


Mustaqillik yillarida yurtimiz barcha sohalarda yuksak yutuqlarga erishdi. Hayotimizga keng ko‘lamli islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar kirib keldi. Bugungi kunda ham mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida islohotlar izchil davom etmoqda. Davlatimiz o‘z oldiga Yangi O‘zbekistonni barpo etish, uchinchi Renessans poydevorini yaratish kabi ulug‘ maqsadlarni qo‘ygan va bu yo‘lda dadil qadam tashlamoqda.


Mustaqilligimizning 34 yilligi tantanalarining shukuhi so‘nmay turib, yana bir ulug‘ ayyom – 1-oktyabr, O‘qituvchi va murabbiylar kuni yurtimizda keng nishonlanmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, xalqimizni buyuk maqsadlar sari yetaklashda ustozlarning o‘rni beqiyosdir.


So‘nggi yillarda Navoiy davlat universiteti ham salmoqli yutuqlarga erishdi. Xususan, universitetimiz jahon reytinglarida o‘z o‘rnini mustahkamlab, xalqaro akkreditatsiya jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Shuningdek, Turkiya Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlash orqali ilm-fan va ta’lim sohasida yangi imkoniyatlar yaratildi. Bu esa talaba-yoshlarimiz hamda professor-o‘qituvchilarimiz uchun zamonaviy bilimlarni egallash va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishda keng yo‘l ochmoqda.


Har biringiz belni mahkam bog’lab, yurt rivoji, millatning porloq kelajagi, baxt-u iqboli uchun tinim bilmay mehnat qilib kelmoqdasiz. Bugun zamonaviy bilimlarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar kamolida sizning beqiyos hissangiz borligini yaxshi bilamiz va bu ulug’ xizmatingizni qadrlaymiz. Yurtimizning keyingi taraqqiyoti aynan ta’lim tizimiga, xususan, oliy ta’lim muassasalari yetishtirayotgan kadrlar sifatiga bog‘liq. So‘nggi yillarda bu borada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi va davom etmoqda. Yangidan yangi OTMlar faoliyat boshladi, ta’lim sifati o‘zgardi, bir vaqtlar o‘qituvchining yo‘qotilgan qadr-qimmati va hurmati tiklandi, har jabhada ta’limga va ta’limning yuragi bo‘lgan siz azizlarga yangi imkoniyatlar va imtiyozlar eshigi ochilmoqda. Sizdan talab qilinadigani faqat zimmangizdagi burchni sharaf bilan o‘tash va “USTOZ” atalmish tabarruk nomga munosib bo‘lishdir. 


Fursatdan foydalanib, qadrli ustozlar, aziz hamkasblar, sizlarni kasb bayrami bilan chin qalbimdan samimiy qutlayman. Kelgusi faoliyatingizda zafarlar yor bo‘lsin!


Hurmat bilan,

Muxiddin KALONOV

Navoiy davlat universiteti rektori




Report Page