USTOZ QANDAY SIFATLARGA EGA BO‘LISHI LOZIM?

USTOZ QANDAY SIFATLARGA EGA BO‘LISHI LOZIM?

Noilaxon AHADOVA tayyorladi.
Manba: "Zamonaviy ustoz" gazetasi

Biz o‘qituvchi haqida ko‘p gapiramiz, turli fikrlar aytamiz, talablar qo‘yamiz. Xo‘sh, aslida ustoz qanday bo‘lmog‘i lozim, bu haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Buni qarangki, buyuk allomalarimiz, tarixiy shaxslar ham bu masalaga alohida to‘xtalib, o‘z fikrlarini bayon qilishgan. Quyida ayrim fikrlarni keltiramiz.

Manba: "Zamonaviy ustoz" gazetasi

Afsonalarga ko‘ra, mashhur sarkarda Iskandar (Aleksandr Makedonskiy) Rumiydan “Nechun Arastuni (Aristotel) otangizdan ortiq izzat qilasiz?” – deb so‘radilar. Rumiy javob berdi: “Otam go‘yoki meni osmondan yerga tushirdi. Ammo ustozim Arastu meni yerdan osmonga ko‘tardi. Ya'ni, otam dunyoga kelmog‘imga sabab bo‘ldi. Ustozim esa ilm-u odob o‘rgatib, martaba va izzatimning ortmog‘iga sabab bo‘ldi”.

Abu Ali ibn Sinoning fikricha “...O‘qituvchi matonatli, sof vijdonli, rostgo‘y va bola tarbiyalash uslublarini, axloq qoidalarini yaxshi biladigan bo‘lmog‘i lozim. O‘qituvchi o‘quvchining butun ichki va tashqi dunyosini o‘rganib, uning aql qatlamlariga kira olmog‘i lozim”. Abu Ali ibn Sino mulohazasiga ko‘ra, tarbiyachi dastlab bolalarni yaxshi ko‘rishi, hurmat qilishi, ular bilan xushmuomala bo‘lishi shart. Agar bola ishni yaxshi bajarsa, uni o‘z vaqtida rag‘batlantirish, gohida maqtab qo‘yish, aksincha bo‘lganda esa, unga tanbeh berish kerak. Lekin tanbeh izzat-nafsga tegadigan bo‘lmasligi lozim, o‘quvchiga murosasizlik qilish esa bolaning o‘zboshimcha bo‘lib qolishiga olib boradi.

Nasriddin Tusiy o‘zining “O‘qituvchilarni tarbiyalash to‘g‘risida” nomli asarida shunday deydi: “O‘qituvchi munozaralar olib borishi, rad etib bo‘lmaydigan darajada isbot qilishni bilishi, o‘z fikrlarining to‘g‘riligiga ishonishi, nutqi esa mutlaqo toza, jumlalari mantiqiy ifodalanadigan bo‘lishi lozim”. O‘qituvchi nutqi hech qachon va hech qayerda zaharxandali, qo‘pol va qattiq bo‘lishi mumkin emas. Dars paytida o‘qituvchi o‘zini tuta olmasligi o‘ziga pand berishi mumkin.

Yetuk mutafakkir Abdurahmon Jomiy o‘z asarlarida bola dunyoqarashining kamol topishida maktab va muallimning roliga katta baho beradi. Uning fikriga ko‘ra, muallim aqlli, adolatli, o‘zida barcha yuksak fazilatlarni mujassamlashtirgan bo‘lishi kerak. O‘zini nomunosib tutgan odam hech vaqt bolalarga bilim bera olmaydi. “Ustoz, muallimsiz qolganda zamon, nodonlikdan qora bo‘lurdi jahon”, – deb xitob qiladi u “Iskandar Xirodnamasi” asarida.

O‘zbek adabiyotining dahosi Alisher Navoiy o‘z asarlarida o‘qituvchilik qobiliyati va uning obro‘si, odobi yuzasidan mulohazalar yuritgan. Alloma ijodiy yondashuvsiz hech bir faoliyatni tasavvur qila olmaydi. Ana shu boisdan uning asarlarida odob, axloq, ziyraklik, irodaviy kuch, poklik, samimiylik xislatlari asosiy o‘rinni egallaydi. O‘qituvchining har jihatdan ibrat va namunaga ega bo‘lishi ta’lim va tarbiya garovi ekanligini ta’kidlaydi. O‘qituvchining kasb mahoratini tarbiyalashning mohiyati to‘g‘risidagi mulohazalar “Qobusnoma”, “Xotomnoma”, “Qutadg‘u bilig” kabi buyuk asarlarda ham bayon etib berilgan.


Report Page