USTOZ O‘GITLARIN SOG‘INIB

USTOZ O‘GITLARIN SOG‘INIB


 

Dunyoda shunday insonlar borki, ular hali tiriklik chog‘idayoq o‘zlarining ikkinchi umrini va bu umrda boqiy yashashiga zamin yaratishadi. Bunday insonlar o‘z mehnati orqali avlodlar, muhlislaru shogirdlar qalbida mangu yashashadi. Ular ijod ahli vakillaridir.

Shoir G‘ulom Shomurodni har gal yodga olar ekanman, ustozning vazmin siymosi, muloyim tabiati, nekbin, kamtarin, saxovatpeshaligi, katta-yu kichikka birdek go‘zal muomalasi ko‘z oldimda gavdalanveradi. Ustozdan o‘rganganlarim, to‘g‘rirog‘i, chin insoniylik hadisini olganim, hayotda faqat va faqat rostgo‘ylik, halollikka rioya qilishim zarurligi, turmushning o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqlarida o‘tmish bilan emas, doimo porloq kelajakka intilishimda qo‘l kelmoqda.

Qalbning naqadar nozik hislarini o‘z she’rlarida gavdalantirgan ustoz har gal yangi ijod namunasi bilan tahririyatga tashrif buyurarkan, eng avvalo oilam xotirjamligi, farzandim, ota-onamga saodatmand farzand bo‘lishimni tilab duo qilardi.

U kishi sohir ovozda «Birinchi tinglovchim yangangiz bo‘ldi, bu she’rni yaqinda yozdim, oq qog‘ozga «pechatlash» asnosida bir o‘qingda keyin fikringizni aytasiz, axir siz ham ijodkor-ku, qizim», derdi. Ba’zan ustozning bu kamtarligidan ko‘zlarimga yosh kelardi. Chinakam ijodkor sofdil, samimiy inson bo‘lar ekan.

Men nabirasi tengi qizga ishonch bildirib, o‘z she’rlari to‘g‘risidagi fikrim bilan qiziqardi. — Ustoz, axir sizning she’rlarizga fikr bildirishga hali juda yoshman, — derdim iymanib. Ustozning eng go‘zal fazilati shu ediki, hammani adabiyot maydoniga chorlardi. Ko‘proq mutolaaga undardi. Biroq, ayrim «yulduz ijodkor»lar kabi o‘z hayotiy tajribalarini, ijodini ko‘z-ko‘z qilishni yoqtirmasdi.

Men yosh ijodkor sifatida ustoz G‘ulom Shomuroddan haqiqiy insoniylik ilmi, ijod maydonida qanday tikanu, qanaqa gullar borligini uqqan shogird ekanimdan faxrlanaman.

Ayrim havolangan shoiru yozuvchilarni ko‘rganda ustozning o‘gitlari takror-takror yodimga tushaveradi. O‘z vaqtida bu ulug‘ ijodkorning samimiy suhbatidan bahramand bo‘lganimdan qalbim bir olam iftixorga, farahga to‘ladi, hamisha.

 

Gavhar FOZILOVA




Report Page