USTOZ - CHARXPALAK, SHOGIRD – SUV!

USTOZ - CHARXPALAK, SHOGIRD – SUV!

"TIQXMMI" MTU BTRBI

Farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yosh avlodni barkamol insonlar etib kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Xalqimizning ustoz otangdek ulug’, degan purhikmat naqlida ham o’qituvchi va murabbiylarga bo’lgan samimiy ehtirom namoyon. Ustoz deganda, har qaysi inson ko’nglida chuqur hurmat - ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg’ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o’lchab va ado qilib bo’lmaydigan qarzdorlik xissi paydo bo’ladi. Ustozlarimiz o’giti, keksalarimiz pand-nasihatlariga amal qilib borsak, aslo kam bo’lmaymiz. Bu bilan ustoz va murabbiylarimiz oldidagi ilk burchimizni ado etgan bo’lamiz. Inson, avvalo, unga bilim va marifat dunyosi sari yo’l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo’lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko’nglida hamisha minnatdorlik tuyg’usi bilan yashaydi.

Ilm bebaho boylik, uni egallash oson ish emas. Ulamolar ilm olishni igna bilan quduq qazishga o’xshatishgan. Inson shunday bebaho xazinaning sohibi bo’lishida ustozning o’rni beqiyos.

Istiqlol egalari bo’lmish yosh avlodni bilimli, savodxon, ma’naviy barkamol va jismonan sog’lom qilib voyaga yetkazishda o’qituvchi-murabbiylarning hissasi benihoya kattadir. Ular berayotgan puxta bilim va ibratli tarbiya katta hayot ostonasida turgan o’g’il-qizlarning vatanparvar hamda hayotda chin inson bo’lishlari, Vatanimizga, xalqimizga fidoyi va halol xizmat qiladigan insonlar bo’lib yetishishiga zamin bo’lib xizmat qiladi. Muhtaram ustozlarimizga o’z hurmatimiz va e’tiborimizni 1997 yildan beri respublikamizda keng nishonlanib kelayotgan 1 oktyabr – Ustozlar va murabbiylar kuni yana bir bor izhor qilishimiz mumkin.

O’qituvchi – mas’uliyatli va mashaqqatli kasb, og’ir va davomli mehnatni, sabr-toqatni talab qiladigan savobli ish. Insoniyat kamoloti uchun bugun bilimi, iqtidori va hayotini baxsh etgan ustozlarning xizmatlarini hamma zamonlarda ham kishilar hurmatlab, o’zlarini esa e’zozlab kelishgan.

Ustoz o’zidan keyin har bir insonning hayotida sezilmas, ammo juda muhim iz qoldiradi. Shu birgina so’z zamirida olam-olam ma’no va hurmat mujassam. Mashhur insonlarning aynan yuqori cho’qqilarga erishishlari ham ustozlarning beqiyos zahmatidir. Mazkur kasb azal-azaldan jamiyat uchun eng muhim hamda kerakli qadimiy kasb hisoblanadi.Vladimir Dal o’zining izohli lug’atida yozadi: “Bilim xohish istakni talab etadi”. Avvalambor, o’qituvchi o’z kasbini sevishi, o’quvchilarning har biriga mehr qo’yishi, bor bilimu korlarini hech qizg’anmay bolalarga o’rgatishi kerak. Kasbga muhabbat birinchi o’rinda turishi lozim. Shundagina o’qituvchi degan oliy maqomga ega bo’ladi.

Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug’” - degan hikmat bejiz aytilmaydi. O’tgan ulug’larimiz, ota-bobolarimiz ustoz va muallimlarning haqqini yaxshi bilganlar, ularning qadri nechog’li baland ekanini teran anglaganlar va shunga ko’ra muomala qilganlar. Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlari rivoyat qilinadi: «Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog’imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko’cha bor edi. Hammod vafot etgandan so’ng qachon namoz o’qisam har safar albatta ota-onamga qo’shib, unga ham Allohdan mag’firat so’raganman. Nafaqat u ustozim, balki kimdan nimadir o’rgangan bo’lsam yoki kimdir menga nimadir o’rgatgan bo’lsa, albatta, o’sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag’firat so’rayman».

Oʻtkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ida ustozni charxpalakka, shogirdni esa suvga oʻxshatadi. Charxpalak oʻzining parraklari orqali suvni yuqoriga koʻtaradi. Yuqoriga chiqib olgan suv ortga qaytmaydi. Charxpalak esa bundan ranjimaydi, yana boshqa suvni yuqoriga koʻtaraveradi.

 

J.O’.Ro’ziqulov

“TIQXMMI” MTU Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti Gidromelioratsiya ishlarining texnika va texnologiyalari kafedrasi o’qituvchisi, “Ma’rifat” targ’ibotchilari jamiyati a’zosi



Report Page