“USMON MUS’HAFI” MATNINI TADQIQ QILISH MUHOKAMA QILINDI

“USMON MUS’HAFI” MATNINI TADQIQ QILISH MUHOKAMA QILINDI

@AlQuranuz


Bugun 10.07.2025 sanada Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida “Qurʼon va tajvidni oʻrgatish” boʻlimi xodimlari Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasida boʻldilar. Kutubxonada turli mavzulardagi qoʻlyozma asarlar bilan bir qatorda Qurʼoni Karim qoʻlyozma nusxalarining nodir namunalari ham saqlanmoqda. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon Musʼhafi hisoblanadi. Qurʼoni Karimning ushbu noyob va qadimiy qoʻlyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy eʼtiborida boʻlib kelgan.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2023-yil 22-dekabr kuni oʻtkazilgan Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yetti yillik dastur qabul qilinishi eʼlon qilindi. Ushbu yigʻilish davomida berilgan topshiriqlar boʻyicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qurʼoni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini taʼminlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi qoʻllab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qoʻlyozmalar ustaxonasi va arxiv boʻlimi mudiri Nil Baydar Usmon musʼhafini bosqichma-bosqich taʼmirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish boʻyicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, “yengil restavratsiya ishlari”ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qurʼoni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish boʻyicha yoʻnalishlar belgilab olindi.

Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida bugun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasida Hazrati Usmon Musʼhafi matnini kodikologik tadqiq qilish boʻyicha muhim yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda “Qurʼon va tajvidni oʻrgatish” boʻlimi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida boʻlim xodimlari ishtirok etdilar. Yigʻilishda “Moʻyi muborak” madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Musʼhafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida soʻz yuritilib, uni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qurʼoni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905-yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish boʻyicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.

Report Page