USMLE Step 1: Mening hikoyam
Assalomu alaykum!
Avvalambor, meni to`g`ri tushunib, doim qo`llab-quvvatlab turgan ota-onamga, shu yo`lni tanlashimga turtki bo`lgan va yetarli axborot bilan ta`minlagan Farxod akaga, motivatsiya berib turgan Medcloud jamoasiga, eng murakkab section lardan biri bo`lgan Neuroanatomy ni qiyinchiliksiz o`rganishimga sababchi bo`lgan ToshPTI “Nevrologiya, bolalar nevrologiyasi va genetika” kafedrasidagi ustozlarimga, First Aid da yozilgan ko`pchilik kasalliklarni real klinik amaliyotda ko`rishimga va oson o`zlashtirishimga yordam bergan “Bolalar Milliy Tibbiyot Markazi” jamoasiga, xususan, Neyromarkazdagi ustozlarimga va, shuningdek, tayyorgarlik davrida va hujjat bilan ishlashda maslahatini qizg`onmagan Nazokat, Jamshid, Akram, Nuriddin, Islom, Iskandar va Muhammadnazarlarga katta minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
Tayyorgarlikga “tayyorgarlik” davri
O`ylab ko`rsam butun bakalavrlik davrim USMLE imtihonlariga tayyorlanishga yo`naltirib borilgandek ko`rinadi. Men SamMI ni 2013-2019 yillarda bakalavrni o`qib tugatganman. Aynan biz institutga kirgan yili SamMI da yangi “moodle” tizimi joriy qilingan va bu tizim aslida USMLE ning ma`lum bir MDH davlatlaridagi prototipi hisoblanadi. 1-6 kurslarda har bitta tibbiy fandan test topshirganmiz va savollar, ayniqsa, holatiy masalalar UWorld dagi keyslarga o`xshardi (menimcha, ular UWorld ning eski versiyalaridan tarjima qilingan bo`lsa kerak). Shuningdek, biz 3 va 5 kurs oxirida 200 ta savoldan iborat Step 1 va 2 (Шаг 1 va Шаг 2) larni ham topshirganmiz, balli sertifikat ham berilgan)). Shunga qaramay, hech qachon institutdagi ta`lim va resurslardan ko`nglim to`lmagan va doim qachondir tibbiy nazariyani dunyo standartida o`rganib chiqish niyatim bo`lgan. Shu sababli, avval, ingliz tilini o`rgandim. 5-kursdan boshlab YouTube da inglizcha videodarslikar ko`ra boshladim. YouTube da Dr.Najeeb, Osmosis, Kaplan kabi inglizcha darslar to`plamiga duch keldim va qiziqgan mavzularni shu darslardan o`rganib yurdim (keyin bilsam bu darslar Step 1 uchun ekan). IELTS olganimdan so`ng (6-kurs oxiri) chet elda o`qish imkoniyatlarini qidira boshladim va Bek Olimjonning AQSh da qanday qilib vrach bo`lish haqidagi videoroligini ko`rdim. Lekin bu yo`l menga qiyin va uzoqdek tuyuldi va unga jiddiy e`tibor bermadim. Shundan bir oz vaqt o`tib YouTube da tasodifan rus old graduate vrachining qanday qilib rezidenturaga kirganligi haqidagi videosini ko`rib qoldim va agar harakat qilsa bu ishni bajarish mumkinligini tushunib yetdim. Shunday bo`lsada, menda to`liq axborot yo`q edi, shu sababli, balki tayyorgarlikni boshlamadim. 2019-yil sentabrda ToshPTI ga magistraturaga kirdim. Noyabr oylari Toshkentda USMLE ga tayyorlaydigan markaz borligini eshitib qoldim va unga qiziqishim yana paydo bo`ldi. Medcloud botdan to`liq axborot olganimdan so`ng, Step 1 ga tayyorlanishga qaror qildim va kursga yozildim.
Medcloud
Darslar boshlanishidan oldin Farxod aka suhbat o`tkazib, Step 1 ancha jiddiy imtihonligi, tayyorgarlik davri uzoq va qiyin bo`lishi, agar imtihondan o`tmoqchi bo`lsak intizomli bo`lib, kundalik hayotda o`rgangan ko`p odatlarimizdan voz kechishimiz haqida (va boshq.) tushuntirib o`tdilar. Bu narsalarni aynan darsdan oldin tushuntirib o`tishni to`g`ri usul deb hisobladim, chunki ingliz tilini o`rganish va IELTS ga tayyorgarlik davrida ko`pchilik tanishlarimning kurslarni yarim yo`lda tashlab ketganlarini ko`p guvohi bo`lganman va bunday suhbatlar kursda ma`lum darajada intizomsizliklarni oldini olar edi.
Medcloudda muhit ajoyib edi. Hamma qiziqib o`qirdi, bunaqa muhitni na maktab, na kollej va institutda ko`rganman)). Farxod aka tomonidan tayyorlangan darslar ham sifatli va sodda bo`lib, faqat kerakli ma`lumotlardan iborat edi. Shu tarzda karantingacha Embryology, Gross Anatomy va qisman Neurology ni tugatdik. Bu paytda foydalanilgan resurslar faqat Medcloud darslari, slaydlari va Rx testi bo`ldi.

Karantin
Karantin davri men uchun bir omad bo`ldi desam ham bo`ladi. Chunki shu tufayli menda “full time” o`qishga vaqt bo`ldi va Step 1 ning asosiy qismini tugatib oldim (Iyuldan boshlab mustaqil tayyorlanishga o`tdim). 7 oy davomida kuniga 6-7 soatdan o`qidim. First Aid ni bir martaga yuzaki tugatib chiqdim (keys ishlashda osonroq bo`lishi uchun). Bunda har bitta sistemani tugatganimda, ortidan keys yechib ketaverdim. Masalan, Micro, Cardio ni tugatsam shu ikkalasiga oid keyslarni yechdim. Keyin, Renal tugatsam keyslar shu uchchala sistemadan bo`lardi (kuniga 20-25 atrofi keys). Demak, bu davrda bir kunlik rejim quyidagicha edi: o`rtacha 20-25 ta keys + bitta discipline dan video darslar ko`rish (keyinchalik Sketchy Pharm qo`shildi). Shu tarzda “bir krug” ni tugatdim. Ammo, yuqorida aytganimdek bu ish yuzakiroq bo`ldi, ya`ni tushunadigan narsalarni o`rganib chiqdim, yodlanadigan ma`lumotlarga unchalik e`tibor bermadim. Asosiy maqsadim Qbank lardan keys ko`proq yechib, avval “high yield” ma`lumotlarni o`zlashtirib olish edi.
Foydalanilgan resurslar: Sketchy Micro, Sketchy Pharm, Dr Najeeb, B&B, Qbank lar – Kaplan, Lecturio, UWorld 2016 (barchasi offline variantda va to`liq emas).
2020 –yil, Oktabr. O`qish boshlandi
Bu davrdan boshlab tayyorgarlik biroz susaydi, chalg`ishlar ko`p bo`ldi. Chunki vaqtimni magistraturadagi o`qish va amaliyot bilan bo`lishishga to`g`ri keldi. Shunday bo`lsa ham sistemalardan kamchiliklarimni yopishga va kuniga 20-25 ta case yechishga urindim. Lekin o`rtada tanaffuslar ko`p bo`ldi.
Foydalanilgan resurslar: B&B, You Tube. Qbank – UWorld 2016 (offline).
Bolalar Milliy Tibbiyot Markazi – 2021-yil yanvardan hozirgi paytgacha
Karantin birinchi omadim bo`lsa, bu klinikaga kelish ikkinchisi bo`ldi. BMTM KOICA bilan hamkorlikda qurilgan bo`lib, hozirda O`zbekistondagi eng zamonaviy shifoxonadir. 2021-yildan to`liq ish boshlagan. Yanvar oyidan amaliyot o`tay boshladim. Shu amaliyotim davomida tibbiy nazariyaning qanchalik kerakliligini tushunib yetdim va tayyorgarlik davomida o`rgangan ma`lumotlarim juda ham foyda berdi, tog`ridan-to`g`ri amaliyotda qo`lladim. First Aid da yozilgan ko`p kasalliklar bilan bemorlarni real hayotda ko`rdim va ushbu topiklarni boshqa takrorlab yurishga xojat qolmadi, masalan, Adrenoleukodystrophy, Osteogenesis imperfecta, MELAS, Rett syndrome, Fragile X syndrome, Williams syndrome, Homocystinuria, Tay-Sachs disease, Hurler syndrome, Tuberosis Sclerosis, Sturge-Weber syndrome, Guillain-Barré syndrome, Anti-NMDA receptor encephalitis, vancomycin dagi Red man syndrome kabilar shular jumlasidan. Shuningdek, markazning chet eldagi hospital larga o`xshash qurilish uslubi, ustozlarimning ingliz tilidagi ma`lumotlar bilan ishlashi, bilganlarini qizg`onmay o`rgatishi va kasallar bilan shug`ullanishga imkon berishi o`zimni xuddi rezidentlardek his etishga imkon berdi. Bu holat esa menga doim Step 1 ni o`qish va haqiqiy residency ga harakat qilishga motivatsiya berib turdi. Bu davrda amaliyotdan tashqari, kuniga o`rtacha 4-5 soat tayyorlandim.
Asosiy resurslar: B&B va YouTube. Qbank: UWorld 2016 (offline), random UWorld 2020 offline variant (may-avgust, 2021-yil).

Sentabr oyidan registratsiyani boshladim va permit dekabr oyining oxirida keldi. Permitgacha UWorld 2021, bir nechta NBME va qisman Amboss dagi keyslarni yechdim (barchasi offline) va B&B dan kamchiliklarimni yopishga harakat qildim. Imtihon kuni aniq bo`lgandan so`ng, 2022-yil yanvardan boshlab “full time” tayyorlanishga kirishdim. Bu paytda, asosan, yodlanadigan ma`lumotlarga e`tiborimni qaratdim, Sketchy va high yield pictures larni eslab qolishni mashq qildim (fotografik xotira), boshqa bir qancha kasalliklar va yodlanadigan narsalarni “xotira saroyi” (memory palace) texnikasidan foydalanib eslab qolishga harakat qildim. Qbank lardan offline UWorld 2021, NBME 27, 28, 29 va online Rx, Amboss, NBME 30 va free 120 larni yechdim. Kuniga o`rtacha 50-60 ta keys to`g`ri keldi.
Imtihon
Imtihondan kuni ertalab soat 5.00 da uyg`ondim, prometrikka 7.10 da yetib bordim va test ishlashni 7.30 lardan boshladim. Bu paytda menda umuman hayajon yo`q edi. Bu jarayonni har kungi bajarib yurgan ishimdek qabul qildim.
Haqiqiy testni Qbank lardan biroz osonroq va yechishga qulayroq bo`lishini tahmin qilgandim. Lekin 1-, 2- va 3-bloklardagi savollar biroz murakkabroqdek tuyuldi. Biroz asabiylashdim. To`rtinchi blokdan boshlab vaziyat butunlay o`zgardi, keyslar osonlashdi va bu narsa o`zimga ishonchimni oshirdi. Bu blokdan keyin tanaffus oldim. Prometrikni biroz aylandim va tushlik qilish o`rniga suv ichib oldim (bu paytda menda ochlik hissi yo`q edi). Bu narsalar 15 daqiqacha vaqtimni oldi va qaytib kelib, yana test ishlashni boshladim. 5-6-7-bloklardagi keyslar ham 4-blokdagi kabi edi. To`g`ri ba`zan bir-ikkita “tricky”, assabbuzar keyslar ham chiqib qolardi. Lekin ularga kamroq e`tibor berishga harakat qildim. Imtihondagi savollar tuzilishi UWorld va biroz Amboss dagi keyslarga o`xshash edi. Shuningdek, 7-8 ta aynan NBME lardagi savollar ham keldi. Bloklarni ishlashda vaqtdan muammo bo`lmadi, balki 10-12 daqiqa ortib qoldi va bu vaqtni belgilab ketgan qiyinroq keyslarni qaytadan ko`rib chiqishga sarfladim.
…Va nihoyat test tugadi. Bu paytga kelib menda yana 45 daqiqa vaqt ortib qolgandi (tushlik hisobiga bo`lsa kerak). O`zimni juda yengil his qildim. Imtihondan o`tganimga ishonchim komil edi. Prometric dan chiqib, shaharni aylanishga ketdim ;).

Demak…
Background: bakalavr darajasi, ingliz tili – IELTS 7.0;
Sarflangan vaqt: 2019-yil dekabr – 2022-yil yanvar (orada ikki oylik tanaffusni hisobga olsak to`liq 2 yil);
Foydalanilgan manbalar: kitob – FA 2020-21 (3 marta to`liq takrorlangan), qisman Microbiology made ridiculously simple; video – Medcloud darslari (Embryology, Gross anatomy, Neuroanatomy), B&B, Sketchy Micro and Pharm, Dr Najeeb (physiology), qisman DIT, PIXORISE, YouTube, Goljan Pathology lectures va Step 1 podcasts;
Qbank: offline – qisman Kaplan, Lecturio, UWorld 2016 (random UWorld 2020 dan oldin, keyin ishlamadim), random UWorld 2020 (result 60-65%), UWorld 2021 va Amboss (tugatilmagan); online – Rx va Amboss (1000 ta case atrofi);
Self assessment: offline NBME lar (16, 17, 18, 27, 28, 29) – 220 atrofi; online – NBME 30 (imtihondan 40 kun oldin) – 215, Free 120 (20 kun oldin) – 70 %, Amboss self-assessment (10 kun oldin) – 231;
Takrorlash: Anki - ba`zi-ba`zida o`zim yaratgan kartochkalarni takrorlab turdim; umuman olganda takrorlash o`rniga random tarzda keyslar yechdim va tez esdan chiqadigan ma`lumotlarni FA dan o`qib turdim. Imtihonga yaqin fotografik xotira va memory palace lardan foydalandim.
Foydalanilmadi: Pathoma, Anking, Kaplan Lecture Notes, Anatomy Shelf Notes, UWSA 1 va 2;
Kamchilik va xatolar: Aniq harakatlanish rejasi bo`lmaganligi, ba`zan tanaffuslar va chalg`ishlar, birorta Qbank to`liq online ishlab chiqilmaganligi (afsuski UWorld ham), dedicated period deyarli bo`lmaganligi, haqiqiy imtihonga o`xshash “mock” test (280 ta keys) yechilmadi;
Yordam berdi: Karantin va BMTM dagi amaliyot;
Burn out periods: Vaqti-vaqti “burn-out period” lar ham bo`lib turdi (oyiga 1-2 marta, 1-2 kun). Bunday vaziyatlarda imkoni boricha boshqa narsalar bilan chalg`ishga urindim, masalan, “Peaky Blinders”, “Money Heist”, “Sheryurak” (koreys seriali), “Squid Game” ni ko`rib chiqdim, kitoblardan “Boshsiz chavandoz”, “Shtirlitz”, “Faringeyt bo`yicha 451 daraja”, “Buyuk Getsbi” kabi asarlarni o`qib tugatdim ;).

Xulosa
· Step 1 tayyorgarlik uzoq vaqtni oladigan va o`ziga yarasha qiyin imtihon. Lekin intizom bilan, to`g`ri yo`lda shug`ullanib borilsa nafaqat o`tish, balki yuqori ballarda topshirish mumkinligini bir nechta hamyurtlarimiz isbotlashdi. Demak, sizdan talab qilinadigani intizom va iloji boricha har kuni, nima bo`lmasin to`xtatmasdan shug`ullanib borish.
· Imtihonga tayyorgarlikni klinik amaliyot bilan birga olib borishimga to`g`ri kelganligi tufayli, USMLE dagi ma`lumotlarning tibbiyotda qanchalik ahamiyatga egaligini tushunib yetdim. Professional vrach bo`lmoqchimisiz, marhamat, ingliz tilini o`rganing va USMLE ga tayyorlaning! Go!
Sardor Anorboev, 06.03.2022