UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshon Xon va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshon Xon va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

MoliyaPress

Joriy yilning 20 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida UNICEF xalqaro tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshon Xonning O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishida, shuningdek, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Munir Mammadzade, uning o‘rinbosari janob Geoffrey Ijumba, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ijtimoiy himoya bo‘limi boshlig‘i Tinatin Baum xonim va boshqalar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Abdulaziz Xaydarov, uning o‘rinbosari Nuriddin Shodixo‘jayev va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Aholini ijtimoiy himoya qilish va davlat ijtimoiy xizmatlari tarmoqlarida budjet siyosati departamenti direktori vazifasini bajaruvchi Rafael Klivleev qatnashdi.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida respublikada amalga oshilirlgan muhim islohotlar va erishilgan natijalar, jumladan, UNICEF tashkilotining bevosita ko‘magida yaratilgan hamda respublika hududi bo‘ylab joriy etilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi muhokama qilindi.

UNICEF vakillari mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi, birinchi navbatda, bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning muhimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan nogironlar, yetim bolalarni ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, bolali oilalarga beriladigan ijtimoiy nafaqalar bo‘yicha islohotlarga doir qarorlariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Afshon Xon xonim xalqaro tashkilotlar, jumladan, UNIСEF bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy himoya sohasidagi Milliy strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ijobiy baho berdi. O‘z o‘rnida UNICEFning kelgusida ham ushbu strategiyani amalga oshirish, natijalarini baholash va O‘zbekiston Respublikasida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni tayyorlashda yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib o‘tdi.

UNICEF vakillari kambag‘allikni ko‘p qirrali baholashni o‘tkazishga, jumladan, respublikada bolalar kambag‘alligini baholashga hamda tahlillar ma’lumotlariga asoslanib, kambag‘allik, jumladan, bolalar kambag‘alligini qisqartirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishda hamkorlikga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Uchrashuv yakunda UNICEF va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qo‘shma faoliyati doirasida erishilgan natijalar ta’kidlanib, bu boradagi yaqin hamkorlikni davom ettirish istiqbollari kelishib olindi.


Moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page