Tuyaqush boqib boy bòla olaman(mi?)

Tuyaqush boqib boy bòla olaman(mi?)

Muborak_uz

Tuyaqushchilik - biznesmi yoki moliyaviy piramida?



Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar, radio va hatto televideniye orqali tuyaqushchilik bilan shug‘ullanish katta daromad keltirishi haqidagi reklama va e'lonlar berilishiga bot-bot ko‘zimiz tushmoqda.

Tuyaqush biznesi bilan shug‘ullanayotgan qator tijorat tashkilotlari (maqolamizda shartli ravishda «Tadbirkor» deb yuritamiz) eshitganda odam bolasini shoshirib qo‘yadigan takliflarini o‘rtaga tashlashmoqda.

Bu qanday biznes?


Xabaringiz bo‘lsa kerak, shunday tashkilotlarning ayrimlari Janubiy Afrika Respublikasidan keltirilgan bir hafta yoki o‘n kunlik tuyaqush jo‘jalarining bir donasini o‘rtacha 2 mln so‘mdan bo‘lgan narxda taklif qilmoqda.

Taklifga ko‘ra, xaridor shunday jo‘jalardan Toshkent shahri va viloyatida kamida 10ta, boshqa hududlarda 3-5tagachasini yuqorida aytilgan narxda sotib olishi, shuningdek har bir jo‘ja uchun 2 mln 200 ming so‘mlik maxsus yem ham sotib olishi, keyin bir yil davomida boqib katta qilishi talab etiladi. Kelishuv bo‘yicha 1 yoshga to‘lgan tuyaqush «Tadbirkor»ning o‘zi tomonidan yetishtiruvchidan 10 mln so‘mga sotib olinadi.

Tadbirkorlar Janubiy Afrika davlatidan cheklanmagan miqdorda tuyaqush jo‘jalarini olib kelib berishni va 12 oylik bo‘lgan tuyaqushni 3-4 barobar qimmatiga qayta sotib olishni va'da qilmoqda.

Darhaqiqat, internet ma'lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, tuyaqush yetishtirish o‘z istiqboliga ega bo‘lgan biznesligini ko‘rishimiz mumkin. Chunki, uning deyarli barcha a'zolari, jumladan go‘shti, yog‘i, tuxumi, terisi, pati, hattoki tirnoq va kipriklarini ham pullash mumkin. Buning uchun, ishlab chiqarishni to‘liq ta'minlash mumkin bo‘lgan quvvatdagi, ya'ni jo‘ja holidan to yuqoridagi mahsulotlarni olishgacha bo‘lgan jarayonlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lgan ferma bo‘lishi kerak. Malakali mutaxassislarni, talabga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlarni tayyorlash, olingan mahsulotlarni qayta tayyorlash sexlari va iste'molchilarga (xaridor) yetkazib berish bo‘yicha xizmatlari bo‘lishi talab etiladi. Qoidaga ko‘ra, eksportga ixtisoslashgan korxona o‘z ixtiyorida sifatni tekshirish va nazorat qilish laboratoriyasiga ega bo‘lmog‘i lozim.

Biroq hozirda aholiga keng ko‘lamda tuyaqush jo‘jalarini yetkazib berayotgan (yetkazib berishni va'da qilayotgan) korxonalarning birortasi o‘z chiqishlarida shunday quvvatga ega bo‘lgan korxonalarga egaligi haqida ma'lumotlar bermagan.

Haqiqatdan uzoqdagi narxlar va va'dalar

Tuyaqush biznesi O‘zbekistonda yangilik emas, bu sohada katta tajribaga ega bo‘lgan maxsus fermer xo‘jaliklari ham mavjud. Tuyaqushchilik bilan shug‘ullanuvchi shunday toifadagi biznes vakillarining ma'lum qilishicha, odatda jo‘jalar sohaga endigina kirib kelgan va yetarli tajribaga ega bo‘lmagan shaxslar qaramog‘ida boqilganda 12 oylik bo‘lguniga qadar qariyb yarmidan ko‘p qismi nobud bo‘ladi. Rishtonda katta tuyaqushchilik fermasi tashkil qilgan tadbirkor Shaxboz Erkabayevning Spot nashriga bergan intervyusida, tuyaqush yetishtirish bilan bog‘liq o‘ziga xos qiyinchiliklar haqida so‘zlay turib, dastlab olib kelingan tuyaqushlarning 60 foizi nobud bo‘lganini ta'kidlaydi. Endi o‘zingiz o‘ylang, katta mablag‘lar evaziga maxsus tashkil etilgan fermada ko‘plab mutaxassislarni jalb qilgan tadbirkor mana shunday muammolarga duch kelgan bo‘lsa, unda bu sohada biror tajriba tugul, tasavvurga ham ega bo‘lmagan oddiy fuqarolar qanday talofat ko‘rishi mumkinligini taxmin qilish qiyin emas.

Bordi-yu, boqilgan jo‘jalarning yarmidan ko‘prog‘i nobud bo‘lsa, maqolamiz qahramonlari bo‘lgan «Tadbirkorlar» yetishtirilgan tuyaqushni belgilangan vaqtda va belgilangan narxda sotib olgan taqdirda ham, tajribaga ega bo‘lmagan yetishtiruvchi bu biznesda daromadga erisha olmaydi. Chunki, tuyaqush jo‘jasini sotib olishdan tashqari uning mehnati, oziq-ovqati xarajatlari, dori-darmoni va ko‘zda tutilmagan boshqa xarajatlari ham mavjud.

Narx masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Tadbirkorlar» 12 oylik tuyaqushni yetishtiruvchidan bir yildan so‘ng 10 mln. so‘mga sotib olishni va'da qilayotgan bir vaqtda ichki bozorimizda aynan shu yoshdagi tuyaqushlar 6-6,5 mln. so‘mdan, Rossiya Federatsiyasida 800 AQSh dollarigacha bo‘lgan narxlarda taklif qilinmoqda. Afrika davlatlarida hattoki ulgurji narxlarda buning yarim bahosiga ham topish mumkin.

Ma'lumki, biznesning yozilmagan qoidalariga ko‘ra, sotib olingan mahsulot unga muayyan ustama qo‘ygan holda sotiladi. Shuni hisobga oladigan bo‘lsak yetishtiruvchilardan 10 mln. so‘mga sotib olingan tuyaqushlarning ustiga tadbirkorlar o‘z foydasini qo‘yishlari kerak. Demak, tadbirkorlarimizning bir dona 1 yoshlik tuyaqushi uchun kamida 11 mln. so‘m (1300 AQSh dollari)dan cheklanmagan miqdorda oluvchi xorijlik xaridorlari bor, deb hisoblasak bo‘ladi.

Endi savol tug‘iladi: ichki bozorda 6,5 mln. so‘mdan tayyor tuyaqushlar taklif qilinayotgan bir paytda «xorijda o‘z xaridorlariga ega» «Tadbirkorlar» buni bir yil kutib o‘tirishidan ma'no (maqsad) nimada? Jahon bozorida taklif etilayotgan narxlardan bir necha barobar qimmat bo‘lgan tuyaqushlarni aynan O‘zbekistondan cheklanmagan miqdorda sotib olishga tayyor bo‘lgan «xorijlik hamkorlar» qayerdan paydo bo‘ldi ekan?

Dunyo oziq-ovqat bozorida tovarlar realizatsiyasi uchun ayovsiz kurash ketayotgan bir paytda, o‘zining munosib o‘rnini qo‘lga kiritish va xaridorlarga ega bo‘lish uchun har bir ishtirokchi, kerak bo‘lsa raqobatchilarilardan arzon narxlarni taklif qiladi. Biroq, tuyaqushchilik bozoriga shiddat bilan kirib kelgan bo‘lsa-da, eksport bo‘yicha biror tajribaga ega bo‘lmagan o‘zbek tadbirkorlarining narxlar borasidagi bu takliflari nafaqat iqtisodiyotning qonun-qoidalariga, balki oddiy mantiqqa ham to‘g‘ri kelmayotgandek, go‘yo.

Tuyaqush uchun ichki bozorda talab bormi?

Internet ma'lumotlarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, 1 kg tuyaqush go‘shti o‘rtacha 100 000 so‘m (12 AQSh dollari ), uning 1 dona tuxumi esa o‘rtacha 650 000 so‘m (76 AQSh dollari) atrofida ekaniga guvoh bo‘lamiz.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, hozirgi kunda biror supermarket yoki bozor rastalarida tuyaqush go‘shti (undan tayyorlangan mahsulotlar) yoki tuxumi sotuvda mavjud emas (muallif: har holda men uchratmadim), bunday turdagi ixtisoslashgan maxsus do‘konlarni ham hozircha uchratmadik. Mamlakatimiz aholisi esa iste'mol uchun tabiiyki kilogrami 100 ming so‘mlik tuyaqush go‘shti va 80 AQSh dollari turadigan tuxumdan ko‘ra, 40-50 ming so‘m evaziga qo‘y yoki mol go‘shti va 700 so‘mlik tovuq tuxumini afzal biladi. Yana bir ma'lumot, «O‘zcharmsanoat» uyushmasi tomonidan ma'lum qilinishicha yurtimizda tuyaqush terisini qayta ishlovchi korxona (sex) mavjud emas ekan. Demak, o‘z-o‘zidan tushunish mumkinki, tuyaqush yoki uning mahsulotlariga ichki bozorda talab yo‘q.

«Tadbirkorlar» o‘z reklamalarida 12 oylik bo‘lgan tuyaqushlarni cheklanmagan miqdorda sotib olishga tayyor turgan xorijlik xaridorlari borligini, hattoki ularning bir qanchasi bilan shartnomalar ham tuzib qo‘yilganini da'vo qilishmoqda.

Amaldagi qonunchilik talabi bo‘yicha parranda go‘shtini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilishning imkoni yo‘q. Sababi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 dekabrdagi PF-5286-sonli farmoniga muvofiq parranda, go‘sht va qo‘shimcha ozuqabop go‘shtli mahsulotlar, ko‘nchilik xomashyosi va momiq mo‘yna xomashyosi Prezident va Hukumat qarorlariga asosan eksport qilinadigan buyumlar va mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Moliyaviy piramida (emasmi?)

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, aholini tuyaqush biznesiga qiziqtirayotgan tadbirkorlarning takliflari moliyaviy piramida sxemasiga o‘xshab ketmoqda.

Moliyaviy piramida qarindoshlar, tanish bilishlarning tashviqoti bilan sodda kishilar ishtirokida tashkil etiladi. Moliyaviy piramidaga odamlarning tezroq boyish va oson daromad olishga bo‘lgan intilishi sabab bo‘ladi. Moliyaviy piramidalarda avaliga mo‘maygina mablag‘ tikishingiz zarurligi aytiladi, katta foizlar va'da qilinadi, bergan pulingiz tezda qaytishiga ishontiriladi, daromad ko‘rish uchun sizdan tanishlaringizni jalb qilishingiz so‘raladi, ular ham o‘z mablag‘larini tikishi lozim bo‘ladi. Moliyaviy piramida pul mablag‘larini doimiy ravishda jalb qilib turgan holda tuzilma ishtirokchilarini daromad bilan ta'minlab turish demakdir. Bunda birinchi ishtirokchining daromadi ikkinchi va boshqa ishtirokchilarning pul mablag‘lari hisobidan ta'minlanadi. Qoidaga ko‘ra, moliyaviy piramida tashkilotchilari mijozlarga olam-olam va'dalar berishadi.

Biroq ishtirokchilarning hammasiga va'da qilingan pullarni qaytarishning imkoniyati yo‘q. Odatga ko‘ra, moliyaviy piramidalar tijorat muassasasi sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va qandaydir loyihani moliyalashtirish bahonasida mablag‘ to‘play boshlaydi. Agar loyihaning haqiqiy daromadi mijozlarga berilgan va'dalardan kam bo‘lsa, yoki umuman daromad ko‘rilmaydigan bo‘lsa, u holda so‘nggi mijozlarning mablag‘lari birinchi mijozlarga beriladi. Ya'ni, Eshmatning do‘ppisi Toshmatga kiydiriladi. Buning oxirida loyiha kasodga uchraydi. Oddiy so‘z bilan aytganda, eng so‘nggi a'zo bo‘lgan mijozlar «qo‘llarini burunlariga tiqqanicha» qoladi. Ular moliyaviy piramidaga kiritgan sarmoyalaridan mahrum bo‘ladi. Moliyaviy piramida faoliyat qancha uzoq davom etsa, mijozlarga pullarni qaytarish imkoniyatlari ham kamayib boraveradi.

Tuyaqush firibgarlariga oid misollar

The Guardian nashrining 2000 yil 22 iyunidagi soniga ko‘ra, ikki shaxs o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida tuyaqush fermerlik korporatsiyasini tuzishadi. Faoliyati davomida ko‘plab mijozlarga mo‘may daromadlari manbai sanalmish ushbu tuyaqushlar cho‘ntaklari uchun qop-qop daromad ekanligini aytishadi. Ushbu noqonuniy faoliyat so‘ngida ma'lum bo‘ladiki, 2800 nafar mijoz jami 21 million funt sterling miqdorida chuv tushiriladi. Bu ishlar uzoq muddat emas 15 oy ichida amalga oshiriladi. Sxema fosh bo‘lgunga qadar ushbu «tadbirkorlar» mijozlardan olingan mablag‘larni offshor zonalarga yo‘naltirib ulgurishgan edi.

Shunga o‘xshash katta tuyaqush mojarolaridan biri 2012 yili Hindiston janubidagi Tamilnad, Kerala va Karnataka shtatlarida yuzaga kelgan. «SusiEmuFarms» kompaniyasi mijozlariga fantastik va'dalar beradi. Firibgarlar moliyaviy piramidaning barcha klassik uslublaridan foydalanishadi. Dastlabki mijozlariga katta mablag‘lar qaytariladi, bu xalq orasida yanada shov-shuv bo‘ladi.

Ular davlat bo‘ylab katta piar-kampaniya uyushtirishadi. Telekanallarda reportajlar, gazeta va jurnallarda pul evaziga chiqartirilgan maqolalar to‘lib ketadi. Firibgarlar hattoki tuyaqush go‘shtiga ixtisoslashgan restoranlar va do‘konlar ham ochishadi, ochilish marosimlariga davlatning katta amaldorlari, vazirlar qatnashadi. Bu ham mijozlar oqimini keskin oshiradi.

Politsiya bir necha bor shubhali biznes haqida ogohlantirish beradi, lekin bu unchalik ta'sir qilmaydi. Yakunda 12 ming kishidan ko‘proq kishi firibgarlar tuzog‘iga tushgan, 600 mln rupiyga (12 mln AQSh dollari) yaqin mablag‘ga kuyib qolishgan. Firibgarlar qo‘lga olingan.

Internetda qidirsangiz tuyaqushchilik bilan bog‘liq moliyaviy piramidalar haqida yana ko‘plab ma'lumotlarni topish mumkin.

FAKT! «Yourmoney» nashrining ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda moliyaviy firibgarlik turlarining TOP-10 reytingidan tuyaqush biznesi ham o‘rin olgan.

Moliyaviy piramida tashkil qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan

Moliyaviy piramida bu pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarni jalb qilish bo‘yicha noqonuniy faoliyat hisoblanadi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 188-1-moddasiga ko‘ra, pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yodingizda bo‘lsa «chinozlik Ahmadboy» nomi bilan tanilgan «tadbirkor» minglab fuqarolarning milliardlab pullarini aynan moliyaviy piramida tashkil etish yo‘li bilan talon-toroj qilgan edi.

Kelgusida bu kabi salbiy oqibatlar kelib chiqmasligi uchun, moliyaviy piramidaning alomatlari mavjud bo‘lgan «tuyaqushchi tadbirkorlar»ning faoliyatiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bir nazar tashlab qo‘yilsa, «Ahmadboy voqeasi» takrorlanishining oldi olingan bo‘lar edi.

Xulosa

Hurmatli tuyaqush import va eksporti bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar, maqolamizda aytilgan fikrlar va gumonlar asossiz bo‘lsa, bilingki bu maqola siz haqingizda emas. Ya'ni, biz maqolamizda tuyaqushchilik fermalari tashkil qilib, mashaqqat bilan o‘z biznesini olib borayotgan tadbirkorlar haqida gapirganimiz yo‘q.

Hurmatli yurtdoshlar, biror tadbirkorlikning boshini tutmoqchi bo‘lsangiz yoxud bir so‘mim ikki so‘m bo‘lsin desangiz, o‘z sarmoyangizni ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan va kelajagi porloq loyihalarga yo‘naltiring.

Yuqorida aytgan fikrlarimiz izlanishlarimiz natijasida to‘plangan taxminlar va tahlillar yig‘indisi, xolos. Biz tugal fikr berishga da'vo qilmaymiz, kimlarnidir aybdor deya e'lon qilish vakolatiga ham ega emasmiz. Asosiy maqsadimiz, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish va bu haqda fuqarolarni ogohlantirishdir.

Dilshod Abduqodirov

Huquqshunos