Tuxum

Tuxum

Endi Veyr


O‘lgan payting uyga qaytayotganding.

Avtohalokat yuz berdi. Ajablanarli narsa emas, lekin nima bo‘lsa ham falokatli hodisa. Xotining va ikki farzandingni tashlab ketding. O‘liming o‘g‘riqsiz kechdi. Tez yordam xodimlari seni saqlab qolish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishdi, lekin foydasi bo‘lmadi.  Tanang shunchalik titilib ketgandiki, ishon, o‘lim eng maqbul yo‘l edi.

Ana o‘sha payt meni uchratding.

“Nima ... Nima bo‘ldi?- deb so‘rading. Qayerdaman?”

“Sen o‘lding,”- dedim sovuq ohangda. Istihola qilib o‘tirishning keragi yo‘q.

“U yerda ... yuk mashinasi bor edi. Tormoz berayotgandi”.

“Shunday,”-dedim.

“Men ... Men o‘ldimmi?”

“Ha. Lekin bundan tashvishlanma. Hamma o‘ladi,”-dedim men.

Atrofga nazar solding. Hamma yoq bo‘shliq edi. Faqat sen va men.

“Bu qanday joy?”-so‘rading. “Bu oxiratmi?”

“Shunga o‘xshash”-javob berdim.

“Siz Xudomisiz?”-deya so‘rading.

“Shunday,”-javob berdim. “Men Xudoman”.

“Farzandlarim ... xotinim”deya xitob qilding.

“Xo‘sh?”

“Ular yaxshi bo‘ladimi?”

“Men aynan shuni ko‘rishni xohlayotgandim”-dedim. “Sen hozirgina olamdan o‘tding va shunda ham oilang uchun qayg‘uryapsan. Bu juda yaxshi”

Menga hayrat bilan qarading. Nazaringda men Xudoga o‘xshamadim. Senga shunchaki boshqa bir erkakday tuyuldim. Yoki ayol kishidir. Ehtimol, bironta mavhum hokimiyat vakili. Yaratgan emas, boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi.

“Tashvishlanma,”-dedim men. “Ularning hammasi yaxshi bo‘ladi. Farzandlaring seni har jihatdan mukammal inson sifatida xotirlashadi. Ularda senga nisbatan nafrat uyg‘onmagan. Xotining tashqaridan yig‘laydi, lekin ich-ichidan yengil tortadi. Rostini aytsam, turmushingiz buzilib ketayotgandi. Agar bu senga tasalli bersa, shuni ayta olamanki, u hali yengil tortganidan o‘zini juda aybdor his qiladi.

“O!”- deding sen. “Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Men jannat yoki do‘zaxga, yo biror boshqa joyga tushamanmi?”

“Hech birisiga”-dedim. “Sen qayta tug‘ilasan”.

“Ah!”-deding. “Shunday qilib Hinduizm haq ekanda”.

“Barcha dinlar o‘z yo‘lida haq”-dedim. “Men bilan yur”.

Bo‘shliq bo‘ylab odimlar ekanmiz, sen ortimdan ergashding. “Qayoqqa ketyabmiz?”

 “Hech qayerga,”-dedim,-shunchaki, gaplashayotganda yurish yaxshi”

“Xo‘sh maqsad nima unda?”- deya so‘rading. “Qayta tug‘ilganimdan so‘ng bo‘m-bo‘sh holatda bo‘laman, shundaymi? Chaqaloq. Shunday ekan, bu hayotimda boshdan kechirganlarimning hammasi va qilgan hamma ishim ahamiyatsiz bo‘lib qoladi”.

“Unday emas!”-dedim men. “O‘tgan hayotingdagi barcha bilim va tajribalaring sening ichingda. Shunchaki hozir ularni eslay olmaysan”.

Men yurishdan to‘xtab yelkangdan tutdim. “Sening ruhing tasavvur qilganingdan ham ulug‘vor, chiroyli va ulkan. Inson ongida o‘z aslingning kichkina bir qismigina aks etadi. Bu xuddi issiq-sovuqligini tekshirib ko‘rish uchun stakandagi suvga barmog‘ingni botirishga o‘xshaydi. Idishga faqat kichkinagina qismingni tiqasan va qaytib olganingda undagi bor tajribalarni egallab olasan”.

“Sen 48 yildan beri bir odam eding, shuning uchun hali o‘zingga kelib, ongingning qolgan ulkan qismini his qilganing yo‘q. Agar bu yerda ko‘proq qolib ketsak, hammasini eslay boshlaysan. Ammo har bir hayot orasida bunaqa qilishning keragi yo‘q”.

“Unday bo‘lsa men necha marta qayta tug‘ilganman?”

“Oh, juda ko‘p. Juda-juda ko‘p. Turli xil hayotlarda” -men. “Bu safar sen milodiy 540-yilda xitoylik dehqon qizi bo‘lasan”.

“Shoshmang, nima?”-duduqlanib so‘rading. “Meni vaqt bo‘ylab ortga jo‘natmoqchimisiz?”

“Hmm, qaysidir jihatdan shunday. Vaqt, bilganingdek, faqatgina sening olamingdagina mavjud. Men kelgan joyda hammasi boshqacha”.

“Qayerdan kelgansiz?”-deding sen.

“Oh, albatta,”- tushuntira boshladim,-men bir yerdan kelganman. Boshqa yerdan. U yerda menga o‘xshagan boshqalar ham bor. U yer qanday ekanligiga qiziqishingni bilaman, lekin to‘g‘risi, tushuna olmaysan”.

“O, - deding biroz tushkun holda. -Ammo shoshmang. Agar men boshqa vaqtlarda ham qayta tug‘ilgan bo‘lsam, qachondir o‘zim bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lishim mumkin-ku”

“Albatta. Bu doim takrorlanadi. Ikkala hayotda ham faqat o‘z hayot yo‘lingdangina xabardor bo‘lganing uchun buni payqamaysan ham”.

“Xo‘sh, bulardan nima ma’no?”

“Jiddiy so‘rayapsanmi?”-savol berdim men. “Rostdan mendan hayotning ma’nosini so‘rayapsanmi? Bu biroz g‘alati emasmi?”

“Bu o‘rinli savol”- deb turib olding.

Ko‘zlaringga qaradim: “Hayotning ma’nosi, bu olamni yaratishimning sababi – sening yetilishing”.

“Insoniyatni nazarda tutyapsizmi? Bizni ulg‘ayishimizni xohlaysizmi?”

“Yo‘q. Faqat seni. Men butun koinotni sen uchun yaratdim. Har bir hayot yo‘lini bosib o‘tganing sari, o‘sib-ulg‘ayib kattaroq aql sohibiga aylanib borasan”.

“Faqat men? Boshqalar-chi?”

“Boshqa hech kim yo‘q. Bu olamda faqat sen va men mavjudmiz”.

Menga ma’yus termilding. “Biroq yerdagi hamma odamlar...”

“Hammasi sen. Sening turli xil ko‘rinishlaring”

“Shoshmang. Men hammamanmi!?”

“Ana, endi tushunishni boshlading”-dedim men maqtagan holda asta yelkangdan qoqib.

“Shu paytgacha yashagan hamma odamlar o‘zimmanmi?”

“Ha, yoki kelajakda yashaydigan har bir inson”

“Men Avram Linkolnmanmi?”

“Jon Uilk But ham sensan,”- deya qo‘shimcha qildim.

“Men Gitlermanmi?”-so‘rading sen qo‘rquv ohangida.

“Va u o‘ldirgan millionlab odamlar ham”

“ Men Isomanmi?”

“Unga ergashgan odamlar ham sensan”

Sen jim qolding.

“Har safar kimgadir ozor berganingda,-dedim men,-sen o‘zingga ozor yetkazayotgan bo‘lasan. Kimgadir mehr ko‘rsatganingda buni o‘zing uchun qilayotgan bo‘lasan. Har bir inson boshdan kechirgan baxtli va qayg‘uli onlarning barchasini sening boshingdan o‘tgan yoki endi o‘tadi”.

Sen uzoq vaqt o‘ylanib qolding.

“Nima uchun?”-so‘rading. “Nimaga bunday?”

“Chunki bir kun kelib sen ham menday bo‘lib yetishasan. Chunki bu sening asling. Sen mening turdoshlarimdan birisan. Sen mening farzandimsan”.

“Voy,”-deding sen ishonqiramay. “Siz meni Xudosan demoqchimisiz?”

“Yo‘q. Hali emas. Sen homilasan. Sen hali ham rivojlanyapsan. Vaqt davomida mavjud barcha insonlarning hayotini boshdan kechirib bo‘lganingda tug‘ilishga tayyor bo‘lib yetilasan”.

“Shunday qilib, butun olam,”-deding sen. “Shunchaki...”

“Tuxum,”-javob berdim men,-endi sening keyingi hayotga o‘tish vaqting bo‘ldi.

Va men seni yo‘lingga jo‘natdim.

Report Page