Tushuntirish

Tushuntirish

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi

Ijtimoiy tarmoqlarning ayrim sahifalarida “qalbaki mahsulotlar iste’molining O‘zbekistondagi real holati isbotlangan” sarlavha ostida video joylanib, go‘yoki Adliya vazirligining intellektual mulk departamenti tomonidan ushbu holat bartaraf etilmayotganligi haqidagi holat to‘liq o‘rganilmagan asossiz xabarlar tarqalmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti tomonidan yirik bozorlarda, savdo shaxobchalarida intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar, kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish bo‘yicha iste’molchi va sotuvchilarga kontrafakt mahsulotlarning salbiy oqibatlari, ular nafaqat huquq egalarining huquqlarini buzishi balki iste’molchilar salomatligi uchun xavfli ekanligi to‘g‘risida profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Ma’lumot uchun: Joriy yilda bozorlar, savdo majmualari va ko‘chma savdo obyektlarida 400 dan ortiq profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, aniqlangan kontrafakt mahsulotlar bo‘yicha 3000 ga yaqin kontrafakt mahsulotlar katalogi savdo nuqtalariga tarqatilgan.

Shuningdek, manfaatdor shaxslarning murojaatlari asosida vazirlik tomonidan 2023-yil davomida 300 ga yaqin huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilib, huquqbuzarlik holatlari bartaraf etilgan.

Shu o‘rinda videoda “Head & Shoulders” tovar belgisi tushirilgan idishga noma’lum shaxslar tomonidan yashirin sexlarda noma’lum suyuqlik vositasi quyilayotganligi aks ettirilgan.

Mazkur holatda, huquq egasining ruxsatisiz tovar belgisidan foydalanish, ya’ni kontrafakt holati bilan birga qalbaki sanitariya, gigiyena va standart talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni ham ishlab chiqarilayotganligini ko‘rish mumkin.

Ma’lumot uchun: kontrafakt – bu huquq egasining tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarini buzish hisoblanib, iste’molchini adashtirish darajasida tovar nomini o‘zgartirish yoki takrorlash sanalsa, qalbaki mahsulotlar esa – tashqi ko‘rinishi asl (original) mahsulot bilan aynan bir xil, lekin mahsulot tarkibi, sifati va boshqa muhim xususiyatlari asl mahsulotnikidan ancha past va arzon bo‘lgan mahsulot hisoblanadi. Boshqacha aytganda, kontrafakt mahsulotni ishlab chiqarishda original mahsulot egasining reputatsiyasidan foydalangan holda o‘z tovarini sotuvga taklif etish tushinilsa, qalbaki mahsulotlar holatida esa, minimal harajatlar hisobiga, qoida tariqasida, yashirin yo‘llar bilan original mahsulotni takrorlashga harakat qilinadi.

Ushbu video qayerda, kimlar tomonidan sodir etilganligi ko‘rsatilmaganligi hamda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega emasligi bois, adliya organlarining bunday holatlarda chora ko‘rish imkoniyati cheklangan.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tezkor qidiruv faoliyatini amalga oshirish va xufyona iqtisodiyot hamda kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasini oldini olishdagi vakolatli organ hisoblanadi.

Ya’ni videodagi holat bo‘yicha Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘z kuch va vositalaridan foydalangan holda ushbu holat sodir bo‘lgan joyni aniqlashi hamda chora ko‘rishi mumkin.

Adliya organlari tovar belgilaridan tovar va xizmatlarda huquq egasining ruxsatisiz foydalanayotgan ishlab chiqaruvchisi va sotuvchisi ma’lum bo‘lgan jismoniy shaxs va tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish vakolatiga ega.

Videoda aks etgan qalbaki mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan noma’lum shaxslarga nisbatan chora ko‘rish xufyona iqtisodiyot shakllariga qarshi kurashishda tezkor-qidiruv faoliyatini yuritish vakolatiga ega huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.


Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi



Report Page