“Turon” maktab teatri tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NIZOM

“Turon” maktab teatri tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NIZOM

Admin

I. Umumiy qoidalar.

1.1. Mazkur Nizom o‘quvchilar o‘rtasida “Turon” maktab teatri tanlovini (keyingi о‘rinlarda tanlov) о‘tkazish tartibini belgilaydi.

1.2. Ushbu Tanlov o‘quvchilar o‘rtasida teatr san’ati va madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda maktablardagi teatr studiyalari faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan. 

1.3. Tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Madaniyat vazirligi mas’ul tashkilotchilar etib belgilanadi. 

1.4. Tanlovning Respublika bosqichida 1-2-3-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar keyingi yillarda ishtirok etmaydi. 

1.5. Respublika ishchi guruhi Tanlov nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.  


II. Tanlovning maqsad va vazifalari.

2.1. Quyidagilar tanlovning asosiy maqsadi hisoblanadi:

o‘quvchilarda notiqlik san’ati va sahna madaniyatini shakllantirish;

ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar teatr studiyalari faoliyatini qо‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual qobiliyatini rivojlantirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ijrosini tashkil etish;

iqtidorli o‘quvchilar aniqlash, ularning iste’dodlarini namoyon etishlariga keng imkoniyat yaratish;

o‘quvchilar teatr studiyalari a’zolarining erishgan yutuqlari va tajribalarini ommalashtirishdir.

2.2. Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:

umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi teatr studiyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali hududlarda teatr madaniyati va san’atni rivojlantirishga erishish;

o‘quvchilarda teatr tarixi, madaniyati, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, ijtimoiy va madaniy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish.


III. Tanlovni tashkil etish va о‘tkazish tartibi, baholash mezonlari

3.1. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish vazifasi Respublika ishchi guruhi zimmasiga yuklatiladi.

3.2. Respublika ishchi guruhi:

- tanlovni o‘tkazish borasida qaror qabul qiladi;

- tanlovning asosiy bosqichlari va tartib-qoidalari haqida ishtirokchilarni xabardor qiladi;

- barcha ishtirokchi jamoalar uchun teng sharoitlarni yaratadi;

- tanlov o‘tkazish borasida oshkoralikni ta’minlaydi;

- tanlov ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etadi;

- mazkur Nizomga asoslangan holda tanlovni o‘tkazilishini tashkil etadi.

3.3. Tanlovga ishtirokchi jamoalar onlayn tarzda https://turonteatri.uz/ havolasi bilan ariza topshirish orqali qabul qilinadi. 

3.4. Tanlovda o‘quvchilar o‘zlari tahsil olayotgan maktab jamoasi tomonidan shakllantirilayotgan jamoa a’zosi sifatida ishtirok etadi.  

3.5. Tanlov umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7-10-sinf o‘quvchilaridan (8 nafardan oshmagan) iborat jamoalar о‘rtasida 3 bosqichda tashkil etiladi:

birinchi bosqich – mahalliy bosqich bo‘lib, umumta’lim maktablari o‘rtasida har yili mart oyi davomida o‘tkaziladi;

ikkinchi bosqich – hududiy bosqich bo‘lib, mahalliy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar o‘rtasida har yili aprel oyi davomida o‘tkaziladi;

uchinchi bosqich – respublika bosqichi bo‘lib iyun oyida o‘tkaziladi. 

3.6. “Turon” maktab teatr tanlovi uch shart asosida tashkil etiladi: 

I shart: “Bizning maktab” tanishtiruv sharti. Ushbu shartda ishtirokchi jamoalar tahsil olayotgan maktabining o‘quv yili davomida erishgan yutuqlarini badiiy, musiqiy hamda sahna ko‘rinishi orqali tanishtiradi. Chiqishda kо‘rgazmali vositalardan foydalanishga ruxsat etiladi. Shartda ishtirokchi jamoalarning nomi, shiori, atributlariga alohida e’tibor qaratiladi. Shart uchun 6 daqiqa vaqt beriladi. 10 ballik tizimda baholanadi.

II shart: “Madaniyat va san’at bilimdoni” savol-javob sharti. Ushbu shartda ishtirokchi jamoalarning mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorligi, teatr va turli san’at turlari, tarixi, kelib chiqishi yuzasidan bilimlari sinovdan o‘tkaziladi. Har bir jamoaga 10 ta savollar jamlanmasi taqdim etiladi. Har bir jamoa sahnaning о‘zida jamoaviy muhokamadan sо‘ng javob berishlari lozim. Ushbu shart 10 ballik tizimda baholanadi. Har bir savolga javob uchun 1 ball, to‘liq bo‘lmagan javob uchun 0.5 ball beriladi. Shart uchun 5 daqiqa (3 daqiqa о‘ylash uchun, 2 daqiqa javob berish uchun) vaqt ajratiladi. 

III shart: “Teatr – ibratxona” sahna spektakli sharti. Ushbu shartda ishtirokchi jamoalar 5-11-sinf “Adabiyot” fani darsliklarida keltirilgan adiblarning asarlar jamlanmasidan birini tanlab, asardan qisqa parchani spektakl ko‘rinishida namoyish etadilar. Hakamlar jamoa ishtirokchilarning aktyorlik mahorati, sahna madaniyati, asardan parchani to‘g‘ri tanlay olgani, nutqi, asar qahramonlarining kiyimi va dekoratsiyasi, tarbiyaviy ahamiyatga egaligiga alohida e’tibor qaratadi. Shart uchun 10 daqiqa vaqt ajratiladi, 30 ballik tizim asosida baholanadi. 

3.7. Tanlovning tuman, hududiy va Respublika bosqichlari bo‘lib o‘tadigan joyi, sanasi Respublika ishchi guruhi tomonidan belgilanadi hamda 5 kun oldin ishtirokchilarga ma’lum qilinadi. 

3.8. Tanlovlar jarayonida foydalaniladigan savollar to‘plami Ekspertlar komissiyasi tomonidan tanlovning barcha bosqichlari uchun alohida tuziladi, maxsus konvertlarga solinib, muhrlanadi hamda joylarga yetkaziladi.

3.9. Tanlovning tuman va shahar bosqichi o‘tadigan kundan bir oy oldin tavsiya etiladigan asarlar ro‘yxati ilova qilinadi.  


IV. Hakamlar hay’ati tarkibini shakllantirish.

4.1. Tanlovning hakamlar hay’ati tarkibi tanlov miqyosiga qarab shakllantiriladi.

4.2. Hakamlar hay’ati tarkibiga ishtirok etadigan jamoalarga aloqasi bо‘lmagan vakillar kiritilishi lozim. Shuningdek, tuman (shahar) madaniyat bo‘limi xodimlari, viloyatlardagi teatr aktyorlari, san’at maktabi o‘qituvchi-pedagoglarini jalb qilish tavsiya etiladi. 


V. G‘oliblarni taqdirlash

5.1. Tanlovda g‘oliblikni qо‘lga kiritgan ishtirokchi jamoalar:

mahalliy bosqichida – diplom va esdalik sovg‘alari;

hududiy bosqichda – tanlov statuetkasi, maxsus diplom hamda esdalik sovg‘alari;

respublika bosqichida - 3-o‘rin egallagan jamoaning maktab faollar zali uchun interaktiv doska;

2-o‘rinni egallagan jamoaning maktab faollar zali uchun interaktiv doska; 

1-o‘rinni egallagan jamoa xorijiy mamlakatga tajriba orttirish yo‘llanmasi bilan taqdirlanadi.


VI. Yakuniy qoidalar

6.1. Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mablag‘lari;

mas’ul ijrochilarning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. 

6.2. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi:

Tanlov natijasi bo‘yicha berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun uch kishidan iborat Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi. Appellyatsiya komissiyasi tarkibi tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlanadi;

Tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan ishtirokchilar tanlov yakunidan so‘ng 15 daqiqa ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi shart;

shikoyatlar taqdim etilgandan so‘ng Apellyatsiya komissiyasi tomonidan 

1 soat ichida ko‘rib chiqilib, asoslangan tarzda o‘rganish natijasi shikoyatchiga e’lon qilinadi.

Report Page