Tumanimizda yangi jurnal ta’sis etilmoqda

 Tumanimizda yangi jurnal ta’sis etilmoqda



Tamaddunning yangi bosqichiga ko‘tarilgan insoniyat uchun o‘zligini saqlab qolish, insoniy fazilatlarni, odamiylikni kelajak avlodga yetkazish og‘ir muammoga aylanib bormoqda. Yangi dunyoda biz qanday o‘rinni egallaymiz, millat sifatida qay bosqichgacha yeta olamiz, degan zalvorli savollar har bir xalq oldida turgani bor gap. Zotan, bu muammoning yagona yechimi ma’naviyat va ma’rifat bilan chambarchas bog‘liq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning 22-dekabr kuni o‘tkazilgan respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida “Ma’naviyat hayotimizda yangi kuch, yangi harakatga aylanishi kerak”, deb bejiz ta’kidlamadi. Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda, “o‘zbek”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan dunyoda yashab qolishni istasak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi.

Jomboylik ziyolilar ana shu mas’uliyatni chuqur anglagan holda yangi loyihani ro‘yobga chiqarish uchun bel bog‘lashdi. Joriy yildan boshlab “Jomboy nafasi” ijtimoiy-iqtisodiy, ma’rifiy jurnali ta’sis etilmoqda. Ushbu yangi nashrning nishona soni milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan Navro‘z umumxalq bayrami arafasida jamoatchilikka taqdim etilgani ham o‘ziga xos ramziylikka ega.

Tuman hokimligi va tashabbuskor jamoaning maqsadiga ko‘ra, ushbu jurnal to‘liq homiylik asosida, yilda 4 marta chop etiladi. U orqali tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyati, ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklar aholiga mufassal tushuntirib boriladi. Sahifalar orqali yoshlar, xotin-qizlar, tadbirkorlar erishayotgan natijalar, ta’lim, tibbiyot, sport, sanoat, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar bilan tanishib borishingiz mumkin bo‘ladi.

Xususan, birinchi sonda 2023-yil yakunlari bo‘yicha tumanning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, investitsion muhit, qishloq xo‘jaligida qayd etilgan raqamlar sarhisob qilingan. Shuningdek, “Ayollar daftari”ning 4-bosqichida amalga oshirilgan ishlar tahlilga tortilgan. Tuman infratuzilmasining rivojlanib borishi “Uzunovul” massivi misolida ochib berilgan. Shu kabi o‘nlab maqolalar jurnal mavzu-mundarijasini boyitib, o‘qimishliligini ta’minlagan.

Umid qilamizki, “Jomboy nafasi” qisqa fursatda viloyatimiz va respublikamizning o‘z o‘quvchisiga ega bo‘lgan jurnallari qatoriga kiradi. 


Report Page