"Tuman hokimi kubogi”
Qorako'l tuman MMTB.“Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” NIZOMI
Qorako'l tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi tomonidan “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tuzilgan. Tanlov 5-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida maktab va tuman bosqichda testlar va savol-javoblar asosida o‘quvchilarni tanlovlash bevosita amalga oshiriladi. Tanlov asosida g‘oliblar rag‘batlantiriladi va diplomlar, sovg‘alar beriladi. Shuningdek, tanlov jarayonida zo‘riqish yoki xolislik tamoyillarini buzish uchun shikoyatlar qabul qilinadi.
"Tuman hokimi kubogi” uchun “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom Qorako'l tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida "Tuman hokimi kubogi” uchun “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” ko‘rik-tanlovi (keyingi o‘rinlarda “Tanlov” deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Tanlov tuman maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim maktablarining 5-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi.
Tanlov tashkilotchisi Qorako'l tuman maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi hisoblanadi.
2-bob. Tanlovning maqsad va vazifalari
2. Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-son qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘quvchilarning kitovxonlik madaniyatini yuksaltirish, madaniy saviyasini rivojlantirish va hamda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otish, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va darsdan tashqari faoliyat ko‘rsatayotgan kitobxonlik to‘garaklaridagi o‘quvchilar qamrovini oshirish, o‘quvchilarda mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikma va malakalarini shakllantirish maqsadida o‘tkaziladi.
2.1. Tanlovning vazifasi:
kitobxonlikni targ‘ib qilish orqali o‘quvchilarning ma’naviy dunyosini boyitish, mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, ma’naviy tahdidlarga nisbatan sog‘lom immunitetni rivojlantirish;
o‘quvchilarda milliy va jahon adabiyotining durdona asarlarini targ‘ib qilish orqali ularning qalbida vatanga sadoqat, milliy qadriyat, insonlarga nisbatan mehr-muhabbat hamda yaxshi insoniy fazilatlarga nisbatan hurmat tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat.
3-bob. Tanlovni o‘tkazish tartibi
3.1. Tanlov 2 bosqichda (maktab, tuman) tashkil etiladi hamda tanlov uchun adabiyotlar ro‘yxati quyidagi sinf toifalari bo‘yicha taqdim etiladi.
1. 5-6-sinflar uchun.
2. 7-8-sinflar uchun.
3. 9-10-sinflar uchun.
Tanlovning har bir bosqichini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita va hakamlar hay’ati tarkibi tuziladi va tasdiqlanadi.
1-bosqich: Tanlovning birinchi (maktab) bosqichi umumta’lim maktablarida mart oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.
Tanlovning maktab bosqichida 5-6-sinflar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 1 nafar, 7-8-sinflar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 1 nafar, 9-10-sinflar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 1 nafar, jami 3 nafar o‘quvchi tanlovning navbatdagi ikkinchi (tuman) bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
2-bosqich: Tanlovning ikkinchi (tuman) bosqichi aprel oyida o‘tkaziladi.
Tanlovning ikki bosqichda o'tkaziladi.
Tanlovning ikkinchi (tuman) bosqichida umumta’lim maktablaridan 5-6-sinflar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 1 nafar, 7-8-sinflar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 1 nafar, 9-10-sinflar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 1 nafar, jami 3 nafar o‘quvchi qatnashadi.
1-tur. Tanlovning ikkinchi (tuman) bosqichi uchun har bir sinf toifasi bo‘yicha e’lon qilingan badiiy asar yuzasidan yopiq (20 ta), ochiq (10 ta) jami 30 ta test bajaradilar.
Bunda, ishtirokchilarga 30 ta test savollari taqdim qilinib, ularni bajarish uchun 60 daqiqa vaqt beriladi.
20 tasi yopiq test (A, B, C, D javob variantlaridan tanlanadi) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi;
10 tasi ochiq test (javobi yoziladi) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 3 ball bilan baholanadi, jami 70 ball (20*2+10*3=70).
2-tur: O‘quvchilar tanlovning ikkinchi bosqichi uchun e’lon qilingan badiiy asarlardan berilgan parchalar raqamlar bo‘yicha tanlanib, ushbu parcha muallifi va qaysi asardan olinganligi aytiladi hamda to‘g‘ri javob 30 ball bilan baholanadi.
Tanlovning ikkinchi (tuman) bosqichi uchun nazorat materiallari tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo'limi tomonidan tuziladi va maxfiyligi ta’minlangan holda ikkinchi bosqich o‘tkaziladigan joylarga yetkaziladi.
3-tur: “Zakovat” intellektual o‘yini shaklida tashkil etiladi.
Bunda tuman dan qatnashadigan 6 nafar o‘quvchi bitta jamoa sifatida ishtirok etadi. Har bir jamoa o‘z nomiga ega bo‘ladi.
Jamoalarga o‘qish uchun tavsiya qilingan hamda maktab darsliklaridagi badiiy asarlardan jami 20 ta savol beriladi. Har bir to‘g‘ri javob 1 ball bilan baholanadi. Jami maksimal 20 ball.
Tanlovning ikkinchi tuman bosqichi yakunida har bir o ‘quvchining 1- va 2-shartda olgan ballari qo‘shiladi hamda “Zakovat”da jamoaning olgan bali har bir o‘quvchiga qo‘shiladi hamda yakuniy ballar chiqariladi.
Tanlov yakunida eng yuqori balni qo‘lga kiritgan 5-6-sinflar bo'yicha 3 nafar (1-, 2-, 3-o‘rin), 7-8 sinflar bo‘yicha 3 nafar (1-, 2-, 3-o‘rin), 9-10-sinflar bo‘yicha 3 nafar (1-, 2-, 3-o‘rin), jami 9 nafar g‘olib aniqlanadi.
G‘oliblar orasida teng ballik bo‘lganda ochiq test natijalariga ko‘ra, ustunlikka ega o‘quvchilar g‘olib hisoblanadi.
4-bob. G‘oliblarni taqdirlash
Tuman bosqichi g‘oliblari kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
5-6-sinflar bo'yicha 1 nafar, 7-8 sinflar bo‘yicha 1 nafar (1-o‘rin), 9-10 sinflar bo‘yicha 1 nafar (1-o‘rin), jami 3 nafar o‘quvchi “Tuman hokimi kubogi” bilan taqdirlanadi.
“Zakovat” intellektual o‘yinida g‘olib bo‘lgan jamoa “Eng yaxshi kitobxon jamoa” nominatsiyasi bilan taqdirlanadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
5.1. Davlat va nodavlat tashkilotlari ko‘rik-tanlovni o‘tkazish va g‘oliblarni rag‘batlantirishda homiy sifatida ishtirok etishlari mumkin.
5.2. Tanlov natijasi bo‘yicha berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun uch kishidan iborat apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi. Apellyatsiya komissiyasi tarkibi tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlanadi.
5.3. Tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan ishtirokchilar ko‘rik-tanlov yakunidan so‘ng 30 daqiqa ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish shart.
5.4. Shikoyatlar taqdim etilgandan so‘ng apellyatsiya komissiyasi tomonidan tanlov o‘tkazilgan kunda ko‘rib chiqilib, asoslangan tarzda o‘rganish natijasi shikoyatchiga e’lon qilinadi.
5.5 Tanlov jarayonlarida xolislik va shaffoflik tamoyillarini buzgan, jumladan, telefon, internet va boshqa AKT vositalaridan foydalangan ishtirokchilar auditoriya rahbari tomonidan tanlov jarayonidan chetlashtiriladi va ballari inobatga olinmaydi.
5.6. Tanlovni tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.