Три пальмы
Перевод 🇺🇿🇺🇸🇷🇺 Таржима саньатиМихаил Юрьевич Лермонтов

Uch xurmo (Sharq afsonasi)
Arablar yurtining qum sahrosida,
Uch xurmo yuksalib o`sgandi juda.
Ular o`rtasida buloq bor edi,
Muzday to`lqinlar-la mavj urar edi.
Kun nuridan, ko`chma qumlardan saqlar
Uni o`rab olgan ko`m-ko`k yaproqlar.
Ko`p yil o`tib ketdi benomu nishon
Va lekin tashna lab begona inson
Qo`ymadi xurmolar ostiga qadam,
Buloq suvlariga engashmadi ham,
Kun taftidan quriy boshladi biroq
Go`zal ko`k yaproqlar va tiniq buloq.
Uch xurmo xudoga yolbordi shu payt:
«So`lmoqqa o`sdikmi biz bu yerda, ayt?!
Hechkimga zarracha yetkizmasdan naf,
Shamoldan egilib, issiqqa chidab,
O`sdigu husnimiz ketmoqda zoe!
Haq emas muqaddas hukming, xudoyim!»
Ular to`xtadilar, shunda birpasda
Oltin qum bo`roni boshlandi dashtda,
Qo`ng`iroq sadosi eshitildi tez,
Gilamga o`ralgan yuklar izma-iz,
Dengiz qayiqlarisimon tebranib,
Kelardi tuyalar qumlarni yorib,
Hilpillab borardi o`rkachlardagi
Safar chodirlarin naqshdor etagi,
Qo`llar ko`tarardi ularni ba’zan,
Qora ko`zlar chaqnab qolar daf’atan…
Egarning qoshiga bosib qomatin,
Arab yo`rtar edi tim qora otin.
Ba’zan ot tip-tikka bo`lib olardi,
O`q tekkan yo`lbarsday sakrab qolardi,
Yigitning kiftida hilpirab borar
Oppoq libosida chiroyli taxlar,
Shovqin-suron bilan uchib borar u,
Nayza otar, yana ilib olar u.
Xurmolar tagiga keldiyu karvon,
Salqinga joylashdi xursand va shodmon.
Ko`zalar limmo-lim buloq suviga,
G`urur-la barglarin silkib quyiga
Xurmolar qutlaydi mehmonlarini,
Buloq ham ayamas ehsonlarini.
Er uzra qorong`i tushgani zamon,
Bolta tomilarga tushdi beomon,
Yuz yillik xurmolar jonsiz yiqildi!
Ularning libosin bolalar shildi,
So`ngra gavdalarin maydaladilar,
To`planib topnggacha o`t qaladilar.
Tuman g`arb tomonga uchib ketganda,
Karvon o`z yo`liga safar etganda,
Unumsiz sahroda bo`lib g`amgin dog`,
Uch ko`rkam xurmodan kul qoldi oppoq.
Quyosh qolganini ham o`rtab qildi kul,
So`ng shamol cho`llarga uchirdi butkul.
Hozir ham har taraf vahshiy va yaydoq –
Barglar-la so`zlashib turmaydi buloq:
Payg`ambardan bekor u soya so`rar –
Qaynoq qumlar ko`chib uni to`ldirar,
Ham tojdor qarchig`ay – shu vahshiy qonxo`r
Oljasin bo`g`izlar, qiynar va cho`qir.















Наш телеграм канал:
https://t.me/tarjima_perevod
наш Ютуб канал
UZRUSTILI