To'xtovsiz yig'i

To'xtovsiz yig'i

Rahimjon Qudratov

Keling, avval bitta tushunchaga aniqlik kiritib o’tamiz. Simvol tushunchasiga. Adabiyotda simvollar mavjud, yozuvchi ular orqali nimanidir ifodalashga harakat qiladi. Va psixologik simvollar bor, bular insonning ruhiy holatini ifodalovchi ramzlar. Tushimizdagi, mif va asotirdagi simvollar shular qatoriga kiradi, ularda ataylab ko’zlangan ma’no yo’q, ya’ni shaxs unga ma’no bermaydi, aksincha ularning mazmuni allaqachon psixikamizda o’z holicha mavjud. Ongli ravishda ma’nosiz deb hisoblaydigan yoki to’liq anglamaydigan narsalarimiz ongsizligimizda qandaydir chuqur mazmun-mohiyat kasb etishi mumkin. Men bu yerda mana shu turdagi simvollar haqida gapirmoqchiman. To’g’ri, kitobdagi simvollar haqida yozsam-da, bu yerda yozuvchi qandaydir ma’no ko’zlagan deyishdan yiroqman, shunchaki ularning psixologik mazmuni haqida gapirmoqchiman.


Umuman olganda, biz to’la anglolmaydigan yoki tushuntirib bera olmaydigan narsalarimizni simvollar orqali ifodalaymiz (Karl Yungchasiga!). Ammo har qanday xatti-harakat simvol bo’la olmaydi, bu shunchaki ishora bo’lishi ham mumkin, simvolning oddiy ishoradan farqi uning mazmuni mavjudligida emas, balki so’zlarga sig’mas ifodani o’zida mujassam etganida. Biz simvolga muhtojmiz. Axir, tilimiz va ongimiz mahdud ekan, ularning chegarasini yorib o’ta olish uchun o’z ichida so’zga qaraganda kengroq ma’no sig’dira oladigan narsa lozim.


Endi asosiy maqsadga o’tsak. “Karamazovlar”dagi simvollar haqida gapirmoqchi edim. Spoyler istamaydiganlar, shu yerda to’xtasin. Yoki to’xtamasin, o’zi biladi. Albatta, bu yerda asardagi simvollarni sharhlashga harakat qilsam ham, bu sharh xamir uchidan patir ekanligini, simvolni to’laligicha izohlash, uning butun ma’nosini inkishof etish ilojsizligini xayolimizning bir chekkasida saqlab turishimiz lozim.


Asardagi simvollarga to’xtalishdan oldin, qanday turdagi simvollar haqida gapirmoqchi ekanligimga to’xtalsam. Men so’zdan yuqorida turadigan xatti-harakatlar haqida gapirmoqchiman (bu yerda “simvol”ni aynan Yungcha emas, balki sal kengroq ma’noda qo’llayapman, tushunasiz endi). Real hayotdan misol qiladigan bo’lsak, bir oshnam menga qaysidir kuni onasining oyoqlariga yiqilib, ularni quchoqlab to’xtovsiz yig’lagani haqida aytib bergandi. Ona hayron. O’g’limga nima bo’ldi, deydi. Biron joying og’riyaptimi, deydi. Kimdir xafa qildimi, deydi. Lekin o’g’li hech narsani tushuntirib berolmaydi, u bir kun kelib onasidan ayrilishini tushunib yetganidan va oqibat o’ziga achinganidan yig’layapti. U abadiyatga bo’lgan tashnalikdan yig’layapti. U yakun muqarraligidan yig’layapti va hokazo. To’g’ri, barchamiz o'limni muqarrar deb bilamiz. Ammo qilayotgan barcha xatti-harakatlarimiz va hatto bemalol yashashda davom etishimizning o’zi o’limning teskarisiga bo’lgan ishonchdan dalolat berib turadi. Barchamiz kimdir o'lsa, uning o'lganini ongli ravishda qabul qilamiz. Ammo harakatlarimizni kuzatib turgan xolis tomon mavjud bo’lganida, buni teran anglashimizga shubha bilan qaragan bo'lardi. Ammo shunaqa lahzalar bo'ladi, hayot haqiqatlarini birdaniga teran anglay boshlaymiz. Nimaga ishonsak, uni chin dildan his qila boshlaymiz. Bu daqiqalar odatda oniy. Yaxshiyamki shunday, aks holda inson yashay olmay qolardi, faqat o’tirib yig’lashga to’g’ri kelardi, to’xtovsiz(!) yig’lashga. Ana shu paytda biz hayotning eng achchiq haqiqatlarini to'laqonli tushunamiz, bunda barchasi baribirdek va bir paytning o’zida barchasi doimgidan ming chandon vahimalidek tuyula boshlaydi. Bunday lahzalarda hech qanday qaror qabul qilolmaysiz, chunki qarorlarda, ularni amalga oshirishda hech qanday vazn yoki ahamiyat qolmagan bo’ladi. Bunday chuqur hissiyotlar payti haqiqatni chin dildan tushungandek, unga taslim bo'lgandek bo'lamiz. Ammo oz vaqt o'tmay hammasi unutiladi, va doimgidek soxtaligimizga (“soxtalik” – bu yerda ayblov emas, reallikni ongli ravishda inkor etish – mutlaqo insoniy holat) qaytamiz va o’zimizni yana yashayotgandek tutishda davom etamiz. Yoki shunga harakat qilamiz.


Hayotdagi real faktlar, nimalar sodir bo’lgani-yu bo’lmagani aslida real faktlar emas, oddiy soxtalikdir, uning ortida turgan mazmunlar, ifodalar, hissiyotlar, eng tubdagi narsalar esa haqiqiy reallikdir. Maqsadga qaytsak. Aytmoqchi bo’lganim, mana shu tepada aytib o’tilgan YIG’I so’zdan teparoqda turadigan simvol sanalishi mumkin. Balki sanalmas, kim bilsin. Adashayotgan bo’lishim ham mumkin.

Endi navbat asarga. Birinchi kitobda Ruhoniy Zosima otaning Dmitriyga tiz cho’kib ta’zim qilish sahnasi bor. Zosimaning o‘zi keyinchalik bu ta’zimni Dmitriyni kutayotgan ulkan azob oldidagi ta’zim sifatida tushuntiradi. Ammo bu yerda yanada kengroq ma’no ko’rish mumkin. Ushbu simvolning tagida turgan mazmun ehtimol Dmitriyning avvalgi qilmishlari-yu, bo’lg’usi gunohlariga hamdardlik va boring-ki “sheriklik” hissidir. Axir, rohib Zosimaning fikricha, barcha insonlar bir-birimiz oldida aybdormiz, gunohkormiz. Birovning gunohiga baho berayotgan inson avvalambor o’sha gunohda o’zini aybdor his qila olsa, ana shunda haqiqiy hamdardlik namoyon bo’ladi, ana shunda haqiqiy xolislik vujudga keladi. Har doim birovning gunohiga o’zining sherikligini anglagan insongina odamzodni chin dilidan seva oladi, kechira oladi va hayot ana shu lahzalardan boshlab-oq Zosima istagan jannatga aylanadi. Gunoh qancha azim bo’lsa, ta’zim shuncha chuqurroq. Kishi qanchalar badkor bo’lsa, uni oldidagi aybimiz shuncha balandroq. Jinoyat qanchalar yovuz bo’lsa, badkorning tavbasi shuncha totliroq.

Asosiysi, o’zinging hammadan ham ko’ra ko’proq gunohga botganingni anglash, ana shundagi qanday yashash kerakligini tushunasan. Nega yashashdan ko’ra, qanday yashash ahamiyatliroq bo’lib tuyuladi. Dostoevskiy boshqa bir asarida aytganidek, baxt qonunlari-yu hayotni o’rganishdan chetlanib, baxtni his etish-u, hayotni yashashni boshlaysan. Gunohkorligini anglagan insonning qalbi doim to’g’ri yo’lni ko’ra oladi. Xullas kalom, Zosimaning ta’zimi uning Dmitriy oldidagi hamdardligi va ma’zuri kabi tuyuldi menga. Va katta ehtimol bilan adashyapman.


Asardagi yana bir simvol xuddi shu xudojo’y va insoniyatni sevishni alqaydigan Zosimaning o’limidan so’ng, uning mayitidan tarqalgan badbo’y hid. Zosimadek ulug’ insonning mayitiga bo’lgan bunday tahqir qandaydir tushunarsiz, ilohiy hazilga o’xshaydi. Bu holatni “sinov”ga mengzash mumkin. Misol uchun Xohlakova mana shu sinovdan o’tolmaydi va hid voqeasidan so’ng Zosimadan ham, uning ta’limoti-yu ilohiyotidan ham ko’ngli soviydi va o’zini progressiv va dunyoviy sifatida ko’ra boshlaydi. Har qanday tayanchga muhtoj ishonchning haqiqiy e’tiqoddan emasligi mana shu yerda namoyon bo’ladi. Agar ishonch bilim, fakt yoki allaqanday yasama, to’plangan ma’lumotlar ustiga qurilgan bo’lsa, unda bu ishonchning uzoq vaqt sobit qolishi dargumon, axir faktchalik tez o’zgaradigan boshqa nimarsa bormi bu dunyoda (aytmoqchi, faktning o’zi emas, talqini o’zgaradi – “Faktlar emas, faqatgina talqinlar mavjud”, Nitshe)? Yana bir gap, Zosimaga ko’ra, mo’jizalar talab qilib, ularning guvohi bo’lgandan keyin ishonganlar aslida ishonishni istashgani uchun ishonishgan, mo’jiza guvohi bo’lgani uchun emas. (“Mo’jizalar iymonni emas, iymon mo’jizalarni yaratadi”.) Aks holda, guvohlar mo’jizani xayolot sifatida ko’rishlari yoki o’z aqliga shubha bilan qarashlari ham mumkin edi. Odatda insonlar voqelikni o’zi xohlaganicha, qalbi istaklariga moyil tarzda talqin qiladilar (“Rashomon” filmi esingizdami?). Xohlakova balki ich-ichidan shuni xohlagandir, dunyoviylikka istagi bo’lgani uchun ham dinidan kechgandir va bu voqea unga ayni maqsadlarini oqlash vositasi bo’lgandir. Bir tomondan, qalb mayllari zanjirida qolgan insoniyat sinalar ekan, u jarayon davomida emas, undan ancha avval, azal-azaldan sinovdan o’tgan yoki yiqilgan, deyish ham mumkin. Ammo bunday desam juda tor talqinga yo’l qo’ygan bo’lardim. Chamasi adashyapman.


Tolstoyning "Avliyo Ota"si o'zini bo'lajak gunohdan to'xtatib qolish uchun o'z barmog'ini kesgani haqida oldin yozgandim. Yosh qahramonimiz Liz esa o'zining ichidan chiqib kelayotgan qudratli isyonni jazolash, alalxusus o'zini jazolash uchun o'z barmog'ini eshik tirqishiga tutgancha, eshikni qars etib yopadi. Ezgulik haqida qancha eshitgan bo'lmasin, haq yo'ldan qancha boxabar bo'lmasin, ich-ichidan yopirilib kelayotgan hayotga nisbatan bemalolgarchilik qarashi, ataylab vayronkorlikka intilish, barchadan nafratlanib, ulardan (hech qanday asossiz) qasos olishga intilishga bo'lgan kuchni jazolash uchun Liz shunday yo'l tutadi. Axir, bularning bari juda insoniy, juda insonga xos. Ba'zan inson o'zini to'xtatib turolmaydi, yoki ongli ravishda to'g'ri yo'lni tanlolmaydi, faqatgina o'zining adashishini chetdan kuzatib turoladi, xolos. Bunday hollarda uning savol-javobini kutish ham shart emas. U o'z-o'ziga jazo tayinlay oladi, bu kichik jismoniy og'riqdan tortib to o'z-o'zini xarob etishgacha borishi mumkin. Kishi o'z-o'zini xarob qila turib ham buni ham o'z yovuzligiga yo'yadi. Aks holda o'zining yaxshi inson ekanligiga, o'z tavbasiga, poklanishga ishonishiga to'g'ri keladi, bu esa aytishga oson. Taslim bo'lish emas, uni tan olish katta ish. Shunchaki inson ekanligini, o’z erki irodasini isbotlash uchun o’z fitratiga qarshi borishga tayyor turgan obrazlardan biri mana shu Liz bo'ladi (xuddi “Yer ostidan maktublar”dagi qahramon kabi). Uning ruhiy evrilishlari yakuni ochiqlanmagan, ammo men uning o'z-o'zini xarob holatga keltirib va bunga uning o’zi zaharxanda kulgi bilan munosabat bildirishini bemalol tasavvur qila olaman. Va balki adashyapman.


Asar oxirlarida intellektual Ivanning ko’ziga shayton obrazi ko’rinishni boshlaydi va shayton bilan suhbat ham ravshan-ki, inson psixikasi uchun kuchli simvollardan biri. Ivan o’ta dunyoviy inson, u yer yuzidagi baxtsizliklar ustiga qurilgan jannatga berilgan chiptani qaytarishga tayyor. U ilohlarga ishonmaydi, binobarin bu dunyoda axloq qoidalari ham mavjud emas deb aytadi, yoki aniqrog’i ba’zilarning qitiq patiga teginish uchun shu ataylab kabi g’oyalar haqida gapiradi. Axir, Ivan o’z tili bilan aytadi, u ilohga emas, ilohning ushbu dunyosiga isyon qiladi. Batafsil aytishga vaqtim, eshitishga esa vaqtingiz yo’q. Juda tor talqin bilan aytganda, Smerdyakov ismli qahramon Ivanning axloq haqidagi so’zlarini har qanday narsaga ijozat sifatida qabul qiladi va qotillikka qo’l uradi, Ivanning badkor otasini o’ldiradi (u qanchalar badkor bo’lmasin, qotillikni hech narsa oqlolmaydi, buni “Jinoyat va Jazoda”gi Raskolnikov misolida allaqachon ko’rib bo’lganmiz.) Smerdyakov qottilikni to’laqonli o’z bo’yniga olmaydi, askincha unda qisman Ivanning ham aybi borligiga ishora qiladi. Mana shu narsa Ivanni tamom qiladi. O’zining “shayton” vazifasini bajarganligini g’ayrishuuriy tarzda anglasa-da, avvaliga ochiqchasiga qabul qilgisi kelmaydi. Ivan o’z otasini o’z qo’llari bilan emas, o’z g’oyalari bilan “o’ldirganligi” unga kutilmagan ulkan bir azob olib keladi. Bu to’la anglanmagan azoblar gallyutsinatsiya, alahlash va shayton ko’rinishida o’zini namoyon qiladi. Freydcha aytganda, anglanmagan va ichkariga bostirilgan tuyg’ular uning ich-ichidan otilib chiqa boshlaydi. Mana shu yerda falsafa va psixologiya o’rtasidagi kesishuv nuqtasi ko’zga tashlanadi (ammo bu yerda falsafa va psixologiyaga juda tor bir mazmun beraman, chidaysiz endi). Falsafa umumiyroq aytganda dunyoga va insonga tashqaridan qaraydi, uni o’rganmoqchi, anglamoqchi bo’ladi, dunyoviy (“metafizik emas” ma’nosida) mantiq va sof aqlga ko’ra unga to’g’ri ta’rif berishga urinadi. Psixologiya esa insonning ichidan chiqadi, nimaiki ichkarida bo’lsa, mana shu insonga ta’rif vazifasini o’taydi, bunda falsafadagi standartlar mavjud emas. Aytmoqchimanki, falsafada aql qoliplari yoki prizmasi orqali standart shakllantiriladi va haqiqatni aniqlashda ana shu standart o’lchov birligi sifatida qabul qilinadi (ushbu standart nuqtasi “mantiq”, “empirizm” “til”, “pragmatizm” va hokazo bo’lishi mumkin).


Falsafa qancha haq va to’g’ri bo’lmasin, insoniy holat (men “psixologiya”ni tor doirada shunday atayapman) baribir o’z so’zini aytib qolaveradi. Falsafiy jihatdan oqlangan holat, qalb tomonidan inkor etiladi, sen nimaga ishonishni tanlashing mumkin, ammo ishonganing “o’zliging, asling, mohiyating” bilan bir chiqishi yoki chiqmasligini belgilab berolmaysan. Haqiqat albatta “falsafa”da, ammo hayot “psixologiya”da. Balki shuning uchun ham (bu haqda oldin ham aytgan edim) Dostoevskiy o’z xatlarida “mening turgan nuqtam mana shu, agar menga haqiqat va Masih ikki tomonda turadi, deyishsa, men Masihni tanlagan bo’lar edim” degan edi. Va ehtimol, u ham adashayotgan edi.


Asardagi eng muhim simvollardan biri – diniy. Buyuk Inkvizitor odamzodga berilgan erkinlik uni xarob holatga olib kelishi haqida nutq so’zlaydi. U erkinlik va tanlov huquqi insonni barcha baxtsizliklarga duchor qilganini, inson qullik ichra ko’proq baxt topishi mumkinligini, ularga erkinlik berilsa barcha yovuzliklar va axmoqona ishlar, isyon va alaloqibat baxtsizlik kelib chiqishi, erkin odamda esa o’z erkidan foydalanishdan ko’ra, o’z xo’jasini izlab topish mayli kuchliroqligi va shu orqali erkinlik “zanjir”laridan qutulib, baxtga erishishi mumkinligi haqida va’z qiladi. U barcha so’zlarini yer yuziga 1500 yildan so’ng qaytib kelgan Iso Masihga qarata aytmoqda. Inkivizitor biz insonlar sevadigan qullikni ularga beroldik, endi sening keraging yo’q, nega qaytib kelding, deya shikoyat qiladi. Iso Masih shaytonning vasvasalariga berilib, odamlarga non berishi, ularga mo’jiza ko’rsatishi, yoki tuganmas-bitmas hokimiyatni qo’l ostida jamlashi va natijada barchani birdek ortidan ergashtirishi mumkin edi, ammo u bu yo’lni tanlamadi. Masih insonlar o’z erkidan kelib chiqib iymonni tanlashini istadi. Inkivizitor esa bu uning eng katta xatosi ekanligini, olomon uchun har doim shu dunyomizdagi non jannatdagi nondan ustun bo’lishi haqida gapirarkan, uning o’zi insonlarga non berib, ularning erkidan judo qilganligini va ularni yana bir bor baxt yo’liga qaytarganini faxr bilan aytib beradi. “Biz sening noming bilan harakat qilyapmiz, ammo endi senga ergashmaymiz, biz Unga ergashamiz”, deydi. “U” esa shubhasiz, “Iblis”. Uning uzundan uzun nutqini jim eshitgan Masih bir og’iz gapirmaydi, ma’sum ko’zlari bilan unga jim boqqancha uning oldiga borib quruqshagan lablaridan o’padi. Uning butun boshli gap-so’zlariga qarshi birgina javob mana shu o’pich, xolos. O’z ta’limotlariga yoppasiga qarshi chiqayotgan va o’z vakolatidan foydalanib, dinning mohiyatini tubdan o’zgartirayotgan mana shu inson ham nafratga, qoralanishga yo tanqidga emas, balki muhabbatga sazovor. Odamlarni sudlash emas, ularni kechirish va qabul qilish – mana shu insonlarga berilgan erkinlik badali (toki erkinlikdan barcha yovuzlik unib o’sar ekan). Ushbu o’pich Dostoevskiyning ko’plab asarlaridagi xulosani, ya’ni aqlning har qanday argumentlariga-yu, undan kelib chiqadigan har qanday isyonga javob sifatida faqat va faqat muhabbatni ko’rish mumkin. Bu – biz jo’n tushunadigan muhabbat so’zi emas, u soflik, qayg’u, achinish, yig’i (bu oddiy yig’i emas, to’xtovsiz yig’i; jamoa yig’isi; yolg’izlik yig’isi), hamdardlik, birodarlik, kechirim kabi bitmas-tuganmas elementlardan tashkil topgan ulug’ bir hissiyot. Bu keng tushunchani so’zlar bilan ifodalash imkonsiz, uni so’zdan ko’ra ming bora yaxshiroq ifodalaydigan narsa esa yuqorida aytib o’tilgan o’pich bo’ladi. Va albatta, adashayotgan bo’lishim ham mumkin.



Report Page