Tovar belgisi va firma nomi qanchalik ahamiyatga ega…?

Tovar belgisi va firma nomi qanchalik ahamiyatga ega…?

Behro’zxo’ja Saidaxmedov

         Ma’lumki, intellektual mulk obyektlari har bir davlatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida va yuksak sur’atlarda ravnaq topihida o’ziga xos o’rinni egallaydi. Shuningdek, insonning aqliy tafakkuri natijasida yaratilgan obyektlarning xususiyatlari uning uchun alohida huquqiy rejim, muhofaza asoslari va shartlarini belgilashni nazarda tutadi. O’z navbatida qonunchilikka ko’ra mazkur obyektlarga oid maxsus normalarning zamon talablariga mos darajada mavjud bo’lishini taqozo etadi.

 O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 97-moddasi 1-qismiga ko’ra tovar belgisi intellektual mulkning aniq ifoda etilgan natijalariga tenglashtirilgan o’ziga xos vositasi sifatida talqin qilinadi. O’zbekiston Respublikasining 2001 yil 30 avgustdagi “Tovar belgilari, xizmat ko’rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to’g’risida”gi qonuni tovar belgilarining maxsus huquqiy maqomini belgilaydi. Unda tovar belgisi va xizmat ko’rsatish belgisiga shunday ta’rif berilgan: “Tovar belgisi – bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlara xizmatlarini boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan, belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilgan belgilar”.

         Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi davlat muassasasining rasmiy statistik xabariga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida qariyb 30000 ta tovar belgilari amalda ekanligi qayd etilgan. Tovar belgisining asosiy maqsadi iste’molchilarga biron-bir tovar belgisi egasi, ya’ni tadbirkorlik bilan shug’ullanadigan yuridik yoki jismoniy shaxsning tovarlari va xizmatlarini individuallashtirish va raqobatchilar taklif etayotgan aynan bir xil turdagi tovarlar yoki xizmatlardan farqlash imkonini beradi va sog’lom raqobatni ta’minlashda muhim vosita bo’lib xizmat qiladi. Tovar belgisining shakllanish evolutsiyasi mavjud bo’lib, u o’zida bir nechta bizga begona bo’lmagan terminlardan iborat. Dastavval, logotip ko’z oldimizda gavdalanishi lozim. Uning lug’aviy ma’nosi lotincha, “logos” – so’z, “typus” – shakl degan ma’nolarni anglatadi. Tadbirkor qandaydir ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatishni boshlamoqchi bo’lsa, grafik dizayner yollab kompaniya uchun logotip chizdirishi mumkin. Qachonki, tadbiror kompaniyaning logotipini davlat ro’yxatidan o’tkazgandan so’ng, u endi logotip emas, balki tovar belgisi sifatida e’tirof etiladi. Ko’pincha maishiy texnika vositalari sotib olinsa, uning qaysi kompaniya tomonidan ishlab chiqarilganligi e’tibor ostiga olinadi.

Masalan, “Samsung” kompaniyasining texnikalari brend darajasiga yetgan, shuningdek ko’plab iste’molchilar orasida mashhur va dong’i ketgan hisoblanadi. Bu holatda esa, “brend” so’zi oldinga chiqadi. Har kim ham logotip qilish qo’lidan keladi, lekin brend darajada bo’lish va uni amalga oshirish murakkab va ko’p vaqt talab etadi. Tovar belgisi ro’yxatdan o’tkazilishi bilan u bozorda keng reklama qilinib, taniqli bo’lib boraveradi. Taniqli tovar belgisi kompaniya uchun kuchli marketing vositasi va tashrif qog’ozidir. Masalan, tovar belgisi quyidagilarga qodir:

-       Kompaniyaning savdo hajmini oshirish;

-       Kompaniyaning moliyaviy operatsiyalari qiymatiga ta’sir qiladi;

-       Savdo tushumini ko’paytirib, iste’molchi e’tiborini jalb etadi;

-       Kompaniya imji va xaridor ishonchi;

-       Mahsulot naxiga qo’shimcha qiymat;

-      Bir qadam oldinda bo’lish;

-       Litsenziyalar va franshizalar orqali pul ishlash.

         O’zbekistonda firma nomlarini huquqiy tartibga solish 2006 yil 18 sentabrdagi “Firma nomlari to’g’risida”gi O’RQ-51-sonli qonunga muvofiq amalga oshiriladi. Qonunning 3-moddasida “Firma nomi yuridik shaxs bo’lgan tashkilotining individual nomi bo’lib, unga doir mutlaq huquq yuridik shaxs davlat ro’yxatidan o’tkazilgan vaqtda yuzaga keladi”. Firma nomi xo’jalik yurituvchi subyektning o’zini shaxsiylashtirsa, tovar belgisi esa ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotni shaxsiylashtiradi. Ammo, ba’zi hollarda firma nomi tovarni shaxsiylashtirshda tovar belgisi funksiyasini bajaradi. Buning uchun, avvalo tovar belgisi va firma nomi o’zaro mos bo’lishi, ikkinchidan firma nomi bilan bir xil tovar belgisi ro’yxatdan o’tkazilishi kerak. Shuningdek, firma nomidan tovar belgisining elementi sifatida foydalanish mumkin. Firma nomlariga nisbatan huquqlarning vujudga kelishi har doim ham u ro’yxatdan olingandan so’ng paydo bo’lmaydi. Masaln, Rossiya Federatsiyasi, Armaniston va boshqa davlatlarda firma nomiga bo’lgan huquq ro’yxatga olingandan keyin, Fransiya, Kanada, AQSH, Finlandiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda ro’yxatga olinmasdan ham foydalanilishi mumkin. Finlandiyaning 1979 yildagi firma nomlari to’g’risidagi qonunining 2(1)-moddasiga ko’ra "firma nomlariga nisbatan huquq ro’yxatga olingan yoki olinmaganligidan qat’iy nazar vujudga keladi".

         Tadbirkorning firma nomi va tovar belgisining nomlari har xil bo’lishining ijobiy tomoni mavjud ya’ni xavfsizlik nuqtayi nazaridan. Misol uchun, jismoniy shaxs o’zida tovar belgisi va firma nomini ro’yxatdan o’tkazgan. Barchamizga ma’lumki, tovar belgisining amal qilish muddati talabnoma topshirilgan paytdan e’tiboran 10 yilni tashkil etadi. Agar jismoniy shaxs yuridik haxs tashkil etib, firma nomini olgan bo’lsa, ammo qisqa muddatda yuridik shaxning tashkiliy-huquqiy birligi o’zgarishi munosabati bilan uning firma nomiga bo’lgan huquq ham bekor bo’lishi mumkin.

         Xulosa o’rinda shuni ta’kidlash joizki, tovar bozoriga endi kirib kelayotgan tegishli firma tovar bozorida o’z “goodwill”ini yaratish uchun bir necha yillar mobaynida faoliyat olib borishi va uni iste’molchilari tanishi kerak. Firma omida ma’lum va mashhur tovar belgisini ko’rsatish firma nomini qisqa fursat ichida tanilishini ta’minlab beradi. Har kim ham firma nomiga yoki tovar belgisiga bemalol ega bo’lishlari mumkin, ahamiyatga molik joyi shuki, keyinchalik duch kelishi mumkin bo’lgan muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqarishni yo’lga qo’ymasdan ilgariroq tovar belgisiga guvohnoma olib qo’yish eng yaxshi usul hisoblanadi. 


Foydalanilgan adabiyotlar:

1.   Ўзбекистон Республикасида товар белгиларининг ҳуқуқий муҳофазаси ва ҳимояси. Тошкент: Ўзбекистон Республикаси Интеллектуал мулк агентлиги, 2013, 50 бет. Тузувчилар: З.Б. Гиясов, Д.Б. Шерматов. 

2.   Интеллектуал     мулк ҳуқуқи қонунчилигини такомиллаштириш: назария ва амалиёт муаммолари: Республика илмий-амалий конференция материаллари. – Т.: Юристлар малакасини ошириш маркази. – 178 б.

3.   Мельников В. Столкновение прав ва фирменное наименование и на товарный знак. ИС. Промышленное собственност. – 2007. – №.5. – Б. 72– 73. 3 Слизков Р.И. Содержание прав на фирменное наименование. Актуальные проблемы современности: наука и общество. – 2017. – №1. – С.34

4.   Интеллектуал мулк ҳуқуқининг долзарб муаммолари / хорижий экспертлар иштирокида (видеоконференция шаклида) Республика илмий-амалий конференция материаллари тўплами. – Т.: ТДЮУ, 2020. – 336 бет.

5.   https://uz.unitinal.com/savdo-belgilar-va-xizmat-korsatish-belgilari-farqnima/

6.   https://www.ima.uz



AKMALON R.B.


Report Page