Toshkent viloyati aholisi bilan jinoyatlar muhokamasi va keng masshtabda profilaktik tadbirlar oʻtkazildi
IIBB Axborot xizmatiPayshanba – Huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasi kuni munosabati bilan Toshkent viloyatidagi mahallalarda sektor rahbari va masʼullar tomonidan aholi ishtirokida profilaktik tadbirlar oʻtkazildi.
Bugungi kunda Toshkent viloyati hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish boʻyicha yangicha tizim joriy qilingan boʻlib, bunda mahallalardagi kriminogen vaziyat inobatga olinib, qizil, sariq va yashil toifaga ajratilgan va bu boradagi ishlar dastur doirasida manzilli tashkil qilinib kelinmoqda.
Xususan, bugun 4 avgust kuni viloyatning 22 ta shahar-tumanda oʻtkazilgani kabi Parkent tumani “Yoshlik” MFYda ham jinoyat muhokamasi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat IIBB masʼullari, tuman prokurori hamda mahalla ahli va profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqan IIBB Probatsiya boʻlimi boshligʻi podpolkovnik S.Mirtoʻlayev, ehtiyotsizlik oqibatida boʻlsa-da voyaga yetmagan yoshlar oʻrtasida sodir etilgan odam oʻlimi bilan bogʻliq jinoyat har bir masʼul va ushbu mahallada yashovchi har bir fuqaro uchun xavotir uygʻotishi, ogohlik chorlovchi “signal” boʻlishi zarurligini taʼkidladi va bu yoʻnalishga masʼul boʻlganlarning barchasini ogohlikka chaqirdi. Mazkur holat boʻyicha mahalla faollarining ham fikr mulohazalari eshitildi, muhokama qilindi.
Shuningdek, tuman prokurori Sh.Akbarov ham ushbu jinoyat haqida toʻxtalib, fikr-mulohazalarini bildirdi va buning kelajakdagi oqibatlari haqida aholiga huquqiy tushuncha berdi. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” xalq maqoli misolida mahalla ahlini yoshlar hayotiga yana-da jiddiyroq yondashishga chaqirdi. Bu ishlarga masʼul boʻlgan barcha tashkilot xodim va masʼullarning xizmat faoliyatini oʻrganish va kamchilikka yoʻl xodimlarning xatti-harakatiga huquqiy baho berilishi boʻyicha topshiriq berdi.
Maʼlumotga koʻra, 2 avgust kuni 2008 y.t. fuqaro E.E. Parkent tumani “Yoshlik” mahallasida yashovchi togʻasining uyiga mehmonga kelgan. U yerda 2007 y.t. M.T. (togʻasining oʻgʻli) bilan qushlarni ovlash maqsadida togʻasiga tegishli boʻlgan 4,5 kalibrli pnevmatik qurolni uydan olib chiqqan. Shundan soʻng 14 yashar E.E. ehtiyotsizligi oqibatida pnevmatik quroldan oʻq otib 15 yoshli M.t. ni chap koʻkrak sohasiga tan jarohati yetkazgan. Natijada fuqaro M.T. olgan tan jarohati bilan hodisa joyida vafot etgan.
Tadbir soʻngida 7 oy davomida “Yoshlik” MFY profilaktika inspektori kapitan R. Nishonov tomonidan amalga oshirilgan ishlar va mahallaning kriminogen vaziyati haqidagi hisoboti tinglandi va muhokama qilindi. Jinoyatchilik boʻyicha “qizil” toifaga kirgan shu va boshqa mahallalardagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha ishlarni jadallashtirishni kun tartibiga qoʻyildi. Kelgusida shu kabi koʻngilsiz holatlarning oldini olish boʻyicha hamkorlikdagi profilaktik ishlarni manzilli tashkil qilish chora-tadbirlar belgilandi.
Bundan tashqari, Zangiota tumani va Yangiyoʻl shahrida ham Bosh boshqarma masʼul rahbarlari boshchiligida shu kabi jinoyat muhokamasi oʻtkazilib, “qizil” toifaga kirgan mahalla aholisi va yoshlari bilan profilaktik uchrashuv tashkil qilindi.
Hududiy profilaktika inspektorlarining hisoboti tinglanib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish (yaxshilash) borasida bajarilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab olindi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugungi profilaktik tadbirlar doirasida bir yarim mingdan ortiq aholi va yoshlar qamrab olinib, mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish borasida ishlarning keng masshtabdagi targʻiboti oʻtkazildi.
IIBB Axborot xizmati