Toshkent shahrida yil oxirigacha nechta talabalar yotoqxonasi quriladi?

Toshkent shahrida yil oxirigacha nechta talabalar yotoqxonasi quriladi?

O‘zbekiston yoshlar Ittifoqi
So‘nggi yillarda respublikada yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunda 112 ta oliygohda jami 338 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 127 ming 792 o‘rinni tashkil etadi. 

Respublika miqyosida 46 ming 252 o‘rinli 86 ta talabalar turar joyini barpo etish bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Ayni paytda 34 ming 320 o‘rinli 67 ta talabalar turar joyini qurish ishlari olib borilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Davlat dasturida belgilangan talabalar turar joylari foydalanishga topshiriladi. 

2023 yil yakuniga qadar Davlat dasturida belgilangan 18 ming 16 o‘rinli talabalar turar joyi qurib foydalanishga topshirilgan va ta’minlanish darajasi 54 foizga yetkazilgan bo‘lsa, 2026 yilda oliy ta’lim muassasalarining yotoqxonalar quvvati 182 ming 616 o‘ringa yetkazilib, ta’minlanish darajasi 68 foizdan oshirilishi rejalashtirilgan. 

Toshkent shahrida jami 41 ming 848 o‘rinli 108 ta talabalar turar joyi bo‘lib, 2022-2023 yillarda Toshkent shahrida 7 ming 152 o‘rinli 13 ta talabalar turar joyi qurib foydalanishga topshirilgan. 

Hozirda 8 ming 542 o‘rinli talabalar turar joylarini qurish bo‘yicha 10 ta loyihaga asosan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 6 ming 110 o‘rinli 7 ta talabalar turar joyini foydalanishga topshirish bo‘yicha qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. 

Joriy yilda Toshkent davlat pedagogika universitetida 1 ming 500 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirilgan bo‘lib, yangi o‘quv yiliga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 550 o‘rinli va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 400 o‘rinli, hamda yil yakuniga qadar Toshkent davlat transport universitetida 200 o‘rinli, Toshkent davlat texnika universitetida 400 o‘rinli, Toshkent tibbiyot akademiyasida 1020 o‘rinli talabalar turar joylari foydalanishga topshiriladi. 

Talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun muhim omillardan biri ularni turar joy bilan ta’minlash masalasidir. 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha kurs talabalari yotoqxonalarga onlayn ariza yuborish imkoniyatidan foydalanishi mumkin. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish my.gov.uz portali orqali 1 avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. 

Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplab beriladi. Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishi shart. 

Bunda talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar, Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi


Bizni kuzatishda davom eting!

✅ Telegram (https://t.me/yoshlarittifoqi_uz)

✅ Instagram (http://instagram.com/yoshlarittifoqi.uz)

✅ Facebook (http://facebook.com/yoshlarittifoqi.uz)


Report Page