Toshkent shahri, Buxoro hamda Namangan viloyatlarida ham maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi

Toshkent shahri, Buxoro hamda Namangan viloyatlarida ham maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi

Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi Matbuot xizmati

Yana uch hududda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari tasdiqlandi. Unga ko‘ra:

  • Toshkent shahri bo‘yicha aholi uchun 7500 so‘m hamda yuridik shaxslarga 1 tonna uchun (QQSsiz) 188 ming 808 so‘m va 1 m³ uchun (QQSsiz) 89 ming 977 so‘m to‘lov miqdori belgilandi.  
  • Buxoro viloyatida esa aholi uchun shaharlarda 1 kishiga oylik 5000 so‘m, tumanlarda 4000 so‘m hamda yuridik shaxslarga 1 tonna uchun (QQSsiz) shaharlarda 186 ming so‘m, tumanlarda 160 ming so‘m va 1 m³ uchun (QQSsiz) shaharlarda 83 ming so‘m, tumanlarda 71 ming so‘m to‘lov miqdori etib belgilanishi maʼqullandi.
  • Namangan viloyati bo‘yicha aholi uchun 5000 so‘m hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun (QQSsiz) 50 ming so‘m to‘lov miqdori belgilandi.
@sanitationuz

Ta'kidlash joizki, ushbu chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorlari va Vazirlar Mahkamasining “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusiga ko‘ra Xalq deputatlari hududlar Kengashlarining tegishli sessiya qarorlari bilan belgilangan mazkur majburiy yagona tariflar sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Bu borada ishchi organ etib belgilangan Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida to‘lov tariflariga bevosita taʼsir ko‘rsatuvchi asosiy omillar, xususan, ish haqi 1,5 baravarga, avtotransport yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati hamda kommunal xizmatlar, jumladan, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suvi narxlari 2 baravarga, siqilgan tabiiy gaz narxi 4 baravarga, benzin 1,5 baravarga, dizel yoqilg‘isi esa 2 baravarga oshgan. Biroq hududlarda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari oxirgi 2-4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmagan, bu esa sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy taʼsir ko‘rsatib, ularning 2022-yil yakuni bo‘yicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda respublikamizning boshqa hududlarida ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilashga doir chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilangan edi.

Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi Matbuot xizmati

Report Page