Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi

Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi

Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi Matbuot xizmati

Xalq deputatlari Toshkent Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlari Kengashlarining navbatdagi sessiyalarida viloyatlar hududlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini tartibga solish masalalari muhokama qilindi.

Bu borada, davlatimiz rahbarining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4845-sonli Qarori hamda “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli Qarori va Vazirlar Mahkamasining “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 95-sonli Qarori ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.

Unga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusiga muvofiq sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, investitsiya majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish hamda sohada yangi ish o‘rinlari yaratilishini taʼminlash maqsadida, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholining daromadi va turmush darajasini inobatga holda yangi to‘lov tariflari tasdiqlanishi ilgari surildi.

Yagona to‘lov tariflarini ko‘rib chiqishda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi ishchi organ etib belgilangan. Ishchi organ tomonidan o‘tkazilgan tahlillariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida to‘lov tariflariga bevosita taʼsir ko‘rsatuvchi asosiy omillar, xususan ish haqi 1,5 baravarga, avtotransport yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati hamda kommunal xizmatlar jumladan, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suvi narxlari 2 baravarga, siqilgan tabiiy gaz narxi 4 baravarga, benzin 1,5 baravar, dizel yoqilg‘isi esa 2 baravarga oshgani aniqlangan.

Biroq, Respublikada qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari oxirgi 2-4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmaganligi natijasida sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy taʼsir ko‘rsatib, ularning 2022-yil yakuni bo‘yicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketishiga olib kelgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlari Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari xulosasiga ko‘ra Xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarining tegishli sessiya qarorlari bilan davlat xususiy sheriklik loyihasi ishtirokchilari tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun:

  • Toshkent viloyatining jami 22 ta shahar va tumanlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 4400 so‘m va yuridik shaxslar uchun esa 61 000 (68 320 QQS bilan) so‘m to‘lov miqdori;
  • Samarqand shahri va Samarqand tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 5000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 90 000 so‘m (QQS bilan) viloyatning boshqa tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 4129 so‘m va yuridik shaxslar uchun 59 693 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori;
  • Farg‘ona viloyati shaharlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 5000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) so‘m viloyat tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 4000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) so‘m to‘lov miqdori;
  • Andijon viloyatining jami 16 ta shahar va tumanlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 3500 so‘m va yuridik shaxslar uchun esa 47 500 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori etib belgilanishi maʼqullandi.
@sanitationuz

Eslatib o‘tamiz, hozirda respublikaning boshqa viloyatlarida ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilashga doir chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi Matbuot xizmati

Report Page