Toshkent - "tosh shahar"

Toshkent - "tosh shahar"

https://t.me/centerasiastudy

Toshkent shahri Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlari orasida eng qadimiysi bo‘lib, uning tarixi milodiy I-II asrlarga borib taqaladi. Boshkentning hozirgi nomi, ya’ni Toshkent nomining ma’nosi juda murakkab emas.

Mashhur turkiyshunos Mahmud Qoshg‘ariyning aytishicha, bu nom turkiycha «tash/tosh» va so‘g‘dcha «kent» – «qo‘rg‘on», «shahar» so‘zlaridan tashkil topgan bo‘lib, «tosh qo‘rg‘on» yoxud «tosh shahar» ma’nosini bildiradi.

Biroq Toshkentning eng qadimgi nomi Choch biroz boshqacharoq tarixga ega. «Choch» yoxud «Chochanap» toponimi miloddan avvalgi birinchi ming yillikda paydo bo‘lgan va o‘sha davrdagi mahalliy aholi tilida «tog‘» va «tosh» ma’nolarini bildirgan. «Chochanap» yoxud «Chachanap» nomi Chirchiq (Obi Choch) va Ohangaron daryolari oralig‘ida joylashgan vodiyga nisbatan ishlatilgan. Keyinchalik bu yerda vujudga kelgan shahar Choch nomini olgan.

Choch vodiysida so‘g‘dlar ko‘payishi bilan Choch shahri Chochkat, Chochtepa, Chochkent deb atala boshlangan.

VIII asrda Markaziy Osiyoga kirib kelgan arablar Chochni «Shosh» deya nomlagan. Chunki arab alifbosida «ch» harfi yo‘q edi. Shu tariqa, shaharning «Shoshkent» nomi paydo bo‘ladi.

X-XI asrlarda Markaziy Osiyoda turkiy xalqlar ta’siri kuchayishi bilan Shoshkent turkiy tilga tarjima qilinib, «Toshqand» deb nomlanadi. Bunda shahar nomlanishida qadimgi «choch» so‘zining «tosh» ma’nosi asos qilib olinadi.

Biroq XVI asrgacha Toshkentning turli nomlari (Choch, Shosh, Binkat) birday qo‘llanib kelinadi va faqatgina shu davrdan boshlab Toshkent nomi boshqa nomlarni deyarli to‘liq siqib chiqaradi.

1930 yilda, Buxoro va Samarqanddan keyin O‘zbekiston davlati poytaxtiga aylangan Toshkent shahri Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari poytaxtlaridan farqli o‘laroq, SSSR davrida nom o‘zgartirilishiga uchramaydi.

Report Page