Tomoshabog‘

Tomoshabog‘

Abdulla Qahhor

Qadoqchi Hamroqulning tobi qochdi. Kim biladi, kecha kechqurungi xudoyi oshi yoqmadimi, yo ertalab choynak qadoqlatib ketgan kishining nosida bir gap bor ekanmi…

ammo kecha ertalab ham lanjligi bor edi shekilli; boʻlmasa hech jahonda choydan ham makkajoʻxori hidi keladimi!

Uning aʼzoyi badani qaqshab, kamoncha tutgani madori qolmadi. Yana bitta qadoq bilan bitadigan likopcha chala qoldi. Hamroqul naridan – beri dov-dastgohini yigʻishtirib joʻnadi. Uning isitmasi kuchli, boshi ogʻrir edi; tashlagan qadami xohlagan yeriga tushmasdi. U nimani oʻylasa, bu oʻyning oxiri xayolga aylanar edi: issiq-issiq choy ichib, oʻranib yotgan koʻrpasi havoga koʻtarilib ketdi, dam soldirgani mahalla imomini chaqirtirsa, eshikdan lapanglab tobut kirib keladi. Hamroqul qoʻrqdi, tezroq uyiga yetib olgani jadalladi.

Koʻchaning narigi yuzidan uni kimdir chaqirdi. Hamroqul chaqirgan kishiga qarayman deb gandiraklab ketdi.

Chaqirgan kishi tomoshabogʻ “Romanska”ning qorovuli Usta kulol edi. Uning asli oti Stokgulov, Hamroqul, aytishga tili kelishmay, Usta kulol qoʻyib olgan.

Yuzini keksalikdan koʻra koʻrgiliklar gʻijimlab tashlagan bu chol bilan u, oʻtgan yil bahorda, gul qoʻyadigan vazasini qadoqlab berganida tanishgan edi. Bu vaza uning oʻlib ketgan oʻgʻlidan yodgor qolgan ekan. Oʻgʻli Lena degan joydagi oltin konida ishlab, bir vajdan koʻp kishilar qatorida otilgan ekan. Buning sababini Hamroqul oʻsha vaqtda ham, undan keyin ham bilolmadi, chunki Usta kulol bu toʻgʻrida gapirsa, gapdan koʻra koʻproq soʻkinar, titrar edi. Oʻgʻli oʻlgandan keyin chol kampiri bilan bu yoqqa kelgan ekan.

Usta kulol Hamroqulning ahvolini koʻrib, darrov bogʻga olib kirdi va qayragʻoch ostidagi choʻyan oyoqli zangor eshakka oʻtqazib, suv keltirdi. Hamroqul suvni ichib bir oz oʻziga kelganday boʻldi, ammo qayragʻochdagi chumchuqlarning chigʻirlashi negadir koʻnglini ozdirdi. U quloqlariga barmogʻini tiqib, koʻzini yumdi, bir oz nafasini rostlagandan soʻng, xuddi koʻnglini bezovta qiladigan biron narsani koʻrishdan qoʻrqqanday, koʻzini sekin ochdi.

Koʻzini ochdi-yu qarasa… Usta kulol xuddi oʻgʻlining oʻlimi toʻgʻrisida gapirayotganday soʻkinar, titrar edi. Yoshgina, xotinchalish bir ofitser rezinkaday qapchib cholning koʻkragiga tepib. Chol yiqildi. Oʻshanda tepki hali es-hushini oʻnglab ololmagan

Hamroqulning ham koʻkragiga tushdi. U, eshakdan agʻdarildi, ammo darrov turdi;

boʻyniga musht tushdi – munkib ketdi.

Churrr…

- Mirshab!

Qayerdandir Usta kulolning kampiri paydo boʻlib, ofitserning oyogʻiga yiqildi. Ikki mirshab Usta kulol bilan Hamroqulni bogʻdan olib chiqdi va butxonaning narigi tomonidagi mirshabxonaga tomon olib ketdi. Kampir dodlaganicha ergashib bordi.

Olomon toʻplandi.

- Yigʻlama! – dedi Usta kulol mirshabxonaning eshigi oldida kampiriga qarab: — Men bir turmadan ikkinchi turmaga oʻtayotibman, nega yigʻlaysan!

Mirshabxona eshigi ochilib ikki oshnani yutdi. Butxona qoʻngʻirogʻi kechki ibodatga chaqirib, ogʻir va uzun darangladi. Bu tovush hali kun botmasdan mudrab yotgan shahar ustida toʻlqinlanib uzoqlarga ketdi. Toʻplangan xaloyiq nima gap boʻlganini keyin “Turkiston oʻlkasi” gazetasini oʻqib bildi:

“.. Oʻtgan 23-sentyabrda mazkur shaharda rusiya dahasidagi Romanovskiy bogʻida ham

shu qabila beadablik sodir boʻlgan. Chunonchi, sartiyalardan biri oʻzlariga sohiblik qilib turgan rusiya toʻralarining istirohatgohlariga kirgan, yaʼni nihoyatda beadablik qilgan…”


Report Page