Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgan bir guruh sportchilar va ularning trenerlari taqdirlandi

Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgan bir guruh sportchilar va ularning trenerlari taqdirlandi


Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan Tokio-2020 yozgi Paralimpiya oʻyinlariga litsenziyalarni qoʻlga kiritgan sportchilar va ularning trenerlarini taqdirlash marosimi davom etmoqda. Toshkent viloyati Dukent sport bazasida oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov ishtirok etdi.

Shu kuni para yengil atletika hamda para akademik eshkak eshish boʻyicha Tokio-2020ga yoʻllanma olgan terma jamoa sportchilariga 100 million soʻmdan, ularning trenerlariga esa 50 million soʻmdan bir martalik mukofot puli sertifikatlari topshirildi.

Marosimda soʻz olgan Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev Paralimpiya oʻyinlari ostonasida turgan sportchi va trenerlarga oʻzining samimiy tilaklarini izhor qildi.

“Muhtaram Prezidentimiz tomonidan sportga, xususan Paralimpiya harakatiga qaratilayotgan bunday yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik dunyoning kamdan-kam davlatlaridagina bor. Shunday ekan, biz barchamiz bir jamoa boʻlib, oldimizda turgan Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarida ushbu ishonchni oqlashimiz va yurtimizga yuqori natijalar bilan qaytishimiz lozim. Bu yoʻlda barchangizga avvalambor sogʻlik, kuch-quvvat, sabr va matonat tilayman. Barchangizga omad yor boʻlsin”, – dedi Muxtorxon Tashxodjayev.

Shuningdek, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

“Sizlarning mana shunday sabr va matonat bilan koʻrsatayotgan natijalaringiz har qanday tahsinga sazovor. Albatta, oldimizda katta maqsadlar turibdi. Tokioda boʻladigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida xalqimiz va Prezidentimiz sizlardan yuqori natijalar kutmoqda. Ishonamanki, sizlar albatta bu ishonchni oqlaysizlar va mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasiga munosib sovgʻa bilan qaytasizlar. Barchangizga yana bir bor omad va zafarlar yor boʻlsin”, – dedi Ravshan Ermatov.

Shundan soʻng para yengil atletika boʻyicha terma jamoa aʼzolari – Sabina Suxanova, Asila Mirzayorova, Muhammad Rexsimov va Nurxon Qurbonova soʻzga chiqib, oʻzlariga nisbatan bildirilgan ushbu yuksak eʼtibor uchun Muhtaram Prezidentimizga chuqur minnatdorchilik bildirishdi hamda bu ishonchni Tokioda boʻladigan oʻyinlarda oqlashga vaʼda berishdi.


Report Page