Tokchadagi tumor

Tokchadagi tumor

Luqmon Bo‘rixon

Ne-ne shonli, shavkatli, zafarli harb-u zarblaridan koʻra nikohida birgina ayol boʻlganligi bois tarixda yorugʻ nom qoldirgan saljuqlar sultoni Selem ikkinchi suronli kunlarning birida galdagi jang-u jadalga otlana turib suyukli rafiqasi Duygu begimga qadim momolaridan meros qolgan , aytishlaricha, sirli bir tarzda juftlarning muhabbatiga muhabbat, sadoqatiga sadoqat qoʻshadigan muqaddas tumorni taqdim etgan, ammo oʻsha muhorabadan oʻzi omon qaytmagan, butun mamlakat buyuk hukmdorga motam tutgan, Duygu begim esa erining qurbon boʻlganiga ishonmay ne – ne asilzodalar yuborgan shilqim sovchilarni rad etib, oxir – oqibat saroydan bosh olib chiqib ketgan, mamlakat sarhadlarida qoʻnim topib, shu joyda momolardan meros oʻsha muqaddas tumorni koʻziga mahkam bosganicha erini giryona kutgan, shu alfozda oʻn ikki yil, umrining soʻnggi nafasigacha ovloq adirlarda sarosar kezinib yoʻl qaragan, joni chiqar payti ham erining nomini ohista pichirlab, chehrasi allanechuk nurlanib, butun vujudidan xushboʻy hidlar taralib turgan, rivoyatlarga koʻra, qavm-u qarindoshlar, oqsoch-u xizmatkorlar marhuma malika koʻksida mahkam tutgan oʻsha muqaddas tumorni uch kun urina – urina arang barmoqlari orasidan ajratib olishgan, va eʼzoz-u ehtirom ila poytaxtga joʻnatishgan, oʻsha jajjigina tabarruk tumor sulton saroyining eng bebaho mulki, ilohiy muhabbatning timsoli sifatida yillar, asrlar boʻyi koʻz qorachigʻidek saqlangan ekan.

   Mahobatli, muhtasham muzeyning ozgʻin – oriq, sap –sariq, siyrak sochlari silliq taralgan, bet, boʻyin terilari burishgan keksa xodimasi sulton va malika muhabbati haqida shu taxlit hikoya qilarkan tovushi allanechuk titrab chiqar, tevaragi oynaband,ichi mitti chiroqlar yogʻdusidan charogʻon tokchada kuyib qovjiragan yurakdek tirishibgina yotgan eksponatga tez – tez ishora qilar, goho,oʻz aytganlarini paydar – pay tarjima qilayotgan tolxivichdek yigitga, goho hazin hikoyatdan hayajonlanib someʼ qotgan, koʻrgazmadagi qop qora tumor tomon ixlos va ehtirom ila intilayotgan sayyohlarga sargʻish gardishli koʻzoynagi ostidan savolchan – sinovchan tikilar edi. Tomosha talablar toʻpida toyranglab turgan kengsoylik Toʻlqin fermer achingannamo bosh chayqab, ustma -ust uf tortib, eh, attang deb yubordi. Xodimaning titroq toʻla tovushidanmi yo oʻn ikki kundan beri olislarda yurib, yurtni qumsaganidanmi, ishqilib, ne – ne sevgi sahnalari, ishq mojarolari aks etgan hind kinolarini koʻraverib diydasi qotib ketgan boʻlishiga qaramay, mahzun muhabbat haqidagi hikoyadan u xiyla taʼsirlangan edi . Hatto, qirma – qir giryona charx urib yurgan beva malika xayolida ikki – uch jonlanib, koʻzlariga beixtiyor yosh qalqib chiqqanday boʻldi, uzoq bu mamlakatga bir guruh tadbirkorlar bilan pishloq ishlab chiqarish sir – asrorlarini oʻrganish maqsadida kelganini ham, serhasham bu muzeyga hamrohlarining qutqusiga uchib, chala – yarim kiyingan satanglarni tomosha qilish ilinjida kirib qolganini ham unutdi. Esu dardi charogʻon oyna ostida mahkam tugilgan mushtdek boʻlib yotgan buyuk muhabbat, cheksiz sadoqat timsolida boʻlib qoldi.

   “ Men shu tumorni sotib olmoqchiman”,- dedi u bir payt tarjimonga yuzlanib.

   Tarjimon Toʻlqinga bir zum taajjublanib tikilib turdida, soʻng uning soʻzlarini xodimaga yetkazdi. Qari xodima muloyim jilmayib, vazmin bosh chayqadi. Chiyal bozorida savdolashaverib koʻzi pishib ketgan Toʻlqin fermer kampirning tabassumini,boʻshashibgina bosh chayqashini oʻzicha tushunib battar qizishdi.

   “ Ikki barobar haq toʻlayman!”- deb guvrandi.

   Gap nima haqda borayotganini anglagan baʼzi bir chet sayyohlar Toʻlqin fermerga taajjublanib tikilishar, hoynahoy, yuksak insoniy tuygʻularni qadrlay biluvchi shunday tanti boyvachchani koʻribturishganidan hayratlanishar,oʻzaro xayrixoh pichirlashar edi. Hatto, unda fotoanjomlar Kengsoylik mehmon tomon toʻgʻrilanib bir ikki yogʻdu sochib oldi.     Shu payt boshqa bir muzey eksponati qoshida gangib turgan pishloqparvar guruh rahbari es – hushini yigʻib oldi-yu Toʻlqin fermerning qoʻlidan tortqilab uni tashqariga olib chiqdi.

   “ Mast – past emasmisiz, aka, - deb gʻazabini sochdi rahbar, -nima qilganingiz bu? Butun dunyoga sharmanda qildingiz - ku?”

   Toʻlqin shirakayf odamday suzildi.

   “Xotinimga sovgʻa qilmoqchi edim”.
  “ Oʻsha matohning narxini bilasizmi oʻzi? Loʻli ayollar toʻp – toʻp sotib yuradigan tumorlardan deb oʻylayapsiz, shekilli.”

   Toʻlqin fermer sarosimalanib qoldi. U chindanam ziyoratgohlar tevaragida xotin – xalaj sotib yuradigan, har xil balo qazodan saqlashga kafolat beruvchi taqinchoqlarni eslab, oynaband tokchadagi tumor bahosi ham xuddi oʻshalarnikiday deb chamalagan edi.

 “ Ha, shunday”, - deb gʻudrandi Toʻlqin.

   Rahbarning figʻoni falakka chiqdi.

   “Kamida uch – toʻrt million doʻllor turadi u! Anovi ayol kattakonlari bilan maslahatlashib, boʻpti, sotamiz deb qolganida nima qilardingiz, a, nima qilardingiz? Hazillashdim dermidingiz. Bu yerda unaqa hazillar ketmaydi, aka. Yo soʻzingizda turasiz yo... maynavozchilik qilganingiz uchun moʻmaygina jarima toʻlaysiz, jarimasi ham yuz ming, ikki yuz ming doʻllardan kam emas...”

   Guruh rahbarining lab – dahanidan uchayotgan bu iddaolar boshqa payt balki qoq qansharga tushgan mushtday Toʻlqinning koʻzlardan koʻkish- yashil uchqunlar sachratib yuborar, safarga otlanishgan kuni tashkilotchilar mayda- chuyda xarajatlarga deb ulashgan Kengsoylik tadbirkor yemay- ichmay choʻntagida asrab yurgan uch – toʻrt tangani mahkam changallagan koʻyi orqasiga qaramay qochib qolardi. Ammo ayni chogʻda Toʻlqin fermer xuddi jodulanganday koʻzlari chaqnab, miyigʻida iljayib, jununvash tebranib turar, koʻz oʻngida sershovqin, serhasham shahar, mahobatli, muazzam muzey emas, bir biriga yelka tutib ketgan behudud qir- adirlar, biyday dala- dasht yastanib koʻrinar, oppoq yuziga hasrat soya solgan, quralay koʻzlari mungli, jingil sochlari toʻzgʻin, motamsaro malika u tomon talpinayotgandek tuyular, yuragida sogʻinchga, intiq –intizorlikka oʻxshash hislar charx urib aylanar, tinimsiz tanbeh berayotgan rahbarning, qoʻllaridan tortqilab uni avtobus tomon yetaklayotgan hamrohlarining gap – soʻzlari ham qulogʻiga bamisli olis – olislardan, elas –elas, uzuk – yuluq eshitilar edi. Ne tongki, safar muddati tugab, kechki payt bahaybat Boing oʻrindiqlariga yastanib ortga qaytishar ekan hali – hanuz oʻsha tilsimli,totli tuygʻular talovida tebranib, ich-u tashi serjilo ranglar jilvasidan yorishib, goʻyoki uchoq ichida emas, oʻzi qanot chiqarib, ukpar bulutlar bilan oʻynashib, yulduzlar bilan boʻylashib parvoz etib borardi.

   Tun timqora chodirini shosha pisha yigʻib tevarak tiniq tortayotgan bir paytda Toshkentga kelib qoʻnishdi.Aeroport hamishagidek gavjum. Baland bino biqinidagi panjara ortida kutuvchilar, xira kirakashlar gʻira – shira koʻzga tashlanadi.

   Toʻlqin uchoqda tuzukroq mizgʻiy olmagan boʻlsa-da, oʻzini tetik, bardam his qilar, koʻringan bilan koʻrishgisi, quchib oʻpgisi kelardi.

   Kimdir uyqusiragan tovushda mingʻirladi:

   “ Bola –chaqaga arzigulik sovgʻa –salom ham ololmadik. Yuringlar, hozir toʻppa toʻgʻri Otchopar bozoriga borib u – bu narsa sotib olamiz.”

   “ Yaxshi taklif boʻldi -ku – ya, - dedi kimdir qitmirlarcha tomoq qirib, - amolekin Toʻlqinboyni olib bormaymiz. Xuddi muzeydagiday koʻtara savdo qilsalar bizga hech narsa qolmaydi.”

   Oʻngu soʻlda piq piq kulgi so‘zlari eshitildi.

   Toʻlqin hazil – huzullarga parvo qilmadi. U ayni paytda chindan ham oʻzini boy – badavlat, qoʻli uzun, tili uzun his etar, yurish – turishida, nigohlarida allanechuk viqor va salobat sharpalari kezinardi. Shu sababdan boʻlsa kerak hamrohlari bilan Otchopar bozoridan sovgʻa –salomlik xarid qilganida sotuvchilar, tiqilinch avtobusga oʻtirib oʻz tumaniga joʻnaganida haydovchilar, boshqa yoʻlovchilar unga ajabsinib, qiziqsinib qarab –qarab qoʻyishardi.

   “ Toʻlqin aka, safar sizga juda yoqibdi,- dedi tanish kirakash uni tuman markazidan qishlogʻiga eltib qoʻyarkan, - oʻn ikki kun ichida ancha oʻzgarib ketibsiz. Toʻgʻrisi, taniyolmay qoldim.”
  Jahongashta fermer eʼtiroflarga iljayibgina bosh irgʻab qoʻyar, koʻrgan kechirganlari haqida odatdagidek ovozini baralla qoʻyib gapirsa, baralla kulsa, goʻyo shundoqqina koʻz oʻngida tovlanib, oralanib turgan gʻoyat nozik, gʻoyat nafis bir xilqatni choʻchitib yuboradigandek, oʻzi tubsiz zulmat qaʼriga qulaydigandek, bor bisotidan ajralib qoladigandek tuyulardi.

   Koʻp oʻtmay Kengsoy dala dashti, baland –past qir – tepaliklar koʻzga tashlanib qoldi. Tuyqus xayolotida tagʻin togʻu toshlar oralab giryona yurgan motamsaro malika jonlandi-yu Toʻlqinning tan-u joniga totli titroq taraldi. Yuragi gurs – gurs ura ketdi.

   “Shu yerda toʻxtatib yuboring,”- dedi u gʻudranib.

   “Nega?- ajablandi haydovchi, - hali uyingizga ancha bor –ku?”

   “Sal piyoda yurmoqchiman, oyoqning tomiri tortib qoldi.”

   “Uyingizgacha olib borib yangamdan suyunchi soʻrayman degandim-da.”

   “Men qir oshib borguncha, bemalol xabar yetkazishga ulgurasiz.”

   “Kelishdik,”- deb kuldi haydovchi.

   Toʻlqin fermer gʻayri ixtiyoriy bir tarzda, shosha –pisha mashinadan tushib qoldi. Nazarida yerga emas bir parcha bulut ustiga oyoq bosganday hanuz havolanib, boshi andakkina aylanib turardi.

   “Toʻgʻri qildim, - xayolan oʻz qilmishini oʻzi oqlashga urindi u, - anovi tepalikdan lippa oshib oʻtsam, uyimning ustidan tushib boraman. Yoʻl- yoʻlakay lalmidagi ekinimga koʻz tashlayman.”

   Kun asrdan oqqan edi. Qish qahridan endigina qutilgan qir – adirlar quyoshning iliq taftiga yalangʻoch yagʻrinlarini toblab yotardi. Nam tuproq isi, koʻklab qolgan maysalar ifori dimogʻlarga xush uriladi.

   Toʻlqin safar toʻrvasini yelkasiga osib, son- sanoqsiz mol –hol izi boʻylab tepalikka koʻtarila boshladi. Dimogʻi chogʻ, koʻngli kunday ravshan edi. Nagoh shundoqqina qarshisida, qirning qiyasida, qaylargadir intiq – intizor tikilib jonsarak turgan ayolga koʻzi tushdi-yu taqqa toʻxtadi. Toʻxtadi-yu oʻz xotinini tanib xayollari algʻov -dalgʻov boʻlib ketdi.

   “Iya, Matluba – ku?! Bu yerda nima qilib yuribdi? Yo biror mol –pol jiyirib qoʻydimikan?”

   Balki boshqa payt boʻlganida koʻz oʻngida badar ketgan jonivori jonlanib jahongashta fermer jahl otiga minib, jundor barmoqlari beixtiyor mushtga aylanardi. Ammo ayni chogʻda... goʻyo quvvati qurib qoʻnalgʻasiga qoʻnayotgan quyosh Matlubaning sargʻish –qizgʻish libosidan qayta choʻgʻlanayotgandek, choʻgʻlar bir parcha alangaga aylanib uning yuragiga harorat, halovat indirayotgandek tuyuldi. Beixtiyor qiyqirib xotini tomon imo- ishora qilishga chogʻlandi. Biroq ayol shartta ortiga burildi-yu qiyalikdan pildiraganicha enib ketdi. Toʻlqin qichqirib uni toʻxtatmoqchi boʻldi, lekin hayajondan qurshab qolgan boʻgʻzidan bor- yoʻgʻi zaifgina xirqiroq sitilib chiqdi. U safar xaltasini orqalaganicha jon holatda qir ustiga intildi. Biroq ulgurmadi. Toʻlqin tepalik ustidan hansiragan koʻyi koʻz tashlaganda xotini allaqachon hovlisida kuymalanib turganini koʻrdi.

   Balki boshqa payt boʻlganida xotinining befarosatligidan figʻoni falakka chiqib, tishlari gʻazabdan qayralib, ortidan toshlar otib qolardi. Ammo ayni chogʻda... pastga pildirabgina Matluba emas, necha kunki koʻz oʻngida jilolanib, jilvalanib turgan xilqat sargʻish – qizgʻish etaklarini silkitib goʻyoki noz-u istigʻno bilan ortidan chorlab uyi tomon enib ketganday tuyuldi. Yuz – koʻziga tabassum qalqdi. Yuragi zavq – shavqdan hapriqdi. Xuddi shu zavq – shavq mavjida hovlisiga qanday kirib borganini sezmay qoldi.

-   Assalom...

Matluba ikkala qoʻlini ham koʻksiga qoʻyib, negadir eriga emas, uning oyoqlari ostiga tikilgan koʻzi peshvoz chiqdi. Toʻlqin fermer bosh irgʻab alik olgan boʻldi. Negadir ilk marta qalligʻi bilan uchrashuvga chiqqan yigitday dovdiradi. Xotini ildam intilib erining qoʻlidagi toʻrva – xaltani olayotgan payt nogoh koʻzlar toʻqnashdilar. Shundagina Toʻlqin Matlubaning qarogʻlari quvonchdanmi, yigʻidanmi namiqib, xira yiltillab turganini payqadi.

-   Yaxshi oʻtiribsizlarmi, - deb qoʻydi u poyabzalini yechib ichkariga kirarkan.

-   Tuzuk...

-   Bollar koʻrinmaydi.

-   Salimingiz qoʻzilarni haydab ketgan, Sardor hali maktabdan qaytmadi, yoʻl – yoʻlakay togʻamnikiga ham kirib chiqaman degandi.

Axborot Toʻlqinning qulogʻiga deyarli kirmadi. Oʻz xonadonining tanish, juda tanish hidlaridan boshi aylanib koʻzi tinib ketdi. Shosha -pisha ust kiyimlarini yecha boshladi. Shu lahza xona toʻridagi, bir paytlar Matluba sepiga qoʻshib olib kelgan, oldi oynaband servantga koʻzi tushdi. Koʻzi tushdi-yu oʻsha muzeyda koʻrgani, yop – yorugʻ oynaband tokcha tuyqus xayolida jonlandi. Beixtiyor servant tomon yurdi u. Qiziqsinib oyina ortiga qaradi. Qaradi-yu bir qalqib tushdi. Axir oyina ortidagi servant tokchasida xuddi oʻsha muzeyda koʻrgani kabi, olachipor bogʻichli, qop – qora qoplamali tumor eshilib yotardi! Toʻlqin koʻzlariga ishonmagandek qarogʻlarini katta – katta ochdi. Tani joniga titroq inib oyina ortiga yana diqqat bilan qaradi. Rost! Xuddi oʻsha tumorga oʻxshaydi!

-   Matluba!- beixtiyor qichqirib yubordi Toʻlqin.

Erining oyoq kiyimini artib dahlizga qoʻyayotgan xotini chopqillab kirib keldi.

-   Labbay.

Toʻlqin botinmaygina servant tokchasiga ishora qildi.

-   Anovi nima?

-   Ha, umi, - dedi Matluba oʻsha tomon ajabsinib koʻz tashlarkan, - tumor-ku.

-   Tumor?! Qanaqa tumor?

Matluba ohista pichirladi.

-Rahmatli qaynanam bergandi... momolardan qolgan meros ekan.

-Nega u bu yerda yotibdi? Tumor taqib yurilmaydimi?

- Taqib yurardim, - deb pichirladi Matluba, - oʻzingiz... burningdan ter isi kelarkan, yechib tashla, degandingiz- ku, shuning uchun ... shu yerda yotibdi.

- Yoʻgʻ-e...

Toʻlqin servant oyinasini ochib tumorni qoʻliga oldi. Biroz ikkilanib turgach, uni sekin hidlab koʻrdi.

-   Chin, - dedi burnini jiyirib, - burningdan ter isi kelarkan. Mayli, hozircha shu yerda tura tursin.

-   Ixtiyoringiz, - deb pichirladi Matluba.

Toʻlqin yer ostidan sekin xotiniga qarab jilmaydi. Ayni chogʻda... qarshisida nozlanib, sollanib turgan ayol necha kundan beri xayolida jonlanib, orom-u tinchini oʻgʻirlagan malikaning oʻzginasi ekanligiga soʻzsiz iqror boʻldi.

Report Page