“Til bilimdonlari” tanlovi nizomi

“Til bilimdonlari” tanlovi nizomi

Izzatxo'ja Asomiddinov

O’zbekiston Respublikasi davlat tili qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan tashkil qilinadigan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan 2021-yilning 22-sentabridan 16-oktabriga qadar bo'lib o'tadigan “Til bilimdonlari” tanlovi NIZOMI

 

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2020-yil 7-oktabrda tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasida oʻtkazilgan majlis bayonining 1-ilova 15-band ijrosi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2020-yil 6-oktabrda qabul qilingan 520-sonli buyrugʻining 9-bandlarida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlaydi hamda Respublikamizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Til bilimdonlari” intellektual turnirini oʻtkazish tartibini belgilaydi.

2. Tanlov Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda “Talaba Yoshlar” Telegram sahifasi jamoasi tomonidan tashkil etiladi.

3. Tanlovda barcha ishtirok etishi mumkin.

 

II. Tanlovning maqsad va vazifasi

4. Turnir mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda talabalarning faol ishtirokini taʼminlash, kitob mutolaasi, kitobsevarlikka chorlash, o’zbek tili nufuzini oshirish hamda davlat tilini yanada kengroq targ’ib qilish, talabalarni o’zbek tilida xatosiz yozishga undash maqsadida oʻtkaziladi. Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirish, talabalarda mustaqil fikrlash koʻnikmasini shakllantirish, iqtidorli yoshlarga oʻz imkoniyatlarini namoyish etish uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etiladi.

5. Turnirning vazifalari quyidagilardan iborat:
- oliy taʼlim muassasalarida taxsil olayotgan iqtidorli yoshlarni izlab topish, mustaqil va erkin fikrga, bilimga ega isteʼdodli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
- yosh avlodni yetuk, yuksak maʼnaviyatli hamda intellektual salohiyatli qilib tarbiyalash, yoshlar siyosatining mazmun-mohiyati targʻiboti taʼsirchanligini oshirish;
- o’zbek tili bo’yicha savodxonlikni oshirish va davlat tilida ish yuritishni targ’ib qilish.

 

III. Turnirni o’tkazish tartibi

6. Oliy taʼlim muassasalari talabalari, professor-oʻqituvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan onlayn “Til bilimdonlari” intellektual tanlovi yakka tartibdagi musobaqa boʻlib, unda ishtirokchilar belgilangan vaqt doirasida o’zbek tili, adabiyot fanidan beriladigan test savollariga javob berish boʻyicha musobaqalashadi. Turnir davomida ishtirokchilarning maqsadi raqiblarga qaraganda koʻproq savollarga javob berishdir.

7. Turnirda ishtirok etish uchun Telegram ijtimoiy tarmogʻidagi @tilbilimdonlaribot manzili orqali belgilangan tartibda onlayn roʻyxatdan oʻtiladi. Ishtirokchilar roʻyxatdan oʻtish davomida Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Ma'naviyat va ma'rifat markazining rasmiy @vuz24_official hamda tanlov boʻlib o’tadigan @tilbilimdonlari kanallariga ulanishlari va maxsus bot bergan shaxsiy referal orqali 5 ta doʻstlarini tanlovga taklif qilishlari kerak.

8. Onlayn roʻyxatdan muvaffaqiyatli oʻtgan ishtirokchilar uchun @tilbilimdonlari Telegram kanalidagi berib boriladigan testlarni ishlash imkoniyati ochiladi.

9. Tanlov davomida 25 kun mobaynida har kuni 12 tadan, jami 300 ta oʻzbek tilida toʻgʻri yozish va imlo qoidalariga oid testlar berib boriladi.

10. Tanlovda ishtirokchilarning biror tanlov qonun-qoidalariga zid harakatlari aniqlansa, oʻsha ishtirokchi tanlovdan chetlashtiriladi.

11. Tanlov nizomida koʻrsatilmagan fors-major holatlar boʻyicha tanlov tashkilotchilari yakuniy qaror chiqarish vakolatiga ega.

 

IV. Tanlov baholash me’zonlari

12. Har bir ishtirokchi testga faqat bir marta javob berish imkoniyatiga ega boʻladi, agar toʻgʻri javob bersa +1 ballni qoʻlga kiritadi.

13. Tanlov yakunida kim eng koʻp ball jamgʻargan boʻlsa, oʻsha ishtirokchi gʻolib deb topiladi.

14. Yuqori oʻrinlarni egallagan ishtirokchilarning ballari teng boʻlib qolgan taqdirda, ular toʻplagan referallar soni kimda koʻp bo’lsa, oʻsha ishtirokchi yuqori oʻrinda deb hisoblanadi. Shu holatda ham tenglik kuzatilsa, tashkilotchilar tomonidan qo'shimcha bellashuv o'tkaziladi.

 

V. Tanlov g’oliblarini taqdirlash

15. Tanlovda yuqori 20 ta oʻrinni egallagan ishtirokchilar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan diplom, sertifikat va quyidagicha qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin – Samsung A32 smartphone va I darajali diplom;
2-oʻrin – Mi Band 5 smartwatch va II darajali diplom;
3-oʻrin – Airpots va III darajali diplom;
4-oʻrin – 10000 mhA Power Bank va sertifikat;
5-oʻrin – 16 Gb tashqi xotira va sertifikat;
6-10-oʻrinlar – uchtadan kitob va sertifikat;
11-20-oʻrinlar – bittadan kitob va sertifikat.


Report Page