“Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun”
Davlat tibbiyot muassasalari xodimlari faoliyati samaradorligini oshirish, yuqori samarali mehnatga intilishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularning o‘z kasbiy darajasini oshirib borishdan manfaatdorligini ta’minlash maqsadida to‘lanishi lozim bolgan ustama va kompensatsiya pullari to‘lab berilmagan.
Fuqaro X.Q va D.D.larning Respublika tez-tibbiy yordam markazi Toshkent shahar filiali tomonidan salohiyatli yosh shifokorlar uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan maxsus ustama pullari to‘lanmaganligidan norozi bo‘lib Toshkent shahar adliya boshqarmasiga murojaat qildilar.
Murojaatda ko‘rsatilgan masalaga aniqlik kiritish maqsadida holat o‘rganilganda haqiqatdan ham mazkur maxsus ustama pullari to‘lanmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-maydagi “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–136-son Farmonining 2-bandi to‘rtinchi xatboshisida 2022-yil 1-iyundan boshlab tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – jamg‘arma) mablag‘larining 75 foizi guruhidan qat’iy nazar barcha xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi, shuningdek yettinchi xatboshisida esa, yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar berilishi ko‘rsatilgan.
Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi (2023-yil 16-yanvar, 3416-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) nizomning
13-14-bandlarida maxsus komissiyaning tegishli qarori asosida qabul qilingan tibbiyot muassasasi rahbarining buyrug‘iga muvofiq yangi ish boshlagan tibbiy oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilariga (keyingi o‘rinlarda – salohiyatli yosh shifokorlar deb yuritiladi) ishga qabul qilingan kundan boshlab, birinchi uch yillik mehnat faoliyati uchun oylik ish haqi to‘lovlariga har oyda birinchi yil uchun – 1 million so‘m; ikkinchi yil uchun – 750 ming so‘m; uchinchi yil uchun – 500 ming so‘mdan maxsus oylik ustamalar qo‘shimcha tarzda to‘lanishi qat’iy belgilangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan yangi ish boshlagan tibbiy oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari fuqaro Q.X. hamda D.D.larning manfaatlarini koʻzlab, toʻlanmagan maxsus ustama va kompensatsiya pullarini undirib berish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Natijada, sudning tegishli hal qiluv qarorlariga asosan ish beruvchi tashkilot tomonidan fuqarolarning 84 467 000 so‘m ustama va kompensatsiya pullari toʻlab berilishi belgilandi.
Toshkent shahar adliya boshqarmasi
Inson huquqlarini himoya qilish sho‘basi boshlig‘i
Alisher Nekov