“Tibbiy yordamchi” — donorlarni topishda koʼmakchi

“Tibbiy yordamchi” — donorlarni topishda koʼmakchi

 Milliy ofis

Urban.Tech Hakaton musobaqasida “Tibbiy yordamchi” loyihasi bilan qatnashgan Fargʼona viloyatining Raqamli texnologiyalar markazi xodimlari Salohiddin Turgʼunov, Ilhomjon Boltaboev, Muhammadqodir Аhmadjonov va Bahrom Jalilov rahbarligida, shuningdek, tibbiyot yoʼnalishida maslahatchi Sarvinoz Аhmadjonova tomonidan taqdim etilgan loyiha birinchi o'ringa loyiq deb topildi.


 — Bugun Hakaton musobaqasida donorlik va umuman, qon kasalliklari bilan bogʼliq muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladigan “Tibbiy yordamchi” nomli dasturiy ilovaning asosiy qismini taqdim etish jarayonidamiz, — deydi jamoa aʼzosi Salohiddin Turgʼunov. — Toʼgʼri, musobaqa uchun belgilangan 3 kun muddat biz uchun juda kam. Biroq dasturimizning asosiy qismini yaratishimiz uchun yetarli.

 

 Ilovaning dolzarbligi nimada?


 Statistika boʼyicha Oʼzbekistonda qon beruvchilar, yaʼni donorlik qiladiganlar soni boshqa davlatlarga qaraganda deyarli 2 baravar kamligi maʼlum boʼldi. Pandemiya davrida bu koʼrsatkichlar yanada pasaydi. Respublikada real holatda ayrim qon guruhiga nisbatan yuzaga keladigan muhtoj vaziyatda oʼzimiz yaratayotgan dasturiy taʼminot orqali imkon qadar muammo yechimini topishga harakat qilmoqdamiz.

 Maxsus dastur mobil ilova orqali yuklanadi. Аsosiy donorlikka qaratilgan ushbu ilovani yaratishdan maqsad qon va qon beruvchilarga bogʼliq, respublika boʼyicha real talablarga mansub, noyob qon guruhlari, qon bilan bogʼliq kasalliklar va qon berishi mumkin boʼlgan donorlarni topib berishdan iborat.

 

 Аfzallik xususiyatlari

 Bugun har bir fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga qaysi qon guruhiga mansubligi toʼgʼrisida maxsus bosma qoʼyiladi. Аlbatta, biz ana shunday holatni ham inobatga olganmiz. Shuningdek, respublikada mavjud barcha qon markazlarida roʼyxatda turadigan donorlarni ham mobil ilovaga kiritamiz.

 Bundan tashqari, ilovada donorlikdan boshqa juda koʼp tibbiy xizmatlar ham taklif qilinadi. Bevosita poliklinika yoki shifoxonalarga bormasdan turib ham ayrim tahlil sinamalarini topshirish uchun yozilish va foydalanish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, tayyor boʼlgan tahlil natijasini olish uchun shifoxonaga borish shart emas, aksincha, barcha maʼlumotlar onlayn tarzda yuboriladi. Birgina qon tahlilining oʼzi koʼp kasalliklarga oydinlik kiritadi. Mazkur ilovada barcha turdagi qon tahlillari javobini olish uchun turli joylarga borishga hojat qolmaydi. Negaki barcha qon tahlillari va qon kasalliklari boʼyicha maʼlumotlar umumiy bir bazada yaratiladi. Qon sinamasini qayerda topshirishingizdan qatʼi nazar, barcha maʼlumotlar birgina umumiy bazada saqlanadi. Qon tahlili topshirgan fuqaroning natijalari olti oy mobaynida ilovada turadi. Barcha maʼlumotlarni onlayn tarzda koʼrib turish mumkin.

 Donorlik qilmoqchi boʼlgan savobtalab insonlar uchun alohida boʼlim bor. U yerda donorlar haqida barcha maʼlumotlar (salomatligini isbotlovchi dalillar, qon guruhi) mavjud. Eʼtiborli jihati, yurtimizda donorlarni ragʼbatlantirish boʼyicha mukofotlar ham joriy qilingan.

  Ilovaning diqqatga sazovor tomoni shundaki, aynan koronavirus xastaligida qonning quyuqlashishi holatlari koʼp qayd etildi. Аna shunday damda qanday muolajalar olish va qonni normal holatga keltirish boʼyicha maʼlumotlarga ega boʼlmagan insonlar “Tibbiy yordamchi” ilovasi orqali kerakli maslahatlarni olishlari mumkin.

  Bundan tashqari, ushbu ilova tezkor qon kerak boʼlib qolgan hollarda yashash hududiga qarab, yaqin masofada turadigan donorlarni topishga yordam beradi va xabarnoma yuboradi.

 Respublika qon quyish markazi mazkur loyihamizga katta qiziqish bildirishdi va uni amaliyotda sinab koʼrishimizni taklif qilishdi. Kuni kecha biz bu haqda shartnoma ham imzolashga erishdik.
Milliy ofis axborot xizmati

“Urban.Tech Uzbekistan” hakaton musobaqasida 37 500 000 so'm bilan taqdirlanishdi



Report Page