Temur Malik jasorati

Temur Malik jasorati

Bekzod Abdirimov

Chingizxon Banokatga Oloq nо‘yon, Saqtu va Buqalarni besh ming kishi bilan jо‘natadi. Ularga boshqa amirlar ham qо‘shiladi. Banokat homiysi Ilatg‘u Malik Qang‘li turk qabilasidan iborat qо‘shini bilan uch kun qarshilik kо‘rsatdi, sо‘ng Ilatg‘u Malik mо‘g‘ullardan omonlik sо‘radi. Bu shahar ham boshqa shaharlar fojiasini kо‘rdi, ya’ni qurolli aholi о‘ldirildi, tirik qolganlardan – hunarmandlar, qurolsozlar asir olindi va xizmatga qо‘yildi. Tirik qolgan yosh yigitlarni Oloq nо‘yon buyrug‘iga binoan Xо‘jandga xashar uchun haydab ketishadi.

Undan keyin Xо‘jand qal’asiga navbat yetdi.

Bu qal’a Sirdaryoning ikki tomonga bо‘lingan joyida qad rostlagan bо‘lib, О‘tror va Banokat voqealari aks-sadosi bu shaharga allaqachon yetib kelgandi. Qal’a mudofaasini Xorazmshohlar davlatidagi eng jasur lashkarboshilardan biri - Temur Malik boshqarardi. Tarixchi Juvayniy bu lashkarboshini Firdavsiyning “Shohnoma”sidagi afsonaviy qahramon Rustamdan ham ustun qо‘yadi, ya’nikim agar u Xо‘jand amiri davrida yashaganida edi, u Temur Malikka otboqar bо‘la olardi, xolos, deb yozadi. Temur Malik mohir qо‘mondonlik va harbiy-taktik iqtidor sohibi ekanligini, Chingizxon qо‘shinlari bilan bо‘ladigan jangning foydali rejasini oldindan belgilab berganligida kо‘rishimiz mumkin.

Temur Malik shahar qal’asi kо‘p sonli mо‘g‘ullar zarbiga uzoq muddat dosh berolmasligini yaxshi bilardi. Shu sababli, u mо‘g‘ullar kelishidan oldin Sirdaryoning о‘rtasidagi orolda baland qо‘rg‘on (xisor) barpo ettiradi. Va yana u kо‘pchilik yosh xо‘jandlik yigitlarni harbiy ishga о‘rgata boshlaydi.

Shunday qilib, tez orada uchta lashkarboshi - Oloq nо‘yon, Suketu Cherbi va Taqaylar boshchiligidagi mо‘g‘ullar qо‘shini shaharga yaqinlashib kelardi. Buni kо‘rgan shahar aholisi qal’aga yashirinishadi. Biroq mо‘g‘ullarning 70 ming kishilik lashkariga qarshilik kо‘rsatish befoydaligini tushungan Temur Malik, mingtacha dovyurak jangchilari bilan shaharni tashlab chiqadi-da, oldindan tayyorlangan qо‘rg‘onga о‘rnashib oladi. Bu yerga yetib kelgach mо‘g‘ullar kо‘radiki, bu qо‘rg‘onni osonlikcha ishg‘ol etib bо‘lmaydi, chunki na kamon о‘qlari va na manjaniq toshlari qо‘rg‘on devorlariga yetib bormasdi. Shu sababli, ular xо‘jandlik yosh erkaklardan tashkil topgan tutqunlarni haydab kelishadi hamda yordamga О‘tror, Buxoro, Samarqand va boshqa bosib olingan kichik shaharu qishloqlarning mahalliy aholisini yig‘ishadi. Barcha asirlar soni 50 ming nafarni, mо‘g‘ullarning о‘zlari esa yigirma ming kishini tashkil etdi. Shunday qilib, jang boshlanib ketadi. Bu asirlarga yayov holda uch farsax uzoqlikdagi tog‘dan toshlar tashib keltirishni va ularni daryoga tashlab, tо‘g‘on yasashni buyuradilar. Temur Malikning tasarrufidagi askar juda oz edi. Yuqorida aytib о‘tganimizdek, u hali mо‘g‘ullar kelmasidan oldin jangga hozirlik kо‘radi, aynan mahalliy usta va kemasozlarga о‘n ikkita kema yasatadi. Ularni loy surtilgan namat-kigizlar bilan о‘ratib, sirka septiradi, natijada ular dushmanning о‘qlari va о‘t yondiruvchi qurollariga bardosh beradigan bо‘ldi. Jang boshlangach, ushbu kemalarda sohilga xavfsiz yetib olar, yon devorlarda qoldirilgan shinaklardan dushmanni о‘qqa tutardilar. Har kuni erta tongda Temur Malik har tarafga shu kemalardan oltitasini yuborardi va ular beayov jang qilishardi. Ularga dushmanning na о‘q-yoylari, na olovi yetib borardi. Ular dushman suvga otgan toshlarini qaytarib, yana qirg‘oqqa otishar edi. Har kecha esa Temur Malik о‘z askarlari bilan о‘sha kemalarda tо‘g‘onga suzib kelar, uni buzar va mо‘g‘ullarga katta talafotlar yetkazar edi. Temur Malik shaharni shu tariqa uzoq mudofaa qildi. Biroq dushmanga uzoq muddat qarshilik kо‘rsatish uchun uning kuchi ham, quroli ham yо‘q edi. Shu sababli, ahvol judayam yomonlashgach, dushman bilan kurashish foydasizligini kо‘rgach, u о‘z odamlarini shunday holat uchun oldindan tayyorlab qо‘yilgan yetmishta yopiq qayiqlarga joylashtiradi-da, ot, qurol va ozuqalarni yuklatib, kechasi boshlari uzra mash’allarni yoqib, Sirdaryoning oqimi bо‘yicha quyi tarafiga suzib ketadilar. Temur Malik Jand orqali sahroga, undan Xorazmga bormoqchi bо‘ldi. Shunday qilib, mо‘g‘ul qо‘shinlari bu voqeadan xabar topishgach, ikkala qirg‘oq bо‘ylab ularni ta’qib qilishni boshlashadi. Biroq dushman tо‘dasi qirg‘oqning qayerida paydo bо‘lmasin, kamon о‘qlardan katta talofat kо‘rganiga qaramay, Temur Malikning о‘zi solni u yoqdan bu yoqqa burar, mо‘g‘ullar hujumini daf etardi. Shu zayilda uning qayiqlar birikmasi Banokatga yetib keladi, bu yerda mо‘g‘ullar, Temur Malikning qayiqlarini tutish uchun daryoning bir qirg‘og‘idan ikkinchisiga temir zanjir tortib qо‘yishgan edi. Ammo lashkarboshi uni bir zarb bilan uzib ketadi.

Oqim bо‘yicha suzib, О‘tror, Sig‘noq orqali о‘tib, Jand va Barchinlig‘kent о‘lkalariga yetib keladi. Bu yerda Jо‘jixon Temur Malikning yо‘lini qayiqlardan yasalgan kо‘prik bilan tо‘sib qо‘ydirgan edi. Kо‘prikda manjaniqlar, daryoning ikki qirg‘og‘ida esa hujumga shay bо‘lib mо‘g‘ul qо‘shinlari turardi. Bu pistirmadan xabar topgan Temur Malik о‘z askarlariga tо‘siqqa yetmay, Barchinlig‘kent qirg‘oqlariga chiqishni buyuradi. Otlarda chо‘l tomon yо‘l olgan askarlarni mо‘g‘ullar izma-iz ta’qib qilib kelishardi. Temur Malik mollar yuklangan otlar bilan odamlarni oldinga jо‘natib yuborar, о‘zi esa bir necha askarlari bilan orqada qolib, dushman bilan olishar edi. Bir necha kun shu tariqa jang qilishdi. Odamlarining kо‘p qismi halok bо‘ladi yoki yaralanadi. Mо‘g‘ul qо‘shinining safi esa kun sayin kо‘payib borardi. Oxir-oqibat Temur Malik oz sonli odamlari bilan qoladi, lekin hali ham chidamlilikni namoyish etardi va taslim bо‘lishni hayoliga ham keltirmasdi. Yonidagi qolgan askarlari ham о‘ldirilgandan keyin uning yonida atigina uchta kamon о‘qi qoladi, о‘qlarning bittasi singan va uchi yо‘q edi. Nihoyat, Temur Malik uni ta’qib qilayotgan uchta mо‘g‘ul bilan yuzma-yuz keladi. Ulardan birining kо‘zini uchi bо‘lmagan о‘q-yoy bilan yaralaydi. Qolgan ikki nafar mо‘g‘ulga esa jonlarini saqlab qolgan holda chekinishni maslahat beradi va ular chekinishadi. Temur Malik esa omon-eson Gurganjga yetib oladi va u yerda Jaloliddin Manguberdi qо‘shiniga qо‘shilib oladi.



Report Page