Teleradiokanallarga va virtual operatorlarga o‘z faoliyatini amalga oshirganlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari maqbullashtiriladi

Teleradiokanallarga va virtual operatorlarga o‘z faoliyatini amalga oshirganlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari maqbullashtiriladi


Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasida Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi doirasida ko‘rib chiqiladigan masalalar tegishli davlat organlari va tashkilotlar mas’ullari, ekspertlar ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qo‘mita a’zolari tomonidan “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ushbu Qonun bilan tele- va radiokanallarga, shuningdek, uyali aloqa virtual operatorlariga o‘z faoliyatlarini amalga oshirganlari uchun to‘laydigan davlat boji miqdorlari kamaytirilib, ularga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Qonun bilan tele- va radiokanallar tomonidan teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirganlik, qurganlik, ulardan foydalanganlik va ularning xizmatlar ko‘rsatganligi uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlari ilgarigi miqdorlarga nisbatan mos ravishda 50 foizga kamaytirilmoqda.

Bundan tashqari, Qonundagi ushbu o‘zgartirishlarga asosan endilikda tele- va radiokanallar tomonidan yuqoridagi faoliyat turlari uchun to‘lanadigan davlat bojini yilning har choragi uchun teng miqdorlarda bo‘lgan holda to‘lashga imkoniyat yaratib berilmoqda.

Qo‘mita a’zolari ushbu imkoniyatlar kelajakda aloqa hamda tele- va radiokanallar orqali efirga uzatilayotgan media mahsulotlari sifatini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Muhokamalardan so‘ng Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.



Report Page