Telegram'da ayol kishi nomidan profil ochib, tovlamachilik qilgan erkak ushlandi
@BB_TulyaganovYangiyoʻl shahar IIB Jinoyat qidiruv boʻlimi tezkor xodimlari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi qidiruv tadbiri xususida.
Maʼlum boʻlishicha, Yangiyoʻl shahrida yashovchi 25 yoshli D.Z. telegram ijtimoiy tarmogʻida “Babadjanova” (ayol kishi nomiga ochilgan) profili egasi bilan tanishib, u bilan bir qancha vaqt muloqot qiladi.
Jarayonda “Babadjanova” akkaunti egasi oʻzini ayol kishi deb tanishtirib fuqaro D.Z. ga bir nechta ayollarning behayo lavhalari aks etgan videolarni yuboradi. D.Z. ham unga javob beradi va tarmoq orqali virtual munosabat oʻrnatiladi.
Shundan soʻng, “Babadjanova” akkauntidagi nomaʼlum shaxs fuqaro D.Z. ga u bilan boʻlgan shaxsiy yozishmalarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik va sharmanda qilmaslik evaziga dastlab 200 ming soʻm pullarni plastik karta orqali olishga erishadi va oradan vaqt oʻtib yana 100 AQSH dollari talab qiladi.
D.Z. ning arizasiga asosan Yangiyoʻl shahar IIB Jinoyat qidiruv boʻlimi tezkor xodimlari tomonidan oʻtkazilgan qidiruv tadbiri natijasida – ayol kishi nomiga profil ochib, fuqarolardan shaxsiy yozishmalarni tarqatmaslik evaziga pul talab qilib kelayotgan, Toshkent shahrida yashovchi 2003 yilda tugʻilgan M.Z. (erkak) ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaro M.Z. ga nisbatan Yangiyoʻl shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu oʻrinda fuqarolarni ogohlikka chorlab, bu kabi holatlarga tushmaslik uchun shaxsiy maʼlumotlarni begona shaxslarga taqdim etmaslikni va media (axborot) savodxonliklarini oshirishlarini soʻraymiz.
@BB_Tulyaganov