"Ta'sir psixologiyasi"
Ba'zilar kitobdan, ba'zilar esa hayotdan oʻrganarkan. "Ta'sir psixologiyasi"da ta'rifi keltirilgan quyidagi usulni bir tanishimda koʻrgandim.
Sizda ham ishlarini oson bitiradigan tanishlar boʻlsa kerak. Siz kimdandir iltimos qilib rad javobini olasiz, ularga esa kamdan-kam yoʻq deya olishadi.
Xullas, oʻsha tanishim biror kimga ishi tushsa dastlab undan ancha qiyin narsani iltimos qiladi, tabiiyki rad javobini oladi. Bir muddatdan soʻng esa asl maqsadini aytadi. Narigi odam bir tomondan ketma-ket yoʻq deyish noqulayligi uchun rozi boʻladi. Boshqa tomondan, dastlabki ogʻir ishning oʻrniga bunisi oson koʻrinadi va hatto buni imtiyoz sifatida koʻrib, bajonidil rozi boʻladi. Bu usul amaliy tajribalar orqali sinab koʻrilgan. Haqiqatan ham ish beradi.
Kontrast usuli ham shunga yaqin. Uni sotuvchilar koʻp qoʻllaydi. Maishiy texnika yoki kiyim sotib olgani doʻkonga kirsangiz sotuvchi sizga dastlab bitta mahsulotini koʻrsatib, uning jamiki kamchiliklarini sanaydi. Yaxshi chiqmagan deydi, koʻpga chidamaydi deydi, puliga arzimaydi deydi. Keyin esa sotmoqchi boʻlgan mahsulotlarini tavsiflay boshlaydi. Boyagi yomonning oldida bunisi koʻzingizga a'lo koʻrinadi.
Marketing hiylalariga, qalloblikka nisbatan immunitetim yaxshi deb oʻylardim. Ha, meni tushirish qiyin. Ammo ilojsiz emas. Bir yil avval uyga bir kishi keldi, oʻzini gaz idorasidan deb tanishtirdi. Uydagi gaz jihozlarining toʻgʻri ulanganini, yongʻin xavfsizligini tekshiruvdan oʻtkazishini, kamchiliklar boʻlsa protokol tuzishini aytdi. Qishloq sharoitida kamchilik boʻlishi tabiiy. Bu talabi qiyin tuyuldi, yoqmadi.
Keyin birdan muomalasini yumshatib, xohlasam uy tekshiruvdan oʻtgani haqida qogʻoz yozib berishini va bir yil davomida biror muammo boʻlsa xizmatidan foydalanishim mumkinligini aytdi, xullasi kalom qanchadir pul berdim. Ha, boyagi tekshiruvdan koʻra berilgan pul arzimas boʻlib koʻrindi. Keyingi yil kelganida hujjatlarini soʻradim, dovdirab qochib ketdi. Bilsam shunaqa qalloblik urfda ekan va butun respublika boʻyicha ancha odamni chuv tushirgan ekan shovvozlar.
Ha, kimdir hayotdan oʻrganadi. Biroq hayot bundan benasib qoldirgan boʻlsa yaxshi kitoblar yordam beradi. Hech kim oʻzini ahmoq deb bilmaydi, ammo hayotda bizni juda koʻp ahmoq qilishadi. Nimalarni bilmasligimizni bilish aqllilik sari ilk qadamdir.