Viloyat hokimi Vengriya elchisini qabul qildi
🇺🇿
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev Vengriyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yojef Rojani qabul qildi. Uchrashuvda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va yaqin istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakati bilan O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida ko‘plab sohalarda hamkorlik imkoniyatlari kengayayotgani alohida ta’kidlandi.

Vengriyaning yirik farmasevtika kompaniyalari ishtirokida viloyatimiz hududida dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash, parrandachilik, baliqchilik yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni kengaytirish kabi masalalar uchrashuv asosiy kun tartibidan o‘rin oldi.
Tegishli mas’ullar va ishbilarmonlardan iborat Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Vengriyaga safarini rejalashtirish va bu bo‘yicha birgalikda ish tashkil etishga kelishildi.
Yojef Roja viloyatimizga tashrifi davomida bir qator yirik tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Shunindek, viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev uchrashuv davomida Vengriyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yojef Rojaga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati haqida tushuncha berdi.