Tashnalik

Tashnalik

Asad Asil

Arslon chol bir kam saksonga borganida kampiri bandalikni bajo keltirdi. Kutilmagan bu kulfat, bemavrid judolik oʻn yigitga oʻrnini bermay yurgan qariyani dovdiratib qoʻydi. Otaning nazarida goʻyo oʻzi qatnashib yurgan davralardan birdan fayz ketdi, bu olam huvullab boʻshab qoldi. U uydan chiqmay qoʻydi, hatto choyxonaga kirishni ham tark etdi.

 

Arslon ota yoʻqligi uchun tengqurlar orasida mudom davom etib kelgan askiya, hazil-huzul ham oʻz-oʻzidan barham topdi, davomli, qizgʻin suhbatlar sovidi. Yolgʻiz oʻzi uyiga qamalib, nortuyadek choʻkib yotgan cholni tengqurlari kelib, davralariga chorlar, qariya esa keskin rad etib, “Har narsaning oʻz vaqti bor”, deb qoʻyardi...

 

Hamma tomondan “qoʻlni yuvib qoʻltiqqa urgan” ota bir masalada juda qattiqqoʻl edi. U yakka-yu yolgʻiz oʻgʻlini zir yugurtirib, kampirining barcha rasm-rusumlarini vaqti-vaqtida, koʻngildagidek qilib oʻtkazdi. Keldi-ketdilar tiyilib, qoʻllar boʻshagach, ota oʻgʻli va keliniga ruxsat berdi. Bola-chaqasi bilan shaharga qaytib borganiga bir hafta boʻlmagan edi, ota oʻgʻlini zudlik bilan yana chaqirtirdi. “Ishqilib tinchlik boʻlsin-da!” Avtobusga sabri chidamay, taksi yollab, hadiksiray-hadiksiray yetib kelgan Javlon otasining jiddiy gapi borligini darrov sezdi. Negaki, chol gapini ma­qoldan boshlagandi.

 

– Oʻychi oʻylab boʻlguncha tavakkalchi ishini bitiradi, oʻgʻlim, – dedi soqolini damba-dam silab qoʻyayotgan otasi Javlonning koʻzlariga tikilib. – Mana, kunlar ham joʻnashib ketdi. Endi boʻyogʻi yoz, uyni sal kengaytirib olsammikan, devdim...

 

Javlonning xayolida hozir yashab turgan sharoiti, uy ahvoli jonlandi. U kuta-kuta endigina orzusiga erishgan, shaharning chiroyli qismida qurilgan uylarning biridan toʻrt xonali kvartira olgandi. Kvartirasi ikkinchi qavatda, bolalarining kichiklari yonginasidagi bogʻchaga borardi. Xotini oʻqituvchi, maktab ham chaqirsa ovoz yetadigan joyda. Toʻngʻich farzandlari, xotini bilan qiynalmay, oʻqishga borib-kelib turishibdi. Uyi shahar markazida joylashgani uchun keldi-ketdilar koʻp. Qishlogʻidan shaharga tushganlarning aksariyati Javlonlarnikiga qidirib boradi. Xotini Muhayyo shaharda tugʻilib-oʻsgan, juda odamoxun, kelgan mehmonni osh bilan siylamasa, koʻngli oʻrniga tushmaydi. Xullas, ikkinchi maosh qoʻlga tekkuncha, birinchisi silliqqina boʻlib qoʻldan chiqib turadi. Eski uylarni buzib, oʻrniga yangi imorat turgʻizishning oʻzi boʻladimi!..

 

– Ha, mum tishlab qolding? – ota Javlonning koʻnglidagilarni uqib turgandek zarda bilan davom etdi. – Sendan bir miriyam soʻramayman. Onang ikkimiz oʻlimlikkayam, uy quramiz, deb bungayam yetadigan mablagʻ toʻplab qoʻygan edik. Rahmatlik, yangi uyni, bolalarini bagʻrida qoʻrishni orzu qila-qila oʻtib ketdi. Uyni yangilasak, koʻchib kelsang, onangniyam ruhi shod boʻlarmidi.

 

Javlonni endi qishloqqa koʻchib kelish vahimasi bosdi. U uylanish oldidan Muhayyoga: “Umrbod sha­har­da yashaymiz”, deb vaʼda berib qoʻygandi. Bolalarining bogʻchasi, maktabi nima boʻladi? Bu yerda esa... bogʻcha koʻp yillardan beri qurilib-qurilmay yotibdi. Maktabda ham taʼlim-tarbiyaning mazasi yoʻq, deyishadi. Boʻyogʻi qandoq boʻldi?! Yigitning hayoli oxiri yoʻq kalavadek chuvalashib ketdi.

 

– Mundo-o-oq koʻnglingdagini gapirsang-chi, tiling bormi oʻzi?! – dedi ota chinakamiga jahli chiqib.

 

– Qaydam, oʻylab koʻrarmiz...

 

– E... senga qolgan kunim shu boʻlsa!..

 

Arslon ota etagini qoqib, oʻrnidan turib ketdi. Yoʻl-yoʻlakay ketmonini qoʻliga oldi-da, orqa eshikdan chiqib, bora solib, eski tomni changitib ochaverdi. Ota­ning mehri kabi qahri ham qattiqligini yaxshi bilgan oʻgʻil uning yoniga qayta yoʻlay olmadi-da, orqa eshikdan chiqib, sekingina shaharga joʻnavordi...

 

– Dadam sogʻ-salomat yuribdilarmi, qarindoshlar tinch-omonmi? – har doimgidek darrov surishtirdi, xushboʻy moshkichirini dasturxonga qoʻyayotgan Muhayyo.

 

– Ha, – istar-istamas javob berdi Javlon qovoq-tumshugʻi osilib. Odatiga koʻra, Muhayyo gapni toʻxtatdi. Eri uyga xafa holda qaytgan kezlarida, “oʻpkasini bosib olguncha”, u indamas, oʻz holiga qoʻyib berardi. Bolalarni ham bogʻchadan oʻzi olib keldi. Har kungidek, bir amallab ozgina ovqat yedirdi, dam yalinib, dam urishib, zoʻrgʻa uxlatdi. Javlon devor tomonga oʻgiri­­lib olgancha, har zamon-har zamonda “uh” tortib, miq etmay yotaverdi. Uning uyqusi oʻchib ketgan, otasining gʻamgin va jahldor qiyofasi, oralarida boʻlib oʻtgan qisqa va keskin suhbat xayolidan sira oʻchmasdi.

 

Oshxona yumushlaridan qoʻli boʻshagan Muhayyo, xonalarning chiroqlarini oʻchirdi-da, kelib erining yoniga ohista choʻzildi. Javlonning yuragidagi dardni taxminan tushunib, past va mayin ovozda koʻnglidagi gaplarni aytdi:

 

– Adajonisi, dadam boyaqishga ham qiyin boʻldi-da! Qariganda qadrdonlaridan ayrilib yolgʻiz qoldi. Bir oʻylab koʻrsakmikan? Agar siz rozi boʻlsangiz, qishloqqa...

 

– Ha, endi seniki yetmay turuvdi! Qishloqqa koʻ­chaylik demoqchimisan?! Koʻchmayman, eshitdingmi, koʻch­­mayman! Nima, peshonamga yakkash sarson-sargardon­lik bitilganmi? Yoki meni sinab koʻryapsanmi, sir ol­moqchimisan?!

 

Javlon sakrab turib, divanga oʻtirdi. Stol us­tida yotgan sigaretdan olib tutatdi. Uni tashlab, bosh­qasini chekdi.

 

– Xay, hay, namuncha dagʻallashib ketmasangiz, — mayingina kulimsirab oʻzini ogʻirlikka oldi Muhayyo. – Yangi tanishganimizdagi anavi gaplarni aytyapsizmi? Toʻygacha vaʼdalarning koʻpigi koʻp boʻladi. Siz bittagina vaʼdangizni bajarmay qoʻya qoling! Men buni hech qachon yuzingizga solmaslikka soʻz beraman. Axir oʻylab koʻring, shahardan qishloqqa borsak, nimani ham yoʻqotardik! Men oʻqituvchiligimni qilaveraman, siz iqtisodchiligingizni. Qolgan kam-koʻstlarni birga bi­tirib olaveramiz-da... Qani, boʻyoqqa oʻgirilib, bir jil­mayib yuborsinlar-chi!

 

Javlon Muhayyoning gaplarini jon qulogʻi bilan tinglardi-yu, uning kutilmagan bu taklifiga ishon­qi­ramay, zimdan qarab-qarab qoʻyardi.

 

– Keling, mugʻombirlikni qoʻying! – Muhayyo ovozini bir parda balandlatdi. – Oʻzingiz ham jon-jon deb turibsiz-u, taranglikka balo bormi! Ichdan pishganlik sizga yarashmas ekan! Oʻn yildan beri birga yashab, xotiningizni haliyam sinamadingizmi? Boʻyogʻini bilmoqchi boʻlsangiz, bagʻri keng qishloq havosi, odmi odamlari mengayam yoqib qolgan. Yoqish ham gapmi, obdon bogʻlanib, havasmandman shu joylarga!

 

Javlon indamasdi-yu, Muhayyoning nazarida, erining yuzi yorishib, chiroyi ochila boshlagandek edi. Javlon oʻrniga yotib, xotirjam uyquga ketganidan ke­yingina Muhayyoning koʻngli joyiga tushdi.

 

Peshonasini roʻmolcha bilan tangʻib olib, tuproq bosib qolgan shox-shabbalarni ajratayotgan Arslon otaning koʻzi bir zum tinib ketgandek boʻldi. Qattiq tashnalikni his etib, nariroqda turgan chovgum joʻm­ragini ogʻziga tutdi. Chovgumning qopqogʻi kesak­lar orasiga tushdi-yu, cholning ogʻziga bir-ikki tomchi tomdi xolos. U suvni allaqachon ichib boʻlgan, qolgan-qutgani ham issiqda bugʻlanib ketgan edi. Otaning shu dam juda koʻngli tushib ketdi, birdan darmoni quridi. Nogahon kampirini qoʻmsab, birdan yigʻlab yuboray dedi-da, jovdirayotgan koʻzlarini uzoq-uzoqlarga tikdi. Olis-olisda qishlogʻi sari gʻizillab kelayotgan mashinalar koʻrinib turardi. Chol ulardan koʻz uzolmay qoldi, chuqur xoʻrsinib qoʻydi. Toʻngʻich nevarasi bilan istarasi issiq kelini koʻz oldiga keldi. Quloqlari ostida kenja nevarasining qichqirigʻi eshitilganday boʻldi, boʻyniga chirmashgan jajji qoʻllarini his etdi. Afsuski...

 

Darmonsizlanganidan tizzalari qaltirab ketgan ota qalqib, kesaklar uyumi ustiga oʻtirib qoldi. U katta yoʻldan burilib, mahallasi tomon yaqinlashayotgan mashinadan koʻz uzolmasdi. Goʻyo bir zum qaramay qolsa, yoʻqotib qoʻyadigandek, kiprik qoqmay oʻtirardi. Mashina sehrlangan kabi Arslon ota uyi tomon burildi. U qiyalikdan vagʻillagancha chiqib kelib, ariqchadan bir siltanib oʻtdi va darvoza yaqinida toʻxtadi. Kabina eshigi ochilib, jingalak soch, qop-qora yuzli shofyor sak­rab tushdi.

 

– Hormang, boboy, yurakdan ham bor ekan-da, a? Bir oʻzingiz qoʻrqmasdan hamma uylarni buzib tashlabsiz!

 

Ota shofyor bilan oʻrnidan turmasdan koʻrishdi, indamasdan qandaydir ilinj bilan uning ogʻzini poyladi. Shofyor cholning qoʻlini qoʻyib yubormay turib soʻradi:

 

– Ota, vetvrach Tursunboy akaning uyi qayerda? Juda kerak boʻlib qoldi.

 

Cholning gapirishga madori qolmagandi, qoʻli bilan yuqori mahallaga ishora qildi. Mashina oʻtib ketgach, ota titroq barmoqlari bilan chovgum dastasidan ohista tutdi, oʻng qoʻliga tayanib, oʻrnidan arang turdi, boshini quyi eggancha, ariq tomonga joʻnagan ham ediki, ortida mashina toʻxtadi. Arang oʻgirilgan otaning ajinlar qurshovidagi koʻzlari porlab ketdi. Mashinadan tushgan yigit oʻgʻliga, sumka koʻtargan ayol keliniga oʻxshardi. Bolalar ham nevaralari shekilli...

 

– Bobom, bobojonim!

 

Toʻngʻich nevarasi Lola chopgancha kelib, bobosining boʻynidan quchdi, yuzlaridan choʻlp-choʻlp oʻpdi.

 

– Ey, Xudo, boringga shukur, koʻrsatganingga shukr, – shivirladi ota tashnalikdan qaqshab ketgan lab­­lari bilan. Qariya qoqsuyak, qaltirayotgan bar­moqlari bilan nevarasining sochlarini silarkan, serajin yuz-koʻzlariga yopishgan changda iz qoldirib tomchilar dumalardi. Bu termi, koʻz yoshlarmi... bilib boʻlmasdi.


Report Page