“Tashabbusli budjet” loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

“Tashabbusli budjet” loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

EconomyMoliyaPress

Joriy yilning 25-avgust kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Tashabbusli budjet” loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda vazirlik tomonidan Davlat budjeti departamenti direktori Sherzod Muxamedov, Davlat budjeti departamenti bo‘lim boshlig‘i Azimjon Xasanov hamda mazkur departament xodimlari ishtirok etishdi.

Anjuman davomida vazirlik mutaxassislari tomonidan “Tashabbusli budjet” jarayonining joriy yil 2-mavsumi uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar, ovoz berish jarayonida amalga oshirilayotgan yangiliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqdim etildi.

Xususan, “Tashabbusli budjet” loyihasi bo‘yicha joriy yil ikkinchi mavsumi doirasida taklif kiritish jarayonlari yakunlanib, hozirda tuman/shahar ishchi komissiyalari tomonidan moderatsiya jarayonlari amalga oshirilib kelinayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Ma’lumot uchun, vazirlik tomonidan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumi joriy yil 17-iyulidan boshlanib, 16-sentyabrga qadar davom etishi e’lon qilingan edi.

Anjumanda “Tashabbusli budjet” jarayonining joriy yilgi 2-mavsumi doirasida respublika bo‘ylab jami 49,5 mingta loyiha ilgari surilgani hamda loyiha kiritish jarayonida respublika bo‘ylab barcha mahallalar ishtirok etgani yuzasidan ma'lumot berildi.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Surxondaryo bo‘yicha – 12,3 ming ta, Toshkent shahrida 4,0 ming ta, Qashqadaryo viloyatida 3,6 ming ta va Farg‘ona viloyatida 3,4 ming ta loyiha ilgari surilganiga e'tibor qaratildi.

Joriy mavsum uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tuman (shahar) budjetlari hisobidan jami 1,0 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilishi kutilayotgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, ovoz berish jarayonlarida fuqarolarimiz nimalarga e’tibor qaratishlari lozimligi yuzasidan mas’ullar tomonidan tavsiyalar berib o‘tildi.

Bunga ko‘ra, ovoz berishda qanday usullar mavjudligi va ularning bir-biridan farqlari hamda qulayliklari xaqida batafsil ma'lumotlar berildi.

Shu bilan birga, ovoz berish jarayonlarida majburiy ovoz to‘plashga jalb etish – majburiy mehnatga jalb etish sifatida tasniflanishi eslatib o‘tildi hamda bu bo‘yicha vazirlik tegishli idoralar bilan hamkorlikda ishlar tashkil etishi ta’kidlandi.

Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalist tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berdilar.

Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi


Report Page