Tartib-intizomli ABITURIYENT

Tartib-intizomli ABITURIYENT

@abituriyentgazeta AZIMJON MAHMUDOV

Muvaffaqiyat qozonmoqchi bo‘lgan insonning ichki tartib intizomi, o‘zi istagan muvaffaqiyatga mos tushishi lozim. Reja tuzishga qiynalgan va tuzgan rejalarini amalga oshira olmagan odamlar ichki tartib intizomi kuchsiz odamlar hisoblanishadi.

Odam robot emas. Tugmaga bosilganda ishlay boshlagan, boshqa tugma bosilganda esa to‘xtaydigan. Inson hissiyotlarga ega, o‘tmish va kelajakdan ta’sirlanadigan juda murakkab mavjudot. Faqat robotga o‘xshamasligi ichki intizomini bo‘lmasligi kerak degani emas. Chunki, ichki intizomi bo‘lmagan odamlar maqsad yo‘lida lozim bo‘lgan harakatlarni amalga oshira olmaydilar.


Ko’pchilik o‘quvchilar muvaffaqiyatga erishishning eng nozik nuqtalarigacha bilishadi. Lekin, bularni amalga oshirishga kelganda nima uchundir sustkashlik ko‘rsatishadi. Natija harakatga to‘g‘ri proporsional bo‘lgani sababli ham, istaklariga erisha olmaydilar. Shunday ekan, maqsadlarimizga mos harakat qilishni boshlashimiz kerak.

Diqqatni jamlay olmaslik, motivatsiya etuvchi maqsad bo‘lmasligi, mas’uliyatsizlik, maqsadsiz insonlar bilan birga bo‘lish, atrofimizdagi muhitning ta’siri, kimlargadir bog‘lanib qolish, mehnatni sevmaslik, qarorsizlik, vaqtni o‘ldiruvchi do‘stlar vhk. ichki intizomni kuchsizlantiruvchi va muvaffaqiyat yo‘lida to‘siq vazifasini bajaruvchi unsurlar hisoblanadi.

Garri Truman bu masalada shunday deydi: “Muvaffaqiyatli odamlarning biografiyalarini o‘qirkanman, ilk g‘alabalarining o‘zlari ustlaridan qozonganliklariga guvoh bo‘ldim. Hammasida ichki tartib intizom eng boshda keladi.”

Muvaffaqiyatli odam natijaga bir kunda erishilmasligini biladi. Asta-sekinlik bilan maqsad sari yaqinlashadi. Hatto maqsad qilgan natijasidan o‘tib ham ketadi. Sizni erishishingiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi natijadan, istaklaringizga erishishingizdan va bajara olishingiz mumkin bo‘lgan ishlardan qaytargan nima? Dangasalikmi? Riskka kirishdan qo‘rquvmi? Muvaffaqiyatsizlik qo‘rquvimi? Muvaffaqiyatli bo‘lish qo‘rquvimi?

Mashhur yozuvchilardan birining yoshlarga bag‘ishlab yozgan kitobida quyidagi fikrlarga diqqatingizni qaratishni istadim: “Yaxshilab o‘ylab qarasangiz iroda moddiy va ijtimoiy hayotta muvaffaqiyatli bo‘lishnigina emas, balki baxtli hayot kechirishning ham tamal toshi hisoblanadi. Ba’zi odamlar eshakka o‘zi minib olganini unutib bozordan eshagini qidirib yurgan Nasriddin Afandiga o‘xshaydi. Ular baxt saodatni o‘z ichlarida ekanligini unutib qaxvahona-yu barlardan qidirishadi. Siz bu g‘aflatga tushmang va ishoningki, muvaffaqiyatning siri kabi saodat qushi ham o‘z ichimizda va eng insoniy qudrat manbai bo‘lgan irodamizning oltin qafaslari ichida. Saodat kurak zarbasi natijasida tasodifan topilib qoladigan hazina emas. U omad ham emas, me’ros ham emas. Saodat jiddu jahd va irodamizning qudrati bilan zabt etishimiz kerak bo‘lgan qal’adir.


Irodaning ustun quvvatiga, buni jahd va yaxshi tarbiya yordamida qo‘lga kiritilishiga ishonamizmi? U holda hayotimizning rejasi quyidagicha bo‘ladi: Har kun yana biroz ko‘proq g‘ayrat… Asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, doimo yaxshilikka va kamolotga qarab intilish. Irodaning inson uchun yuksak quvvatiga ishonmaysiz va bunga erisha olmasligingizga ishonasizmi? U holda siz tutgan yo‘l ko‘r tavakkalchilikka ishonib, o‘zingizni taqdiringiz haqida kuyinmaslik yoki hoyu havasga berilib o‘zingizni quruq yolg‘onlarga ishontirish bo‘ladi. Ikki holda ham boradigan nuqtangiz bitta: Safolat va pushaymonlik.

Report Page