Tarix haqida

Tarix haqida

Nuriddin

7-sinfdan tarixga ixtisoslashgan maktabda oʻqiganman. Tarix darslarimiz guruhni ikkiga boʻlib oʻtilardi, dars soatlari ham koʻpaytirilgan. Qiziqmagan odam ham yaxshilab oʻrganishga majbur edi, chunki har 2 ta darsni birida albatta sizni navbatingiz keladi. Biz maktabda oʻrgangan tarix asosan siyosiy tarix edi. Kim qachon taxtga oʻtirgan, qaysi sulolaga kim asos solgan, urushlar qachon boʻlgan va hokazo.

Toʻgʻri yuqoridagilarni oʻrganish muhim. Ammo yana bir tarix yoʻnalishi borki, ularni darsliklardan topa olmaymiz. Buni qanday atalashini bilmayman, balki madaniy tarix desa boʻlar. Xullas, bunda odamlar har bir davrda nimalar bilan mashgʻul boʻlgani, oʻz davridagi siyosiy jarayonlarni qanday qabul qilgani, nimalarni oʻylagan, yoki umuman qanday mashgʻulotlar bilan band boʻlgan, aniqroq aytadigan boʻlsam, oʻsha biz oʻrgangan siyosiy tarix odamlar hayotiga qanday taʼsir qilgan. Nafaqat oddiy xalq, balki ziyolilar hayotiga boʻlgan taʼsir ham qiziq. Chunki oddiy xalq koʻp ham siyosatga qiziqmagan, xuddi hozirgidek. Shu yerda savol tugʻilishi tabiiy, xoʻsh - bu tarixni qayerdan oʻrganish mumkin? Badiiy kitoblardan. Badiiy kitoblarda oʻsha davr insonini ich-ichinigizdan his qilib birga yashaysiz. Bular menimcha insonlarni oʻtmishdagi turmush tarzini oʻrganish uchun eng zoʻr qoʻllanma. Toʻgʻri, badiiy toʻqimalar ham boʻladi. Ammo bu narsa oʻsha davr inʼikosini tasavvur qilishimizga toʻsqinlik qilmaydi.

Keling tushunarliroq boʻlishi uchun bitta misol keltiraman. 1852-yil 9-oktabrda Qoʻqon xonligida qipchoqlar qirgʻini boʻlib oʻtgan. Wikipediaga koʻra 20 000 ga yaqin qipchoq oʻldirilgan. Bu maʼlumot tarix darsligida qanday berilganini koʻring:

Xudoyorxonni qaynotasi Musulmonqul va qipchoqlar hukmronligiga xotima berishga qaror qildi. 1852-yil 9-oktabr kuni Xudoyorxon Toshkentdan chaqirilgan qoʻshin bilan qipchoqlar qirgʻinini uyushtirdi. Qaynotasi Musulmonqul asir olinib, qatl etildi. Qipchoqlarning mol-mulki musodara qilindi va aholiga sotildi.

Qarang atigi bir necha kun davom etgan qirgʻinda 20 000 ga yaqin odam shunchaki qipchoq boʻlgani uchun oʻldirilyapti, darslikni oʻqib deyarli hech nima his qilmaysiz, shunchaki navbatdagi son kabi qabul qilasiz.

Endi xuddi shu jarayon Oʻtgan kunlarda qanday tasvirlanganiga eʼtibor qaratamiz:

Kechki soat to‘rtlarda Qoymas darbozasidan qaytib shaharga kirdilar-da, darbozadan o‘n adim narida boshi tanidan oling‘an uch kishining gavdasiga yo‘liqdilar. Otabek bu holga tushunmadi, chunki ahyonda osiladirg‘on gunohkor Eski namozgoh doriga elitilar edi. Shunga ko‘ra darbozabonni hujrasidan chaqirib so‘-radi:
— Bular qanday gunohkorlar ekan?
Darbozabon bekni tanib qo‘l qovishtirdi:
— Taqsir, qipchoqlar.
— Gunohlari nima ekan?
Darbozabon yotgan gavdalarga qarab oldi va bekning yaqinig‘a keldi:
— O‘zlari bilarlar-ku, taqsirimning... begimga aytkulugi yo‘q...
— Gunohlari nima, axir?
— Axir qipchoqlar-da, to‘ram.
Otabek diqqatlandi:
— Qipchoqlar ekanini bildim, ammo gunohlari nima deb sizdan so‘rayapman!
Darbozabon qo‘l qovishtirg‘ancha Otabekka ajablanib qaradi:
— Aniq xabarlari yo‘qmi taqsirimning? — deb yana so‘radi.
— Yo‘q!
— Voy-boyov taqsir, bu kun ertalabdan beri ko‘rin-gan qipchoqni so‘yib yurdilar-ku. Gunohlari surishtirilmadi, taqsir…

…Otangizni kelishi bilanoq, — dedi Hasanali va entikib fojiani hikoya qildi. — Ey... bek, rahmsizlik bunaqa boʻlar ekan... Xudda qiyomat boʻldi! Bechoralar nima gunoh qildilarkin? Uyida halol kasbini qilib oʻturgʻanlargʻacha tutib soʻydilar... Ey bechoralar, qanday gunohlari bor ekan?! Yigitlar tutib kelturib turadilar, jallod bosh kesib boradir. Bu nogahoniy qazodan eslari chiqib ketkan bechoralar yigʻlashadilar... Ayniqsa bir boʻyoqchi... xudda xum yonidan tutib kelganlar — qoʻli boʻyoq... Ey xudo, men nima gunoh qildim, deb yigʻlaydir... Chidab boʻlmadi, doʻkonini yopib qochdim, koʻplar ham qochdilar... tagʻin bir... — Bas, — dedi Otabek.

Dahshat-a! Darslikdagi 20 000 soni endi alohida sanalgan begunoh odamlarga aylanyapti. Kitobning davomida Yusufbek hoji qoʻlidan kelgancha qipchoqlarni qutqarib qolishga, ulgurganicha qochirib yuborishga harakat qiladi.

Bunday asarlarga koʻplab misol topishimiz mumkin: jadidlar xonlik davri hayotini, Said Ahmad, Oʻtkir Hoshimov, Toʻgʻay Murod kabi yozuvchilar sovet davrini hikoya qilishadi. Ularning har bir romani bu bitta tarix darsligi.

Endi nega aynan qipchoqlar qirgʻinini eslaganimga toʻxtalmoqchiman. Bilamizki, qipchoqlar hozirgi qirgʻizlar bilan etnik yaqin xalq. 2010-yil Qirgʻizistonda boʻlgan voqealardan xabaringiz bo’lsa kerak. Oddiy siyosiy sabab tufayli qirgʻizlar oʻzbeklarni oʻldira boshlaydi. Oʻzbeklar uylarini tashlab qochishga majbur boʻlishadi. Boʻshab qolgan uylarni esa qirgʻizlar talon-taroj qila boshlaydi. Qirgʻizistonda qarindoshimizning mahallasidagi bir qirgʻiz odam atrofidagi oʻzbeklar uylari eshiklariga bu yerda qirgʻiz yashaydi deb yozib qoʻygani va oʻgʻirlik boʻlmaslik uchun koʻz-quloq boʻlib turganini hikoya qilib berishgandi. Ko’rib turganimizdek tarix doim takrorlanadi va har bir davrning oʻz Yusufbek hojilari bor.

Report Page