“Tarbiya” tabiatni amalda asraydigan avlodni tarbiyalaydi

“Tarbiya” tabiatni amalda asraydigan avlodni tarbiyalaydi

asraydigan avlodni tarbiyalaydi

Bugungi kunda butun dunyo olimlari ekologiyaning keskin oʻzgarib ketayotganidan xavotirda. Ekologiyaning keskin oʻzgarib ketishi zamirida bevosita inson omili katta rol oʻynayotgani ham sir emas. Tabiatni asrab-avaylash, atrof-muhitga gʻamxoʻrlik qilish uchun, albatta, barchada ekologiya madaniyat yuksak darajada shakllangan boʻlishi lozim. Bunday madaniyat yoshlikdan shuurimizga singishi esa juda katta ahamiyatga ega! Shu boisdan “Tarbiya” fani oʻquv dasturida ekologik madaniyatga katta eʼtibor qaratilgan va alohida urgʻu berilgan.

🔹 1-sinf “Tarbiya” darsligida oʻquvchilarga “Soy boʻyida” nomli qisqa va sodda hikoya berilgan: “Yoz kunlarining birida soy boʻyiga bordik. Kattalar oyogʻimizga poyabzal kiyib olishimizni aytishdi. Lekin biz yugurib yalangoyoq suvga tushdik. Singlimni oyogʻini soy tubida yotgan shisha sinigʻi kesib yubordi”. Matn soʻngida: “Nima deb oʻylaysiz soyga shisha siniqlari qayerdan tushgan? — deya berilgan savol oʻquvchini mulohaza qilishga chorlaydi. Natijada xulosani oʻquvchining oʻzi chiqaradi.

🔹 3-sinfda darsligida ozodalik inson koʻrki ekanligi, xalqimizda “Poklik bor joyda baraka boʻladi” degan naql bejizga emasligi taʼkidlab oʻtilgan. Suvni tejamkorlik bilan ishlatish va isrof qilmaslik haqidagi pand-nasihatlar keltirilgan. Mavzuda yoritilgan suvni isrof qilmaslik masalasi uni iqtisod qilish bilan ham uzviy bogʻlangan holda turli topshiriqlar bilan beriladi. Ushbu topshiriqlar oʻquvchida tejamkorlik koʻnikmasini shakllantirishga xizmat qiladi.

🔹 4-sinf “Tarbiya” darsligida quyidagi hikmatlarni ko‘rish mumkin: “Suvni isrof qilmang. Qoʻl-yuz, yoki tish yuvayotganda joʻmrakni ochiq qoldirmang. Toza suv – tabiatning noyob neʼmati”.

🔹 5-sinf “Tarbiya”da “Ona tabiatni asrash — bizning burchimiz” mavzusi orqali oʻquvchilarga ekologik muammolar yuzaga kelish sabablari, tabiiy resurslarni saqlash va atrof-muhitni ifloslantirmasdan maishiy chiqindilarni yoʻqotish (utilizatsiya qilish)yoʻriqlari oʻrgatiladi. Shuningdek, hayvonlarga nisbatan rahm — shafqatli boʻlish, ularga gʻamxoʻrlik qilish koʻnikmasini shakllantirish uchun oʻquvchilarga turli vaziyatlar berilib shunday hollardan ulardan qanday yoʻl tutishi soʻraladi.

🔹 6-sinf “Tarbiya” da mavzular ancha murakkablashadi. Biroq fikrlashga chorlovchi savollar, loyiha ishlari, amaliy topshiriq va rasmli hikoyalar orqali oʻquvchilar mavzuni “yengil hazm” qilishga yordam beradi. Endi oʻquvchilar inson va tabiat oʻrtasidagi muammolarni tahlil qilishni oʻrgana boshlaydilar. “Ekologik xatarlar” mavzusida oʻquvchilarga bir qancha voqeiy rasmlar beriladi. Rasmlar orqali oʻquvchi hikoyani oʻzi tuzadi. Hikoya tuzish jarayonida oʻquvchi qahramon bilan barobar turli vaziyatlarga tushadi. U bilan birga xató qiladi, birga tafakkur qiladi va oxir oqibat yakuniy xulosaga keladi. Aynan ushbu xulosalar oʻquvchilarni “Bizning birinchi ekobogʻ” mavzusida loyiha ishi qilishga undaydi. Darslikda bajarilgan topshiriqlar oʻquvchilarni mavjud ekologik muammolarga yechim topishga, tabiatni muhofaza qilish ahamiyatini anglashga yordam beradi.

🔹 7-sinf “Tarbiya” darsligining “Tabiatni asrash – hayotni asrash”mavzusida orol fojiasi, chuchuk suv tanqisligi toʻgʻrisida faktlar, maʼlumotlar hamda Prezidentning ekologiya mavzusida BMT Bosh Assambleyasi 72 sessiyasida soʻzlagan nutqidan keltirilgan. Mavzu soʻngida oʻquvchilarga loyiha ishi beriladi. Oʻquvchilar berilgan taxminiy mavzulardan birini oʻrganib materiallar toʻplaydilar va shu asosida taqdimot qiladilar. “Men yashaydigan hududdagi ekologik muammolar”, “Inson tabiatning xaloskorimi yoki…” “Men yashaydigan joyning boy tabiati aks etgan eng sara suratlar” mavzusidagi loyiha ishlar oʻquvchilarni tabiatni sevishga, ularda ijodkorlikni shakllantirishga xizmat qiladi.

🔹 8-sinf “Tarbiya”da “Tabiatni asrash – hayotni asrash” mavzusi tabiat muhofazasiga oid yangi bilimlarni beradi. Abu Rayhon Beruniyning “Agar odamlar tabiatga nisbat zoʻravonlik qilib, uning qonunlarini qoʻpollik bilan buzsalar, bir kun kelib, tabiat ularga shunday kulfatlarni solishi mumkinki, buni hech qanday kuch qaytara olmaydi”, — degan hikmati orqali oʻquvchilar bugungi global ekologik muammolarni bundan ming yil oldin “Saydana” asarida bashorat qilganini anglaydilar. Insonning tabiat va atrof muhitga munosabati mavzusi ijodiy topshiriqlar orqali oʻquvchida yana-da mustahkamlanadi.

Xulosa qilib aytganda, “Tarbiya” darsligi oʻquvchiga tabiatni asrash kerak degan nasihatni quruq uqtirishga emas, balki uni nega asrash kerakligini tushuntirib amalda tabiatni himoya qiladigan avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.

Report Page