"Galatepaga qaytish" qissasi uchun yozilgan taqrizlar
@e_kutubxona4-iyul kuni Kitobxonlar klubida bo‘lib o‘tgan Murod Muhammad Do‘stning "Galatepaga qaytish" qissasi muhokamasi uchun yozilgan eng yaxshi 5 ta taqriz.

Kitobxonlar klubi
Taqriz 1
Taqriz 2
Taqriz 3
Taqriz 4
Taqriz 5
Taqriz 1
"Dunyoda alam va armon ko‘p – hammaga yetarli..."
Murod Muhammad Do‘stning “Galatepaga qaytish yoxud saodatmand G‘aybarov” asari 1983 yil yozilgan. Yozuvchining ushbu ijodi istiqlol arafasidagi o‘zbek nasrida muhim voqea bo‘lib keldi. Asar Galatepada bo‘lgan aza marosimi tasviri bilan boshlanib shu orqali qishloq aholisining portretini, jamiyatning turmush tarzini ochib beradi.
Asar markazidagi bosh qahramon G‘aybarov bugun va kechagi voqealarni o‘zaro muqoyassa qilar ekan o‘zi atrofida asarning mohiyatini to‘ldirib turgan epizodik qahamonlar hikoyasi bilan nelarnidir xotirlaydi, anglaydi va xulosalarini yangilaydi.
Asarni o‘qish barobarida inson umri – yashash, o‘lish, boqiylikka rixlat qilish tushunchasi turli rivoyatlar, afsonalar bilan qayta yodga olinadi. Ya'ni yozuvchi voqeani badiiylashtirish va reallashtirish uchun ko‘p folklor namunalaridan unumli foydalanadi.
Bosh qahramon bolaligida sho‘x, to‘pori, bilib-bilmay onasini erga bermoqchi bo‘lib ko‘pchilikka kulgu bo‘lgan, ilmli, islomshunos, o‘z otasining marakasida yig‘lay olmagan, bir necha yillardan beri shaharda yashab qishlog‘iga qaytgan Toshqo‘lat G‘aybarov hayotidan hikoya qiladi. Asarda parallel ravishda qishloq va shahar turmushi, din va dunyo tushunchasi, o‘tmish va bugun voqealari mohirlik bilan taqqoslanadi.
Unda o‘gay ukasining boshiga igna sanchib o‘ldirgan Opa, fashistlarga asir tushib ularga mullalik qilgan hamda hozir o‘z yerida davralarning to‘riga o‘tgan mulla Chori, eridan ajrab qayta turmush qurmagan va ta'ziyada “voy to‘ram”lab faryod qilgan Anzirat buvi, aqli noqis Murod amaki, tillaga o‘ch Oyparcha, amalparast Haykal G‘anievich tasvirlanib shu orqali G‘aybarov xarakteri ochib beriladi.
Biz asar orqali do‘stlik qanday bo‘lishini Samaddan, sadoqatni Anzirat buvidan, oldiga maqsad qo‘yib yashashni Shoirdan, samimiylikni Inara tasviridan bilib olamiz.
Yana bir gap. ☝️Asarda ta'ziyaga kelganlarning birortasi, mulla Chori va mulla Soatdan boshqalar, tilovat qilishni, marhum haqiga fotiha o‘qishni bilmaydigan, diniy masalada bahslashgan ikki tomonning qay biri haq yoki nohaqligini ajratolmagan kishilar haqida so‘z boradi. Bu o‘quvchida sho‘ro davrida dinga e'tiborsizlikning avj olganini, xalq o‘zligidan yiroqlashganini namoyon qiladi.
Nega aynan “Galatepaga qaytish”?
Asar qishlog‘idan uzilgan, ilm yo‘lini maqsad qilib ilmiy ishini davom ettirolmay shaharda besabab yurgan, aza tufayli Galatepaga qaytgan, ukalariga jo‘yali gap aytolmay “qabr toshiga nima deb yozdiramiz”deb izza bo‘lgan,otasidan ajralsa-da yig‘lashga o‘zini majburlay olmagan, har bir kelib-ketgan kishining o‘tmishini yodga olib aholining turmushi-taqdirini bir necha voqealar orqali tahlil qila turib eng so‘nggida telbaga aylangan Murod amaki ta'sirida O‘zligini topgan, umidlarini uyg‘otgan G‘aybarov anglashlari bilan yakunlanadi. Ya'ni bu anglash G‘aybarovning qishlog‘i – Galatepa – orzu-maqsadi ramzi sifatida qahramonning o‘zini, o‘zligini topishiga turtki beradi.
G‘aybarov Galatepaga – o‘z dunyosiga, o‘z Meniga qaytdi. “Tirik ekanligingni his qilish qanday huzurbaxsh” deya tan oldi.
✍️ Mehrigiyoh BOZOROVA
Taqriz 2
Iste'dodli , o'zbek adabiyotida o'ziga xos uslubi bilan tanilgan adib Murod Muhammad Do'st qalamiga mansub "Galatepaga qaytish yoxud saodatmand G'aybarov qissasi" 1983 - yilda yozilgan . Ushbu asar adibning ilk yirik asarlaridan biri hisoblanadi.
Murod Muhammad Do'st o'zining "Dasht- u dalalarda" hikoyasi, "Lolazor" romani , "Iste'fo" kabi qissalari bilan kitobxonlarga yaxshi tanish. "Galatepaga qaytish" qissasi islomshunos olim, Buxoroning Galatepa qishlog'ida voyaga yetgan Toshpo'lat G'aybarovning taqdiri haqida hikoya qiladi. Aslini olganda, bu qissada faqat bir qahramon taqdiri yoritilgan, deyish biroz noo'rin. Chunki , G'aybarov va uning atrofidagi uning do'stlari, oilasi , ayniqsa otasining kechmishi, o'ylari hikoya qilinadi bu qissada.
Asar G'aybarovning otasi- Raim oqsoqol vafot etishi bilan boshlanadi. G'aybarov shaharda o'qib, ishlab, otasining iltimosi bilan qolib ketgan , Galatepaga juda kam kelardi. U qishloqdagilarga ham begonadek, o'z zaminidan , qadriyatlari , qondoshlaridan uzoqlashib ketgandek edi. Otasining janozasida ko'ziga yosh kelmasligi boshqalarni, hatto o'zining ham g'ashini keltiradi. Buni tabiiy holdek qabul qilish lozim. Chunki , ba'zan insonlar qalb kechinmalarini , hissiyotlarini ochiq oydin oshkor qilishni o'zlariga munosib ko'rishmaydi. G'aybarov esa otasini yaxshi ko'rardi-yu, yig'lay olmayotganidan uyalardi, hatto unga ukalari ta'na ham qilishadi. Xullas, asar janoza tafsilotlari bilan boshlanadi. Qishloqqa kelgan G'aybarov bolaligini, shirin xotiralarini, shaharga ketishini- yu , hozirgi kungacha bo'lgan hayotini bir bir hayolidan o'tkazadi.
Toshpo'lat G'aybarov - islomshunos olim, ziyoli inson. U hayotning past balandini ko'rgan, yoshi 33 ga yetsada uylanmay yurgan, umuman olganda hayotining mazmunini, baxt va saodatini izlab yurgan obraz.
Asarda shuningdek, mulla Chori , Naim, Samad , Shoir, Soqol, Qobil kabi obrazlarning ham taqdiri hikoya qilinadi.
Asarning bosh g'oyasi zamirida mustaqillikdan oldingi davrda ya'ni sho'rolar zamonida o'zbek ziyolilarining turmushi, ularning o'y hayollari, maqsadlari-yu , bu maqsadlar yo'lidagi g'ovlar aks ettirilgan. G'aybarov timsolida ziyolilarning tipik timsoli yaratilgan deyish mumkin.
Asarda bir qancha rivoyatlar ham keltirilganki, bu asarning mazmunini ochib berishga xizmat qilgan.
Bu asarda barcha qahramonlarni Galatepa birlashtirib turadi. G'aybarov shaharga ketib , o'zligidan birmuncha uzoqlashgan bo'lsa ham keyinchalik u o'z baxtini, saodatini topdi.
✍️ Mumtoz Mahal Begim
Taqriz 3
Murod Muhammad Do‘stning "Galatepaga qaytish yoxud saodatmand G‘aybarov rivoyati" asari o‘tgan asrning oddiy odamlari hayotidan hikoya qiladi. Ushbu asarda insonlarning bir-biriga bo‘lgan muhabbati, do‘stligi, sadoqati, ular o‘rtasidagi mehr-oqibat, ishonch tuyg‘ulari yoritib berilgan.
Asardagi har bir personaj tasviri, ularning xarakteri, odatlari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirilgan.
"Galatepaga qaytish" asarida Toshpo‘lat G‘aybarov atrofidagi odamlar, ya'ni shahardagi do‘stlari va qishloqdagi tanishlarini o‘zaro solishtirish orqali asar mohiyati yanada ochib boriladi.
Masalan, asardagi Anzirat kampirning eri taloq qilgan bo‘lsayam qirq yildan beri unga sodiq qolishi bizda bu ayolga nisbatan qanchalik hurmat tuyg‘usini uyg‘otsa, lekin Qobilning turmush o‘rtog‘i Mazlumaning hali o‘z eri tirik bo‘la turib, unga nisbatan qilgan xiyonati shunchalik nafrat tuyg‘usini qo‘zg‘aydi.
Toshpo‘latning necha yillik do‘sti, sirdoshi Samadning qilgan xiyonati va shunchaki maktabdosh o‘rtog‘i bo‘lgan Mahanboyning uning eng og‘ir kunida yonida bo‘lishi o‘rtasidagi voqealar tasviri bizga haqiqiy, sadoqatli do‘st qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib beradi.
Bundan tashqari Raim oqsoqol, mulla Chori, Ibodulla Maxsum, Murod amaki kabi oddiy insonlar hayoti orqali ham butun bir davrni, undagi barcha insonlar hayoti, g‘am-tashvishlari, qiyinchiliklarini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Bu qishloq odamlari oddiy to‘pori, soddadil, biror joyda o‘qimagan bo‘lsalarda ularda insoniylik, yaqin insonining og‘ir kunida yonida turish kabi tuyg‘ular begona emas. G‘aybarovning do‘stlari esa garchi bilimli, iste'dodli, mashhur insonlar bo‘lsa ham ularda bir-biriga nisbatan mehr yo‘q,
Shoirning do‘stparvarligi, har narsadan tezda zerikishi, Abduvali Soqolning kibrli ekanligi, hammaning ustidan kulishni yoqtirishi, Samadning esa o‘ziga eng yaqin bo‘lgan insonlarga, ya'ni do‘stlariga nisbatan qilgan xiyonati asarni o‘qigan har qanday insonda nafrat uyg‘otadi.
Asardagi bosh qahramon G‘aybarov doimo o‘z ichidagi qarama-qarshiliklar bilan olishib yashaydi. O‘zining soddadilligi, to‘poriligi, har doim to‘g‘ri so‘zni achchiq tili bilan aytishi tufayli, hattoki, professorlik ishlari ham orqaga qolib ketadi. U hamma qatori balandparvoz gapirishni istamaydi. O‘z dilida bor narsalarni tiliga ko‘chirib qo‘ya qoladi, balki shuning uchun ko‘pchilikka yoqmaydi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, ushbu asar insonning asl insoniylikka qaytishi, uning har qanday holatda ham o‘z tuyg‘ulariga, o‘zligiga qarab ish tutishi haqidagi asar hisoblanadi.
Asardan iqtiboslar:
" Dunyoda alam va armon ko‘p - hammaga yetarli"
"Odamzod tuproqdan bino bo‘lgan va yana oxir tuproqqa qaytadi"
" Amaling bo‘lsa odamlar rost gapni aytmay qo‘yadi"
"Biz kichkina odamlarmiz, deb o‘yladi, bizning qayg‘umiz misoli qizamiqqa o‘xshaydi, salga yuqadi, salgina og‘ritadi, sal o‘tib qo‘yib yuboradi..."
" Hayot qiziq: begonalar qadrdonlarga aylandimi, bas bilginki, sen ham kimgadir begonasan, lekin begonalarga emas, eski qadrdonlaringga, Shoirga, Samadga, boshqalarga..."
"Pokiza mehr soqov bo‘ladi, u iqrorga muhtoj emas"
✍️ Maftuna Mirzoyeva
Taqriz 4
Murod Muhammad Do‘st takrorlanmas asarlar sohibidir. U o‘zining har bir asarida o‘zgachalik yarata oladi.
Asarlarining ichida betakror bo‘lgani "Galatepaga qaytish yoxud saodatmand G‘aubarov rivoyati" qissasi har bir kitobxonga ma'naviy oziqa berish barobarida hayotdagi qiziqishlarini, yurakdagi orziqishlarini uyg‘otib yuboradi. Asar hajm jihatidan o‘qish uchun qulay va har sahifani o‘qib borar ekanmiz sahifadan sahifaga qanday ko‘chganimizni hamda qanchalik tez o‘qib tugatganimizni sezmay qolamiz. Ajabo...
Qissadagi har bir personaj o‘zining yorqin xususiyatiga ega. Ta'rif etsakki, G‘aybarov Toshpo‘lat dunyoda kamdan kam uchraydigan insonlar timsoli. Har bir insonning o‘z otasini janozasida hech bo‘lmasa ko‘zlaridan bir tomchi yosh chiqadi. Otasiz qolishdek baxtsiz kunda qalb og‘riqlarini ko‘zlaridagi marjonlar ila chiqaradi. Lekin Toshpo‘lat azada umuman yig‘lamaydi, atrofdagilar nazdida u siynasi qattiq inson. U nechog‘lik yig‘lamasin, baribir otasiga bo‘lgan mehri ulkan edi. Uning xarakteri tushunarsiz va kamyob. Dunyoga munosabati o‘zgacha, na bir turmush qurishni istaydi, na bir nasl qoldirishni, lekin shunga yarasha hayotda ilmini yuksaltirish orqali o‘z hayotini davomiy etishni ham istamagandek go‘yo.... Lekin u sodda, atrofidagi do‘stlari kabi emas, ya'ni do‘stlari kabi sotqin, buqalamun, birovlarni mazax qilmaydigan, devsifat inson. U maruzasida devlarni yoqtirishini, devlarni insonlar o‘zi yaratganini, devlar yaxshi insonlar timsolini hayoliy uydirmasi ekanligini bekorga aytmaydi. Chunki G‘aybarovning o‘zi ham devdek qalbi keng edi. U ich-ichidan ziddiyatlarni taxlil qilib yashardi.
Murod amaki. Ko‘plab asarlarda shunga o‘xshash bir personaj, albatta, uchragani kabi ushbu asarda ham jinni obrazi mavjud. Murod amaki aslida jinni emas, atrofdagilar nazdida jinnidir, ammo atrofdagilarning o‘zlari aqlan nuqsonli! Qalbi go‘daklarniki kabi sof bu inson hech kimga g‘ayirligi yo‘q va hech bir insonga zarar yetkazmaydi.
Raim oqsoqol. Ushbu obraz kamgap va har bir gapi orqali insonlarga vahm tuyg‘usini bera olgan shaxs bo‘lgan. Lekin qarilik uni ko‘l gapiradigan qilib qo‘yib o‘z farzandi bilan urushishiga sabab bo‘ladi. Raim oqsoqol farzandi G‘aybarovni tarbiya qilishi orqali haqiqiy o‘zbek otasi timsolini yaratilgan desak adashmaymiz. U G‘aybarovga hech kimga ishonmaslik kerakligini aytadi. Chunki bu dunyoda nohaqliklar juda ko‘p. Ayniqsa, Raik oqsoqol G‘aybarovga doim aytib bergan rivoyati o‘zgacha. Bir inson qo‘yni so‘yib qopga solib ko‘madi va xotiniga odam o‘ldirdim deydi. Xotini esa chiqib erini sotadi. Bu orqali sotqinlik yaqinim degan insonlar tomonidan qilinishi aytiladi.
Raim oqsoqolni jiyani Naim qo‘ylarni o‘g‘irlaganini boshqalar bilmay qoladi, balki bilganlari ham gapirishmaydi. Chunki oilasi nochorligini bilishadi. Ayniqsa, Raim oqsoqol senga yuqmaydi deb 100% to‘g‘ri aytadi. Insonga ma'naviy ta'sir qilib tarbiyaga chorlaydigan gaplarning borligi insonni quvontiradi.
Asar judayam o‘qishlik ekanjni mutolaa qilgach bilinadi. O‘qish davomida biz hayotni ilg‘ay boshlaymiz. Shunday ekan asarni to‘liq o‘qib chiqishni barchaga tavsiya etaman...
✍️ Fayzullayeva Shahzoda
Taqriz 5
Taniqli o'zbek adibi Murod Muhammad Do'st ijodi, o'zbek adabiyotida alohida o'rin tutadi. Uning mashhur ijodlaridan biri " Galatepaga qaytish" qissasida insoniylikni eng oliy tuyg'ulari aks etgan. Ushbu qissada sho'ro davrining so'ngi yillarida o'zbek ziyolilari ongida ro'y bergan ijtimoiy-psixologik evrilishlarni aks ettirganligi bilan qimmatli. Sadoqat va xiyonat, muhabbat va nafrat, ishonch va gumon kabi xislatlar mujassam.
Qissadagi Toshpo'lat G'aybarov va uning do'sti samad obrazlari davr ziyolilarining ikki xil tipi sifatida namoyon bo'lgan.
Qissa nomining bunday ya'ni "Galatepaga qaytish" deb nomlanganiga sabab qilib o'qish va ishlar sabab tug'ulgan joyi, yaqinlaridan olislab ketgan G'aybarovning jonajon qishlog'iga otasining vafoti sabab qaytishini anglatadi.
Qissa qahramoni G'aybarov Samad bilan talabalikdan qadrdon do'st bo'lishadi. Davralarda birga bo'lishar, oralaridan qil o'tmas qadrdon edilar. Ularning davralarida Shoir, Abduvali-soqol va keyinroq qo'shilgan ulardan 10 yosh kichik alpinist yigit Qobil ham bor. Qobil tog'da qor ostida qolib ko'zlari ko'rmay qolgan. Qobil xotiniga va boshqalarga yuk bo'lishdan qo'rqardi. Oqibatda yaqin do'sti va xotini tomonidan xiyonatga uchraydi. Qobil bundan bexabar bo'lib, G'aybarov bunga guvoh bo'ladi va Samad o'ziga ham xiyonat qilib kelganini tushunib yetadi.
Qissada ota o'g'il o'rtasidagi munosabat bolalikda qanchalar kuchli bo'lgan bo'lsa, vaqt o'tishi bilan ularning mehr muhabbatlari siyraklashib borilganligi kuzatiladi.
Raim raisning mehribon va boshqalarga ham g'amxo'r bo'lgani ham ko'rsatilgan.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsam qissadagi G'aybarov ko'b jihatdan ikkilamchi muallif obrazi vazifalarini o'zlashtirgan. Muallif o'z dunyoqarashi, ijtimoiy va axloqiy qarashlari va hayotiy pozitsiyasini ko'b jihatdan Toshpo'lat G'aybarov orqali aks ettiradi.
Muallif G'aybarov obrazi orqali ezgulikni, Samad orqali esa odam qo'lidan kelaoladigan yomonliklarni ochib bergan.
Qissa oxirida Murod amakining G'aybarovga aytgan so'zlari kitobxonni holatni o'zi boshidan kechirgandagidek tassurot uyg'otadi.
✍️ Доверие
P.S. Taqriz matnlari o‘zgartirilmadi
Asarning elektron shaklini bu yerda yuklab oling
Mutolaada bo‘ling!