Ochildiyeva Munavvar, TTA 2-bosqich talabasi

Ochildiyeva Munavvar, TTA 2-bosqich talabasi



  • Tibbiyot xodimi uchun kurslar nega kerak?
  • Kurslar ommalashishidan avval o'qigan kuchli shifokorlar ham borku?
  • Nega aynan tibosfera?
  • "Institutdagi ustozlarim talabalar ochgan kurslarni qoralaydi"
  • Kursda faqat foydamiz ko'zlanganmi? Unda nega talabalar orasida har xil gaplar yuradi?
  • Onlayn o'qish?
  • Kursda qiyinchiliklarga duch kelamizmi?
  • 2 yil ko'p emasmi?
  • Nega talabalar kurs oxirigacha yetib borishmaydi?


Assalomu alaykum, har bir masalaga javob o'laroq yozgan gaplarimni, xolis fikrlarimni to'liq yetkaza olish menga va to'g'ri tushunish sizga nasib qilsin.

O'zimizga biron nima xarid qilayotganda eng yaxshisini tanlaymiz, duch kelgan narsalarni o'zimizga ravo ko'ravermaymiz, doim eng yaxshisiga talpinamiz. O'zimizga ustoz tanlayotganda ham ilmi, chiqargan shogirdlari, erishgan natijalariga qarab boramiz. Soha qanday bo'lishidan qat'iy nazar shu sohaning asl odami, mutaxassisini qidiramiz. Bemorlarning ham shifo topishiga sabab bo'luvchi yaxshi mutaxassisga ehtiyoji hamda haqqi bor. Biz tanlagan kasb, o'zimiz singari insonlar (tirik, yuksak tuzilishga ega mavjudotlar) bilan ishlash orqali kechadi. Arzimas deb hisoblangan har qanday kichik xato ham, inson hayotiga jiddiy xavf solishi mumkin. Shu sabab ham biz tanlagan yo'l mashaqqatli hamda o'z ishi ustalari uchun sharaflidir...


Bu gaplarni o'qiyotganlarning deyarli barchasi abituriyentlik davri qanday bo'lishini biladiganlar deb hisoblasak, qo'shimcha mehnatsiz, ayni damda o'quv kurslarisiz, maktabning o'zida o'tilgan darslar bilan o'zi xohlagan institutga, xohlagan yo'nalishiga qiynalmay, yuqori natija bilan kirib bo'lmasligini yaxshi bilamiz. Abituriyent uchun o'qishga kirish naqadar muhim bo'lsa, tibbiyot talabalari uchun yaxshi shifokor bo'lish undan-da muhimroq bo'lishi kerak. Hamma narsa bir-biriga juda mos va o'xshash...


Institut ham maktabdan deyarli farq qilmaydi, maktab sizga hayotingizda nima bergan bo'lsa, institut ham deyarli shunday va faqat yoshga doir xususiyatlar bilan farq qiladi.(!) O'qishga kirish uchun maktab bergan bilimdan, undagi tizimdan qoniqmaganingiz uchun kursga borgan bo'lsangiz, institut bilan ham xuddi shunday. 6 yilni nomiga, bir nimalar qilib o'qib, bemalol bitirib ketsa bo'ladi. Institutdan ko'p narsa kutmaslik kerak, u bizga hech nimani va'da qilmagan, hatto institutda o'qish majburiy ham emas edi, o'zimiz hujjat topshirganmiz. Institut yoqmadi, kutganimdek emas ekan, tizim yoqmadi deganimiz bilan nolishdan beri o'tolmay, noshukr bo'lib, qo'l qovushtirib o'tiraveramiz. Turing, izlaning, o'qing, harakat qiling, atrofingizda negativ insonlar ko'p ekan, oqimga qarshi suzish ancha qiyin bo'ladi. Manzilga yetib olish uchun esa, fikrlari siznikiga o'xshash, maqsadi yo'lida tap tortmaydigan, sizga sherik bo'ladigan, pozitiv atmosferani yaratishingiz kerak. Bu uchun kurslar sizga ayni muddao.


Kuchli shifokorlar deyayotganimiz bizdan kamida 10 yil avval tahsil olishgan. Yildan yilga ta'lim sifati tushib borayotgani hech kimga sir emas. O'zbek tilida yozilgan darsliklarni ba'zan o'zbek bo'la turib, o'zimiz anglay olmay qiynalamiz, o'sha shifokorlarning deyarli barchasi chet tilida o'qishgan. Til bilish va darslikni o'sha tilda o'zlashtira olish orasida farq bor. Agar o'qishga kirishdan avval ilmiy tilda yozilgan chet el darsliklarini o'qib, tushuna oladigan darajada bo'lsangiz, bu sizning yutug'ingiz. Bordi-yu, aksi bo'lsa, asosiy vaqtni tibbiyotga emas, tilga sarflash vaqtdan yutqazish demakdir. Kursning foydasi ham shunda!


Ustozlar qo'llanma, konspekt, kitob ko'rinishida yozish uchun anchagina mehnat qilishgan, chet tillarini o'rganishga vaqt sarflashgan, darsliklarni o'zlashtirishgan va uni biz uchun o'zbek tilida yozish(-gan; -yapti). Ustozning ahamiyati ham shunda, 10 yil vaqtlarini sarflab, eng yaxshilarini terib berishsa-yu, biz uni ancha qisqa muddatda o'qisak, shuning o'zi katta foyda emasmi? Keyin fursat bo'lganda xohlagan tilni o'zlashtirishimiz mumkin. Tibbiyotni o'zlashtira olgan talabaga til o'rganish umuman muammo bo'lmaydi.


Kursga yozilmoqchi bo'lgan har qanday kishi, avval aytganimdek, o'ziga eng yaxshisini ravo ko'rishi kerak, xayrli va to'g'ri yo'l ekanligiga ishonch hosil qilishi nihoyatda muhim. Kurs kim tomonidan tashkil qilingani, nima maqsad qilinganligi, kurs talablari va strategik rejalari to'g'ri kelishi ham ahamiyat kasb etadi (tibosfera kursi haqida batafsil ma'lumot rasmiy telegram kanalida berilgan).


Ko'pchilik duch kelgan bunday muammoga, hamdki, men duch kelmadim, tibosferada o'qishim 10-sinfligimdayoq aniq bo'lgan desam xato bo'lmasa kerak. Ustozim Doniyor Nasriddinov bizga dars davomida niyatlar va maqsadlarni to'g'irlab olishimiz uchun o'z shogirdlari erishgan va erishayotgan yutuqlari haqida gapirib berardilar. Ular hammani ham maqtayvermaydilar, maqtadilarmi, demak arziydigan bir qancha sabablar bo'ladi... Shogirdlari orasida Elyorbek To'raboyev ustozimizni ham doim maqtab, duo qilib qo'yardilar. Katta auditoriyada dars o'tishlari, talabalar o'qituvchilarining leksiyasiga kirmasayam, ustozimizning darslariga oshiqishlari haqida aytarkanlar, xayolimda o'zimning o'qishga kirgan va darslariga joy yetmay qolmasin deb shoshayotgan holatim gavdalangandi. Shu payt ustoz ularning Andijonda dars o'tishlarini aytishlari bilan xayollarim nihoyasiga yetgandi. Ustozimizda o'qigan bo'lsalar, Toshkentda dars beradilar deb o'ylaganman-da.) Ammo, kitob yozishni boshlaganlari va tez orada hamma talabalar uchun darslar bo'lishini ham aytgandilar.


O'qishga kirganimdan so'ng, ustozim tibosferaga qo'shilishim kerakligini aytgandilar, kursning shartlarini ham ustozning o'zlaridan eshitgandim, bu qanday baxt...) "Lekin u yerga 2-kursdan olishardi, 1-kurslarni olishyaptimi yo'qmi bilmayman, siz hozirdan boshlashingiz kerak, yozib ko'ring", - deb ularning telegram akkauntlarini bergandilar, shu tariqa Tibosferaga kirib kelganman.


Ustozim Doniyor Nasriddinov va ularning shogirdlari bo'lmish Elyorbek To'raboyev ustozimizga ixlosim baland, ularning har gaplariga shubhasiz ishonaman, to'g'ri deb bilaman. Ilm shundan boshlanadi...



1. Erta tongdan dars boshlash. Nabiy sollalohu alayhi vasallam shunday deganlar: "Allohim, ummatimning ertalabdan qilgan ishlariga baraka ber!" (Abu Dovud, Termiziy, ibn Moja, Dorimiy va imom Ahmad rivoyatlari)


2. Darsni boshlash tartiblari (kursda guvoh bo'lasiz). Payg'ambarimiz alayhissalom: "Har bir muhim ish Allohga hamd aytish bilan boshlanmasa, oxiri kesikdir", dedilar. (Abu Dovud va boshqalar rivoyati).


3. Ahil guruhdoshlar. Guruhda pozitiv muhit, ahillik, samimiyat, kamtarlik va o'zaro hurmat hukm suradi. Kezi kelganda hazillar ham joyida qo'llaniladi, oldi-qochdi bema'ni gaplar, maqtanchoqlik, kibrlilik, o'zini olish, ustun qo'yish kabi illatlardan forig' muhit. Siz ular uchun, ular esa siz uchun qayg'urishadi. Navbatchilik tuzilgan bo'lib, ertalabdan bir-birlaridan xabar olishadi, uxlab qolganlar uyg'otiladi, bu orqali do'stlar orasidagi munosabat yaxshilanishi, saboqdoshlar orasida iliqlik, o'zaro mehr uyg'onishiga erishiladi.


4. Jamoaviy harakat qilishning afzalliklari ko'p, bir o'zingiz o'qigan bo'lib, jamoa bilan ishlash nimaligini bilmasangiz, kursda bu borada professional bo'lib ketasiz) Amir Temurning "Kuch-birlikda" jumlasini eshitmagan odam bo'lmasa kerak, nafaqat bilish, real hayotda qo'llash orqali bu gapning sir-asrorlari, mo'jizalariga guvoh bo'lasiz.


5. Darsda beriladigan manbaalar ishonchli, tartibli va tushunarli tarzda talabaga yetkaziladi. Chet tilidagi darsliklardan aslo qolishmaydi.


6. Darsdan tashqari ma'naviy ozuqa sifatida qo'shimcha topshiriqlar, ilm olishga doir chiroyli o'gitlar, badiiy kitoblar mutolaasi, ora-orada dolzarb mavzular bo'yicha suhbatlar uyushtirib turiladi.


7. Ko'pchilikda uchraydigan muammo, konsentratsiyani bir joyga qaratib o'qiy olmaslik, ozgina o'qib, zerikib qolish kabi odatlarga chiroyli yechim topa olasiz.

Guruhda 3 ta 40 daqiqalik majburiy dars qilish rejimi bo'lib, boshlayotganda, davrni tugatayotganda guruhga yozib qo'yish orqali mas'uliyatli holda dars qilasiz. Agar 3 ta davr kamlik qilsa cheklanmagan miqdordagi davrlarda dars qilib, qolgan guruhdoshlaringizga ham stimul bo'lishingiz mumkin...) Bu albatta, o'zingizni isloh qilish, kuningizni qanday o'tkazayotganingizni hisob-kitob qilish uchun ahamiyat kasb etadi.


8. Uyqu rejimi, guruhga xayrli tun tilab, ertalab darsga tartibli, vaqtida tura olishingiz uchun 23:00 gacha muddatda uxlashingiz kerak.


9. Nazorat. Har haftalik olib boriladigan reytinglar va har oy oxirida o’tilgan mavzular bo’yicha olinadigan oylik imtihon natijalari talabaning tartib va bilim darajasini ko`rsatadi. Bu esa inson o'zini yana-da isloh qilishiga undaydi.


Hammasini xolis, chin dildan bajarsangiz, tibosfera hayotingizni o'zingiz xohlagan tomonga burib bera oladi va hayotingizning ajralmas qismiga aylanadi. Shuncha sabab bo'la turib, nega endi tibosferani tanlamaslik mumkin? Chorlov bizdan, qabul sizdan)

Institut ustozlarining kurslarga munosabatiga kelsak, ularni ham bir qancha toifaga bo'lish mumkin. Yoshi katta ustozlar amaliy darslarda savol-javob qilayotganda mavzuni maromiga yetkazib, asl mag'zini, bilishimiz va fikrlashimiz kerak bo'lgan eng muhim joylarini so'rashadi. Asosan, ularning darsida gapni olib qochib bo'lmaydi. Bir misol keltirsam:

Yoshi va mavqeyi katta bo'lgan professor o'qituvchimizning darslarida kursda o'qigan va o'zi tayyorlanib kelgan talabalar yaqqol ajralib qoladi. Darslarning birida ustozimiz baholayotganda mendan umuman savol so'ramay 85 qo'yganlarida, bir qiz mavzuni gapirib berib, nisbatan pastroq baholanib, "Shu o'quvchingizga mehringiz boshqacha-ya" deganida, ustoz to'rttamizni sanab, "Bular mavzuni yaxshi tushunishadi, fikrlarini to'liq yetkazib, dars ham o'tib bera olishadi, siz-chi?"- degandilar, "ularga hurmatim cheksiz, men ularchalik bilmayman" degandi... Aslida u qiz ham qo'shimcha videolar ko'rib, kitoblarni o'qib, kerak bo'lsa, mendan ko'proq mehnat qilib keladi. Ustoz sanagan 4 ta o'quvchilarining barchasi tibosferada o'qiydi.) Ustoz esa kursda o'qishimizni bilmasdilar...


Shunday holatlar bo'lganki, talaba va o'qituvchi bir masalada tortishgan. Talaba "Men o'qigan qo'llanma va videolarda (har xil ijtimоiy tarmoqlardagi) bunday deyilgan ekan" deganida, ustoz hammaning ham gapiga ishonib ketaverasizlarmi, buniyam 1-2 ta "aqlli" talabalar tayyorlagan deb urushib berganlar. Ular mashhurlikni xohlashadi, hech narsani bilishmaydi kabi gaplarni aytganlar.


Yana bir ustozimiz talabalar ochgan kursga mutlaqo qarshi edi. Kim qaysi kurs haqida gapirsa, darrov fikr bildirib, "O'zi kursni talaba ochgan bo'lsa, pullik qilishga nima bor, juda qolganlar uchun qayg'ursa, tekinga dars o'tsin edi", - derdilar. 2-kurs bo'lib, kafedrada shu ustozni ko'rganimda, to'xtatib, qanday o'qiyotganimizni so'ragandilar. "Ko'p o'yladim, sizlarga bu kurs nima qilgan, qolgan talabalarga nisbatan ancha ildamsizlar. Qanday qilib bunaqa yaxshi o'qiyapsizlar", - deb so'raganlarida hayron qolgandim. Muhimi ular ham tan olganlar!


Talabalar orasidagi gaplar ham shunday, hech kimning ichini bila olmaymiz. Gap tashuvchilarning o'z ahvollariga nazar soling, ilmi bormi o'zi, gaplari eshitishga arziydimi? "Unda nima qilishni to'g'ri deb bilasiz", - deb so'rang, tayinli javob ololmaysiz. Gapni til kurslariga burib ketishi, chet elda o'qish haqidagi orzularini aytsa-da, maqsadsiz, rejasiz, faqat xayollarida yashaydi. Qarshiliklar, fikrlarning bir joydan chiqmasligi tabiiy hol. Vaziyatni hamma o'z qarichi bilan o'lchaydi, javobiga qarab kishining saviyasini aniqlasa bo'ladi.


Yana bir toifa talabalar bizga yoki ustozimizga hasad qiladi. Ulardek shunchaki yurmaganimiz, o'qiyotganimiz alam qilsa, ustozimizni ulug'lashimizga qarab, ularga hasad qilishadi.


Muvaffaqiyatga erishayotgan odamlarning faqat natijasigina ko'rinib, chekkan azoblari, mehnatlari atrofdagilarga ko'rinmaydi. Shu sabab, yengilgina ularning o'rnida bo'lib qolishni faqatgina orzu qilib o'tiraveradilar. Shuning uchun ham, o'zingning dastlabki qadamlaringni o'zgalarning katta qadamlari bilan solishtirma deyishadi. Kursda faqat foyda ko'zlangan, bizga ham, jamiyatga ham.


Onlayn o'qish haqida hamma har xil fikrlaydi. Offlayn ta'lim hammaga birdek yoqsa-da, onlayn o'qishning ham o'ziga yarasha foydalari bor. Masalan:

  • yo'lga vaqt sarflamaysiz, yo'lga chiqish uchun ketadigan vaqt ham tejaladi
  • darsning belgilangan vaqti ham kunning eng birinchi qismida.
  • darslar deyarli offlayndan qolishmaydi. Yozma savol-javoblar, testlar, ovozli chatda takrorlash darslari, kamera yoqilgan holda mavzularni topshirish, haftalik reyting, oylik imtihon, bo'lim oxirida olimpiadalar va albatta pozitiv, ko'tarinki kayfiyat.

Xullas, sinovga to'la hayot...) Kun davomida guruh sizni yolg'iz tashlab qo'ymaydi, kursdoshlaringizdan-da yaqin bo'lib ketishadi. Ba'zan yaxshiyam onlayn deb qolasiz). Hammasini o'z vaqtida aytilgandek qilsangiz, ustoz chizgan chiziqdan og'ishmay to'g'ri yursangiz va internetingiz soz bo'lsa bas, muammoga duch kelmaysiz. Xayrli va to'g'ri bo'lgan yo'l albatta o'z qiyinchiliklariga hamda sinovlariga ega bo'ladi. Fundamental fanlar o'z nomi bilan asos fanlardir. 2 yil kamlik qilsa qiladiki, ko'plik qilmaydi. 

                   

"Agar menda daraxtni chopish uchun 8 soat vaqt bo'lsa, shuning 6 soatini boltani o'tkirlashga sarflardim". Avraam Linkoln.

Shunchaki vaqtni bahona qilayotgan bo'lsangiz, u siz o'qisangiz ham, o'qimasangiz ham o'taveradi. Bu mavzuga ustozning o'zlari keng ma'noda yondashganlar.


Har fanni har xil kursda o'qib, har ustozga, har qoidaga qayta-qayta moslashgandan, bir muqim joyda to'liq ilm olgan afzal. Kursga shubha-gumonlardan yiroq holda, xolis niyat bilan qo'shilsangiz nur ustiga a'lo nur bo'ladi.


Kursga endi qo'shilgan paytlarim bir tanishim tabriklash bilan birga, endi qachon chiqib ketmoqchisiz deganda tushunmagandim. Shu gapni tushunish uchun qiziqqanimdanmi, Tibosferadan chiqib ketgan tanishlarimning hammasidan sababini so'rab chiqqanman. Ba'zilari oilaviy muammolari, jiddiy kasalliklari sabab chiqishgan bo'lsa, yana ba'zilari ma'lum muddatga ruxsat olishgani, turmush qurish va shunga o'xshash sabablar bilan vaqtinchalik to'xtatib turishganini aytishgan.


Shunchaki zerikkanidan, siqilganidan, charchaganidan, dangasaligidan, nimaga qo'shilganini o'zi anglamaganidan chiqqanlarni ham ko'rdim. So'raganimda tayinli sabab aytisholmagan. Ba'zi talabalar tibosferaga faqat anatomiyani o'qish uchun kirisharkan (ular o'z mustaqil fikriga emas, boshqalar nima desa, ularning fikriga tayanib ish tutishadi, ayyorliklari o'zlarigagina ziyon yetkazadi). Kechirib qo'yishadi-yu, aynan menga gistofiziologiyasi ko'proq yoqqan va foyda bergan.


Tibosferada o'zlashtirgan bilimim doim qo'l kelgan, fiziologiya seminar darsida bu alohida hurmat qozongan:

Ketma-ket 2 ta nblarim sabab, guruhdoshlarim ustozning quyuq salomlarini yetkazishganda ahvolim og'irlashgandi. Darsdan chiqib, otrabotkaga borganimda dars o'tayotgandilar, dars tugaguncha tayyorlanib turaman deb, endi o'qib boshlashim bilan, bir talaba chiqib: "Munavvar kim? Ustoz chaqiryaptilar", - dedi. Butun boshli begona guruh yonida urushib tashlamasalar bo'lgani deb, xonaga qo'rqib kirdim... Otrabotkaga kelgan bo'lsangiz, shu guruhga mavzu tushuntirib berasiz dedilar. Bundan oson ish borakanmi deb xursand bo'lib, mavzuni bir boshdan tushuntirdim. (Oson deyishimga sabab, deyarli har dars guruhdoshlarimga doskada mavzu tushuntirib, baholanar edim). Gapimni to'xtatib, qo`shimcha savol so'raganlarida, faqat shuni bilishimni aytsam, "qayta topshirasiz, ketavering" dedilar, men ham indamay "ho'p ustoz" dedim va chiqib ketdim, hamma hayron edi... Ertasi kuni borganimda, savol bermay ikkala otrabotkamni ham baholab qo'ydilar. Butun guruh birgalikda o'qib kelmagani va tartib-tarbiyasi ham boshqacharoqligi uchun, ularga ibrat tarzida menga shunday degan ekanlar, sinovlaridan muvaffaqiyatli o'tganimga xursand bo'ldim).

Bunday shakllanishimda tibosferaning o'rni katta. Tibosfera ilm berish bilan birga ustozlarga qanday muomalada bo'lishni, ularni hurmat qilish naqadar muhimligini, odob ta'limdan ustun turishini, "Olim bo'lish oson, Odam bo'lish qiyin"ning ma'nosini qadamma-qadam o'rgatib kelgan va kelyapti.

O'zim ham tibosferadan shaxsiy sabablarga ko'ra bir muddat chiqqanman, talabalarda doimiy uchraydigan ruhiy-emotsional stress, depressiya meni chetlab o'tmagan. Psixik travma pikka chiqqan davrda bariga qo'l siltab, xuddi avval mavjud bo'lmagandek, qayerlargadir yo'q bo'lib qolishni o'ylardim-u, lekin baribir unday bo'lmasligini bilib yana siqilardim. Xudoga shukr, o'zimni o'nglay oldim. Chiqqanimni eshitganlar avvaliga ishonishmadi, "Siz-a? Bo'lishi mumkinmas, rostan chiqdingizmi?" ularning mimikalari haligacha esimda... Fursatdan foydalanib, "siz endi tibosferada o'qimayapsiz-ku" deb materiallarni so'raganlar, qaytib bu savolni hech kimga berolmaydigan bo'lib javob olishgandi. Tibosferaga qaytgim kelsa-da, qaytolmasdim, atrofimdagilar g'ashimga tegib gapirgan gaplariga javoban, jahl ustida qaytib qo'shilmayman deb qo'ygandim. Bir xato gapirib qo'ygan gapim bilan o'qimay yuramanmi, har holda qasam ichmagandim deb ikkilanishlar orasida yurganimda, Allohning marhamati va izni ila, tibosferada dars beruvchi bir ustoz kursdan nega chiqqanim, qaytish niyatim bormi-yo'qmi, shular haqida so'rab yozib qoldilar. Menga aynan shu kerakmasmidi?) Ishlarimni hal qilib bo'lishim bilan qaytdim. Qayta kirganimga yarasha qattiqroq mehnat qildim, qolib ketgan mavzularimni o'zlashtirdim va bu o'z mevasini bermay qolmadi, oylik imtihondan 100 ball bilan o'tdim, bu men uchun katta xursandchilik edi...)


Rohatga rohat bilan erishilmaydi!

Barchamizga o'z kasbining ustasi bo'lish nasib etsin!

Report Page