Tanlov

Tanlov


O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi kinoijodkorlar uchun ijodiy tanlov e’lon qiladi!

Tanlovga taqdim etiladigan kinoloyihalarda quyidagi mavzu va g‘oyalar yuqori saviyada aks ettirilishi lozim.

I.  Badiiy filmlar bo‘yicha tanlov mavzulari:

Harbiy-vatanparvarlik mavzusida  

1.     Qurolli kuchlar – bunda mamlakatimiz sarhadlarini himoya qilayotgan Qurolli Kuchlar xizmatchilarining sharafli faoliyati aks etgan bo‘lishi va bu orqali xalqimizni, xususan yoshlarni ularning faoliyatiga qiziqishini uyg‘otishga xizmat qiladigan loyihalar.

2.     “Temurbeklar” - Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari hayotiga bag‘ishlangan badiiy filmlar.

 3. Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z kasbiga sadoqati va mas’uliyati, xalqimiz tinchligi va osoyishta hayoti uchun jonini fido qilishga tayyor militsiya xodimlari faoliyati aks etgan film.

4. “Sardoba”- Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen fojea va uni bartaraf etish yo‘lida jasorat ko‘rsatgan FVV xodimlari haqida.

5. “Vertolyotchilar” - Vertolyotchilarning favqulodda vaziyatlarda ko‘rsatgan qahramonligi, ularning kasbiy faoliyati haqida. 

Yoshlar va xotin-qizlar mavzusida

4. Migratsiya - mamlakatimizda migratsiya yo‘nalishida fuqarolarimiz, xususan, xotin-qizlarimizning, yoshlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan kinoloyihalar.

5.   “To‘y Samarqandda bo‘ladi”

O‘zbek yigiti va qoraqalpoq qizi o‘rtasidagi kuchli muhabbat haqida hikoya qiluvchi film. Filmda ikki xalqning bir davlat sifatida birligi, Vatanga sadoqat g‘oyasining xalqona, oddiy va ta’sirli ifodasi aks etishi kerak.

6.     Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy faollikka chorlovchi, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati oiladagi tinchlik va Vatan ravnaqiga ijobiy hissa qo‘shishi, oila a’zolari va atrofdagilarning ko‘magi bilan yuksak yutuqlarga erishgan xotin-qizlarning hayotini yorituvchi, oilaviy zo‘ravonlikni qoralovchi kinofilmlar yaratish;

7.     Bolalar va yoshlarga vatanparvarlik, milliy g‘urur, qonunlarga hurmat va islohotlarga dahldorlik g‘oyalarini singdirishga qaratilgan badiiy, qisqa metrajli va animatsion filmlar tayyorlash va keng targ‘ibotini amalga oshirish;

7. Mashhur o‘zbek xalq ertaklarining yangicha talqini.

8. “Muhabbat, ezgulik va go‘zallik” tushunchalarini ifoda etuvchi, yoshlar hayotiga bag‘ishlangan, yoshlarning sof muhabbati, oilaviy qadriyatlarga, milliy urf-odatlarni ulug‘lovchi kam budjetli badiiy film loyihalari.

9. Bolalarning orzu-maqsadlari sari intishlari, qiziqishlari haqidagi bolalar filmlari.

10. Voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlik muammosini aholiga kinomahsulotlar orqali to‘g‘ri targ‘ib qilishga qaratilgan.

11. Askiya va qiziqchilik san’ati - o‘zbek xalqining ko‘p asrlik qadriyatlari va an’analarini, xususan, askiya va qiziqchilik san’atini aks ettirgan holda taniqli so‘z ustalari va boshqa san’atkorlar ishtirokida komediya janrida to‘liq metrajli badiiy film.

12. Xalqimizning sevimli komediyasi bo‘lgan “Yor-yor” badiiy filmining zamonaviy talqini.

13. Ozarbayjon va o‘zbek xalqining buyuk shoiri, atoqli dramaturg, adabiyotshunos va zabardast tarjimon Maqsud Shayxzoda haqida badiiy film.  

                                   II. Hujjatli filmlar:

1.     Axborot xavfsizligi bo‘yicha hujjatli film.

Mazkur mavzuda xalqaro axborot maydoni, uning tarixi va bugungi kuni hamda O‘zbekistonda so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositasi xodimlari, jurnalist va blogerlar faoliyati, aholiga axborot yetkazishdagi haqqoniylik, mamlakatning axborot xavfsizligi masalasini tahlil qilish. Bu orqali aholida axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish, dezinformatsiyaga qarshi immunitet paydo qilish.

2.     “Jadid O‘zbekiston”

Bu mavzuda ma’rifatparvar jadidlarimiz faoliyati, ta’lim yo‘nalishida amalga oshirgan ishlari va ularning millat taraqqiyotiga erishish yo‘lidagi g‘oyalarini aks ettirish, buni Yangi O‘zbekiston va Respublikamiz Prezidenti siyosati, islohotlari bilan parallelikda ko‘rsatish.

Bu orqali jadidlarimizning g‘oyalari bugungi O‘zbekistonning ham asosiy maqsadi, g‘oyasi ekanini ta’sirchan shaklda ochib berish.

3.     “Najot ta’limda”

Bu mavzuda O‘zbekiston Respubliksi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Najot ta’limda”- degan chaqirig‘ining tub mohiyatini ochib berish maqsad qilinadi. Jahon mamlakatlarining rivojlanish yo‘lida ta’limning o‘rni masalasiga qiyosiy tahliliy baho berilgan holda, mamlakatimizda ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar xususida gap boradi. O‘qituvchi va murabbiylarning majburiy mehnatdan ozod qilingani, ular bugun o‘z ishlariga, maktabga qaytganliklarini ta’sirli intervyular va badiiy epizodlar orqali ochib berish.

4.     “Yer, havo, suv”

Hujjatli film orqali mamlakatimizdagi ekologiya, ichimlik suvi bilan bog‘liq joriy holat haqida mutaxassislar fikrlarini olgan holda, mavzuni jahondagi ekologiya bo‘yicha vaziyat bilan qiyoslab ochib berish. Bu orqali aholining ekologik madaniyatini oshirish, ichimlik suvidan tejamkorlik bilan foydalanishga targ‘ib qilish.

5.     “Bo‘ladigan ish”

Biznes va tadbirkorlikning zamonaviy yo‘nalishlarini xalqaro va mahalliy tajribalar asosida, bugungi kunda biznes borasida “bo‘ladigan ish” bilan shug‘ullanayotgan, o‘z ishini “bo‘ldirayotgan” tadbirkorlar misolida tahlil qilish. Asosiy e’tiborni O‘zbekiston Prezidentining yoshlar va biznesga e’tibori masalasiga qaratish. Film orqali yoshlarni innovatsion, kreativ fikrlashga undash.

6. Oliy harbiy ta’lim muassasalari faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli filmlar turkumi (Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, DXX Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda)

7. “O‘zbek ayoli”

 O‘zbekistonda oila va xotin-qizlar masalalari borasida olib borilayotgan keng miqyosli ishlar, mahallalarda joriy etilgan “Ayollar daftari” haqida.

 8. Qoraqalpoq xalqining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda erishayotgan yutuqlari va hududda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari haqidagi hujjatli filmlar.

 9. “Zamonamiz jadidlari”

Yurtimizda kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, xususiy kutubxonalar tashkil qilgan tadbirkorlar haqida.

 10. Atoqli shoir, yozuvchi, bastakor, kino va teatr vakillarining hayoti va ijodi haqida hujjatli filmlar (Mamlakatimizning adabiyot, madaniyat, san’at, kino, teatr san’ati namoyondalari O‘lmas Umarbekov, Yetim Bobojonov, Ma’murjon Uzoqov, Manzura Hamidova, Faxriddin Sodiqov, Anvar Ergashev, Mansur Toshmatov, E’tibor Jalilova, Obid Yunusov, Hojiakbar Nurmatov, Abdunazar Payonovning hayoti va ijodi haqida).

III. Qisqa metrajli filmlar:

1.     “Vatan nima?” ijtimoiy roliklar turkumi.

Ijtimoiy roliklar orqali aholi, xususan yoshlar ongiga Vatan g‘oyasini samimiy va ta’sirli shaklda singdirish.

2.     “Bayroq hammaniki” qisqa metrajli badiiy filmlar turkumi;

Mazkur loyiha orqali davlat bayrog‘ining xalqchil, samimiy va ta’sirli targ‘ibot shaklini yo‘lga qo‘yish.

3. Aholining Qurolli Kuchlarimizga hurmat va ishonchini oshirishga qaratilgan videoroliklar.

4. Jadidlar hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi qisqa metrajli film-vikipediyalar turkumi.

5. Oilada ota-onalik ma’suliyatini teng taqsimlashga bag‘ishlangan qisqa metrajli filmlar.

6. “Zumrasha” bolalar hajviy kinojurnali uchun syujetlar.

7. Qoraqalpoq tilida “Tulkishek” bolalar hajviy kinojurnali uchun syujetlar.   

IV. Animatsion filmlar:

1. Bolalar va yoshlarga vatanparvarlik, milliy g‘urur, qonunlarga hurmat va islohotlarga dahldorlik g‘oyalarini singdirishga qaratilgan animatsion filmlar.

2. Buyuk ajdodlarimizning bolalik hayotlari haqida ko‘p qismli animatsion filmlar.

3. “Bolalar uchun huquqiy madaniyat”  - bolalarga huquqiy madaniyat bo‘yicha saboq beruvchi animatsion filmlar

4.     “O‘zbek xalq ertaklari” - O‘zbek xalq ertaklari asosida bolalar uchun mo‘ljallangan multfilmlar.

5.     “Bizning diyorimiz” -  animatsion serialning har bir qismi Ўzbekistonning har bir viloyatiga bag‘ishlanadi.

 

▪️ Tanlovga taqdim etilgan ssenariy (sinopsislar) quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi lozim:

▪️ o‘zbek tilida, adabiy til va imlo qoidalariga rioya qilingan holda A4 formatda, 14 shriftda, 1,5 intervalda yozilgan bo‘lishi kerak.

 Kinoloyihada quyidagi ma’lumotlar aks etishi lozim:

▪️ filmning ishchi nomi; formati va umumiy hajmi;

▪️ janri, auditoriyasi;

▪️ taxminiy xarajatlar smetasi;

▪️ taqdimot (ijodiy guruh, aktyorlar, lokatsiyalar va boshqa ma’lumotlar). Filmning asosiy qahramonlari, ularning o‘ziga xos xarakteri, asosiy syujet liniyasi, voqealar, avj nuqtasi va yechimi aks etgan bo‘lishi, filmning asosiy qahramonlari, ularning o‘ziga xos xarakteri, asosiy syujet liniyasi, voqealar, avj nuqtasi va yechimi aks etgan bo‘lishi;  

Tanlov 2024-yilning 1-maydan 10-may sanasiga qadar davom etadi. Sinopsislar va kinoloyihalar belgilangan muddatlarda tanlov ishtirokchilarining arizasi, ismi-sharifi va u haqida qisqacha ma’lumotni biriktirgan holda "Tanlov komissiyasiga” deb qayd etilgan konvertda Kinematografiya agentligiga taqdim etilishi lozim.

Tanlovga taqdim etilgan sinopsislar va kinoloyihalar taqriz qilinmaydi va mualliflarga qaytarilmaydi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun telefon: 71 277-81-49

Manzil: Toshkent shahri, Chilonzor ko‘chasi, 1A-uy. 


Report Page