Taniqli fan va davlat arbobi, O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori, akademik Sayyora Rashidova 80 yoshda

Taniqli fan va davlat arbobi, O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori, akademik Sayyora Rashidova 80 yoshda



Taniqli kimyogar olim Rashidova Sayyora Sharafovna 50 yildan ortiq ilmiy va tashkilotchilik faoliyati davomida ko‘plab yutuqlarga erishgan va uning xizmatlari jamoatchilik tomonidan munosib e’tirof etilgan. Olima 1965-yilda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining kimyo fakultetini tamomlagan. 1971-yilda nomzodlik, 1983-yilda doktorlik ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. O‘zR FA muxbir a’zosi (1994), O‘zR FA akademigi (2000), professor (1984), O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan Fan arbobi faxriy unvoni (1993), “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni (1997), “Do‘stlik ordeni” (1999), “Yuksak xizmatlari uchun” (2000), “El-yurt hurmati” (2003), “Fidokorona xizmatlari uchun” (2019) ordenlari, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni (2021) bilan taqdirlangan.

Ilmiy faoliyatini O‘zR FA kimyo instituti stajyor-tadqiqotchisi (1965–1967) sifatida boshlab, O‘zR FA kimyo instituti polimerlar kimyoviy modifikatsiyasi laboratoriyasi asoschisi va mudiri (1974), ilmiy-tadqiqot instituti vakolatiga ega bo‘lgan Polimerlar kimyosi bo‘limi asoschisi va rahbari (1979) lavozimlarida faoliyat yuritgan. Olima, shuningdek, O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti asoschisi va direktori (1993-h.v.) hisoblanadi.

Sayyora Rashidovaning davlat arbobi sifatidagi xizmatlari ham beqiyosdir. U O‘zR Oliy Majlisi deputati (1994–1999, 2000–2004), “Olima” ayollar uyushmasi raisi (1995–2011), O‘zR Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) (1995–2015) lavozimlarida ishlagan.

Olimaning ilmiy ishlari yo‘nalishlari yuqori molekulyar birikmalar kimyosi sohasida tabiiy polimerlarning yangi obyektlarini topish, ularni ajratib olish, ularning modifikatsiyasi, polimerlar strukturasi va xossalari, turli polimer sistemalarda nanozarrachalar shakllanishining mexanizmlarini aniqlash, nanostrukturalarning o‘ziga xos xususiyatlari va xossalarini tadqiq etish, shuningdek, ularning qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, mashinasozlik va xalq xo‘jaligining boshqa jabhalarida ishlatilishiga oid ilmiy tadqiqotlar bilan chambarchas bog‘liqdir.

S.Sh. Rashidovaning amaliyotga tatbiq etilgan kashfiyotlari ichida o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarining polimer preparativ shakllarini yaratish va ularning urug‘lik chigitlarga ta’sir mexanizmlarini o‘rganish bilan bog‘liq bo‘lgan istiqbolli ilmiy yo‘nalish alohida ahamiyatga ega.

1998-yilda Jenevada bo‘lib o‘tgan intellektual mulk bo‘yicha XXVI Xalqaro ko‘rgazmada olimaning “Urug‘larni kapsulalash texnologiyasi” nomli ilmiy ishlanmasi bronza medaliga sazovor bo‘lgan. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini ekologik xavfsiz polimer sistemalar bilan kapsulalash texnologiyasi ishlab chiqildi. Xitozan asosida sintez qilingan, stimullash samaradorligiga ega bo‘lgan dorilovchi vosita – O‘ZXITAN preparati kapsulalash texnologiyasi asosida tukli-tuksiz chigit, donli ekinlar va sabzavot-poliz ekinlari urug‘larini ekishdan oldin ishlov berishda qo‘llanib kelinmoqda.

Ta’kidlash lozimki, Sayyora Rashidova rahbarligida respublikamizda ilk bor tabiiy ipak sanoati chiqindisi – tut ipak qurti g‘umbagini kompleks qayta ishlash texnologiyasi ishlab chiqilgan va undan xitin, xitozan, g‘umbak yog‘i, organomineral o‘g‘itlar va oqsil konsentratlarini ajratib olish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, polimer shaklli ekologik xavfsiz “Polidef” defoliantini ishlab chiqarish texnologiyasi yaratilgan.

Olima yuqori impakt faktorli xalqaro jurnallarda 500 dan ortiq ilmiy maqola, 50 ta ixtiro va patentlar hammuallifidir. Uning rahbarligida 6 ta fan doktori, 21 ta fan nomzodi, 4 ta falsafa doktori (PhD) tayyorlangan. Shuningdek, u Amerika Qo‘shma Shtatlari Fanlar milliy akademiyasi a’zosi, O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi, O‘zR Fanlar akademiyasi qoshidagi Yuqori molekulyar birikmalar bo‘yicha muammoviy kengash raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

S.Sh. Rashidovaning ilm-fanni targ‘ib qilish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashdagi xizmatlari beqiyosdir. Jumladan, bugungi kunda Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Germaniya, Amerika va boshqa davlatlardagi ko‘plab ilmiy markazlar bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yilgan. Ilm-fanning ta’lim bilan integratsiyasi yo‘lida Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Xorazm va Buxoro davlat universitetlarida Institutning filiallari faoliyat yuritmoqda. Sayyora Rashidova qator ilmiy jurnallar tahririyat a’zosi hamda Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida tashkil etilgan “O‘zbekiston Polimer jurnali” ilmiy nashri asoschisi va bosh muharriri hisoblanadi.

Bugungi kunda Institut bazasida “O‘zbekiston xitinologlari jamiyati” tashkil etilib, o‘zbek xitinolog olimlarining Yevropa, Rossiya, Polsha Xitin jamiyatlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Dunyoda tan olingan yirik kimyogar olim, polimerlar kimyosi, fizikasi va texnologiyasi, nanotexnologiya rivojiga katta hissa qo‘shgan akademik, salohiyatli tashkilotchi Sayyora Sharafovna Rashidovani respublikamiz ilmiy jamoatchiligi nomidan tabarruk 80 yoshi bilan qutlaymiz va mustahkam sog‘lik tilaymiz!


Report Page