Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish va ijara uylari bilan taʼminlash tizimi toʻliq raqamlashtiriladi

Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish va ijara uylari bilan taʼminlash tizimi toʻliq raqamlashtiriladi


Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov rahbarligida birinchi va moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektorlar ishtirokida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishda oliy taʼlim muassasalarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati tahlil qilindi.

Dastlab, talabalar turar joylarini yangi oʻquv yiliga tayyor holatga keltirish, talabalarni qabul qilish uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Bunda mebel, krovat, choyshablar oʻz oʻrnida boʻlishi, yuvinish, kir yuvish xonalari, oshxona barchasi ishchi holatda boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

 Eng muhimi, bu jarayonda talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish va oʻrinlarni adolatli taqsimlash lozimligiga alohida urgʻu qaratildi.

“Har yili bu masala juda koʻplab eʼtirozlar, ariza va shikoyatlarga sabab boʻlmoqda. Shuning uchun yangi oʻquv yilidan boshlab bu jarayon toʻliq raqamlashtirilib, talabalarni yotoqxonaga joylashtirishning elektron tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Endi barcha jarayon ochiq, shaffof boʻlishi, hech qanday eʼtirozga oʻrin qoldirmasligi kerak”, – dedi S.Buzrukxonov.

Belgilangan tartibga koʻra, chin yetim, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan, “Temir daftari”ga kiritilgan, I yoki II guruh nogironlari, surunkali kasallik bilan davolanadigan, xorijdan kelib oʻqiyotgan, oilasida 2 yoki undan ortiq farzand kontraktda oʻqiyotgan talabalarga ustuvorlik berishga qatʼiy rioya qilinishi koʻrsatib oʻtildi.

Masʼullarga ijarada yashaydigan talabalar uchun ijara uylarini topish va joylashishga koʻmaklashish maqsadida tyutorlar faoliyatini jadallashtirish, kerak boʻlsa, hozirdanoq ijara uylarining maʼlumotlar bazasini shakllantirgan holda talabalarga aniq takliflar berish choralarini koʻrish vazifalari topshirildi. 

Shundan soʻng yangi o‘quv yilidan talabalarni yotoqxonaga joylashtirishning elektron tizimi hamda talabalarni ijara uylari bilan taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida yagona elektron platforma ishga tushirilishi eʼlon qilindi. Ushbu axborot tizimlarining ishlash mexanizmi, jumladan, imkoniyati va afzalliklari haqida maʼlumot berilib, platformalarning taqdimoti oʻtkazildi.

Keyingi masala “Mustaqillik darslari” va “Axborot va murabbiylik” soatini sifatli va yuqori saviyada tashkil etish boʻldi.

Oʻtgan oʻquv yili mobaynida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda talabalarning qamrov darajasi qoniqarsizligi to‘xtalinib, bitta tadbirda 10 minglik kontingentdan oshib borsa, 200 nafar, yaʼni bor-yoʻgʻi 2 foiz talaba qatnashgani tanqid qilindi.

Shu bois, 2022/2023-oʻquv yili boshidan “Axborot va murabbiylik soatlari”ni samarali tashkil etish yuzasidan yangi tizim joriy etilishi, bu orqali ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, qayd etildiki, xorijiy tajiriba asosida sohada ilk marta talabalarning maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi foaliyatini baholab borishga qaratilgan “Ijtimoiy faollik indeksi” joriy etiladi.

Yigʻilish davomida koʻtarilgan masalalar yuzasidan bir qator oliy taʼlim muassasalari mas'ul prorektorlari soʻz olib, oʻz mulohaza va takliflarini bildirishdi. 

Majlis yakunida masʼullarga yotoqxonalarning har birini talabalarni kutib olishga shaylik holatini shaxsan oʻzlari koʻzdan kechirish va doimiy nazorat olib borish vazifalari topshirildi.

Report Page