Talabalar va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun qishki ta’til 26-dekabrdan boshlanadi

Talabalar va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun qishki ta’til 26-dekabrdan boshlanadi

@eduuz

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining tegishli buyrugʻi bilan oliy oʻquv yurtlari talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar oʻquvchilariga joriy oʻquv yili uchun beriladigan qishki taʼtil muddati 2022-yilning 26-dekabridan 2023-yilning 9-yanvariga qadar etib belgilandi.

Eʼtibor qaratish lozim bu yilgi qishki taʼtil kunlarini belgilashda oldingi yillarda yuzaga kelgan ayrim muammolar bartaraf etilib, uzoq hududlardan kelib tahsil oluvchi talaba-oʻquvchilarning doimiy yashash joylariga xotirjam, ortiqcha ovvoragarchiliklarsiz yetib borishlari va qaytib kelishlari uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratilmoqda.

Avvallari talaba oʻquvchilar qishki taʼtil kunlari muddatidan oldin oʻz yashash hududlariga ketib, oʻqish boshlanganidan keyin kech yetib kelish holatlari kuzatilar edi. Bu yil esa, davlat oliy taʼlim muassasalari va professional taʼlim maskanlari talaba-oʻquvchilariga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida qishki taʼtilning boshlanish kuni 26-dekabr aynan xaftaning birinchi kuni etib belgilanmoqda. Bu talabalarning dars jarayonlarida toʻliq qatnashib, hafta oxiri, dam olish kunlari oʻz manzillariga ketishga tayyorgarlik koʻrishlari uchun qulaylik yaratadi. Dars jarayonlarining boshlanishi esa 2023-yil 9-yanvar, dushanba kuniga toʻgʻri kelmoqda. Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz davlat oliy taʼlim muassasalari talabalar turar joylari 2023-yilning 5-yanvardan boshlab oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyadi.

Buning uchun taʼlim muassasalarida Ishchi guruhlar, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida esa alohida shtab tuziladi. Ularga talaba va oʻquvchilarni qishki taʼtil vaqtida doimiy yashash joylariga borib-kelishini tashkil etishga yaqindan yordam berish, bayram kunlari va qishki taʼtil davrida talabalar turar joylarida qolayotgan yoshlarning xavfsizligi va boʻsh vaqtini unumli oʻtkazish kabi bir qator vazifalar yuklatiladi.

Transport vazirligi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Uzbekistan eyrvays” AJlari bilan kelishuv asosida doimiy yashash joylariga borib-keladigan talaba va oʻquvchilar uchun qoʻshimcha joylar (reyslar) sonini yanada koʻpaytirish, oliy taʼlim muassasalari rahbariyati tomonidan tavsiya etilgan joylarda sayyor kassalar tashkil etish choralari koʻriladi.

Shuningdek, qishki taʼtil vaqtida sogʻlomlashtirish maskanlarida dam olish, salomatligini tiklash istagida boʻlgan professor-oʻqituvchilarga tegishli sharoitlar yaratish hamda talaba-oʻquvchilar va professor-oʻqituvchilarning ichki turizmga jalb etilishini taʼminlash choralari ham koʻriladi.

Mazkur belgilangan tartiblar nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi va ularning rahbariyati tomonidan alohida belgilanishi mumkin.

Report Page