Tafsir
AlMahir.uz﴿ فَتَعَـٰلَى ٱللَّهُ ٱلْمَلِكُ ٱلْحَقُّ ۗ وَلَا تَعْجَلْ بِٱلْقُرْءَانِ مِن قَبْلِ أَن يُقْضَىٰٓ إِلَيْكَ وَحْيُهُۥ ۖ وَقُل رَّبِّ زِدْنِى عِلْمًۭا ﴾
"Haq Podshoh-Alloh oliy bo‘ldi. Senga vahiyi bitguncha Qur'on(tilovati)ga oshiqma va: «Robbim, ilmimni ziyoda qilgin», degin."
(Toha surasi, 114-oyat)
Yuqorida zikr etilgan ishlarga qodir haqiqiy mulk egasi, Haqiqiy Podshoh - Alloh taolo butun borliqdan oliy - ustun bo'ldi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unutib qo‘yishdan xavflanib, vahiy tushgan paytida Qur'oni Karim oyatlarini Jabroil alayhissalomga qo'shilib, o'qib turar edilar. Bu esa qiyinchilik tug‘dirardi. Ushbu oyatda Alloh taolo Payg'ambarini xotirjam etib:
«Senga vahiyi bitguncha Qur'on (tilovati)ga oshiqma», demoqda.
Ya'ni ey Muhammad, Jabroil vahiyni senga oxirigacha o'qib bermagunicha, Qur'onni tilovat qilib, oyatlarni o'qishga shoshilma. Oldin Jabroil to'liq o'qib bersin, keyin sen o'qiysan.
«Robbim, ilmimni ziyoda qilgin», degin. Shu duoning o‘zi kifoya qiladi.
Manba: “ Tafsiri Hilol” Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf