Tafsir

Tafsir

AlMahir.uz

﴿ ثُمَّ أَوْرَثْنَا ٱلْكِتَـٰبَ ٱلَّذِينَ ٱصْطَفَيْنَا مِنْ عِبَادِنَا ۖ فَمِنْهُمْ ظَالِمٌۭ لِّنَفْسِهِۦ وَمِنْهُم مُّقْتَصِدٌۭ وَمِنْهُمْ سَابِقٌۢ بِٱلْخَيْرَٰتِ بِإِذْنِ ٱللَّهِ ۚ ذَٰلِكَ هُوَ ٱلْفَضْلُ ٱلْكَبِيرُ ﴾ 


 So'ngra bu kitobni O'z bandalarimizdan tanlab olganlarimizga meros qildik. Bas, ulardan o'ziga o'zi zulm qiluvchilari bor, ulardan o'rtachalari bor va ulardan Allohning izni ila yaxshiliklarga o'zuvchilar ham bor. Ana shu ayni ulug fazldir.

(Fotir surasi, 32-oyat)



Bu oyat musulmon ummatining maqomi naqadar ulug‘ ekanligini yaqqol ko'rsatmoqda. Alloh taolo O'zining haq kitobiga merosxo'r qilib barcha ummatlar ichidan aynan musulmon ummatini tanlab olganini aytmoqda.


«So'ngra bu kitobni O'z bandalarimizdan tanlab olganlarimizga meros qildik».


Alloh taolo O'zining boqiy mo'jizasi bo'lmish haq kitobi - Qur'oni Karimni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatiga meros qilib berdi. Bu inoyatda shon-sharaf ham, juda ulkan mas'uliyat ham bor.

Ana shunday shon-sharaf va katta mas'uliyat yuklatilgan ummat ichida turli kishilar mavjud.


«Bas, ulardan o'ziga o'zi zulm qiluvchilari bor...»


Ular o'sha shon-sharafga nomunosib va zimmasidagi mas'uliyatni anglab yetmagan osiylardir. Bu toifadagi odamlarning yomonliklari yaxshiliklaridan ko'p bo'lgan. Ular o‘zlariga ishonib topshirilgan haq kitobga munosib bo'la olmay o'zlariga o'zlari zulm qilganlardir.


«…ulardan o'rtachalari bor…»


Ulamolarimiz «o'rtachalar» - farz va vojib amallarni ado etadigan, haromlardan uzoq bo‘lgan,

ba'zi mustahablarni tark etib, ba'zi makruhlarni qilgan kishilardir, deydilar.


«...va ulardan Allohning izni ila yaxshiliklarga o'zuvchilar ham bor».


Ular barcha farz, vojib va sunnat amallarni to'liq ado etadilar. Barcha harom, shubhali va makruh amallardan uzoqda bo'ladilar. Buning ustiga, nomiga yaxshilik bo‘lsa, hammadan o‘zib yetib boradilar.


«Ana shu ayni ulug' fazldir».


Manba: “ Tafsiri Hilol” Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Report Page