#Tabrik
October 01, 2026Assalomu alaykum, hurmatli ustoz va murabbiylar, aziz pedagoglar, qadrli mehnat faxriylari!
Barchangizni qutlug‘ ayyom — 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Ustozlik — shunchaki kasb emas, balki inson qalbiga ezgulik, bilim va ma’rifat urug‘ini qadab, kamolot sari yo‘l ko‘rsatuvchi yuksak sharafli mas’uliyatdir. Ustozning bergan bilimi, aytgan nasihati va ko‘rsatgan ibrati shogird hayotida bir umrga tatigulik ahamiyatga ega.
Shu bois, jamiyat taraqqiyoti va millat kelajagini, avvalo, o‘z hayotini yosh avlod ta’limi va tarbiyasiga bag‘ishlagan fidoyi ustozlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Yosh avlodga ta’lim va tarbiya berib, ularni komil inson, munosib kasb egasi va Vatanimizga sadoqatli farzand qilib voyaga yetkazishdek sharafli vazifani bajarayotgan siz, aziz ustozlarga chuqur hurmat va minnatdorlik bildiraman.
Joriy yilda Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligini katta g‘urur va iftixor bilan nishonladik.
Shu munosabat bilan Hurmatli Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev so‘zlagan nutqlarda mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi, kelgusi o‘n yillik milliy yuksalish davri bo‘lishi haqida muhim fikrlar bildirildi.
Bu yuksalishning eng muhim tayanchi — inson, uning bilimi va salohiyatidir.
Zero, milliy yuksalishning mustahkam poydevori, avvalo, maktabdan, sinfxonadan va ustoz mehnatidan boshlanadi.
Kelgusi o‘n yillik uchun belgilab berilgan yetti milliy dastur ham inson salohiyatini yuksaltirish, bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan.
Bu borada 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan 100 foiz qamrab olish, ta’lim sifatini PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro baholash dasturlari asosida yanada yuksaltirish, texnikumlarda xalqaro standartlar asosida ta’lim oladigan yoshlar qamrovini 1 million nafarga yetkazish hamda kamida 10 ta milliy oliy ta’lim muassasasini dunyoning TOP-1000 talik universitetlari qatoriga kiritish kabi yuksak maqsadlar belgilanmoqda.
Quvonarlisi, bu ezgu maqsad va vazifalar tumanimizda ham izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugungi kunda tumanimizda jami 119 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
Shundan 38 ta davlat, 57 ta oilaviy, 20 ta xususiy, 1 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘lib, shuningdek, 2 ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan hamda 1 ta “Ilk rivojlanish” markazi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu muassasalarda jami 11 765 nafar bola ta’lim-tarbiya bilan qamrab olingan bo‘lib, bugungi kunda tumanimizda maktabgacha ta’lim qamrov darajasi 79 foizga yetdi.
Bu raqamlar zamirida, avvalo, yurtimiz kelajagi — farzandlarimizga bo‘lgan e’tibor, ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va, albatta, shu ezgu vazifani sidqidildan bajarayotgan tarbiyachi va pedagoglarning mashaqqatli mehnati mujassam.
Ushbu marralarning har biri farzandlarimizning porloq kelajagi, yoshlarimizning munosib taqdiri va mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shu maqsadlarni amalga oshirishda siz, muhtaram ustozlarning mehnatingiz beqiyos.
Chunki bugun ta’lim olayotgan har bir o‘quvchi — ertangi muhandis, shifokor, olim, tadbirkor yoki yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan munosib inson.
Ularning har bir yutug‘i zamirida esa ustozning mehri, sabri va fidokorona mehnati mujassamdir.
Aziz ustozlar!
Sizlarning mehnatingiz, bergan bilim va tarbiyangiz ertaga mamlakatimiz taraqqiyotida o‘z samarasini beradi.
Shu fursatdan foydalanib, tumanimizda yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan barcha ustoz va murabbiylarga, pedagogik jamoalarga, ko‘p yillik tajribasi bilan yoshlarga ibrat bo‘lib kelayotgan faxriy o‘qituvchilarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va xotirjamlik, sharafli kasbingizda kuch-g‘ayrat va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Shogirdlaringizning yutuqlari sizlarga doimo faxr va quvonch bag‘ishlasin!
Qalbingizda ustozlik g‘ururi, xonadonlaringizda fayzu baraka, hayotingizda shogirdlar mehri hamisha hamroh bo‘lsin!
Barchangizni yana bir bor 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz va muhtaram ustozlar!