#Tabrik
Muhtaram tumandoshlar!
Siz, azizlarni, barcha mo‘min-musulmon yurtdoshlarimizni ulug‘ va mo‘tabar ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.
Hech shubhasiz, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash va ta’sirchanligini oshirishda muqaddas islom dini, uning asosiy bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti ham muhim rol o‘ynamoqda.
Ayniqsa, bu bayramning insonparvarlik, ahillik, saxovat va oliyjanoblik kabi fazilatlari yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga uyg‘un va hamohang bo‘lib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar haqida alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz samarasini oshirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Aziz do‘stlar!
Bugungi kunda yurtimizda turli millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, islom dinining ezgu tamoyillarini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim.
Jumladan, Samarqand shahridagi Imom Buxoriy majmuasi hamda poytaxtimiz Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat yurtimiz, balki butun xalqaro jamoatchilik e’tiborini tortgan, ilmiy-ma’naviy ahamiyati beqiyos bo‘lgan ulkan va noyob maskanlar sifatida yuksak e’tirof etilmoqda.
Bu muazzam maskanlar ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida Yangi O‘zbekiston hayotidagi muhim voqeaga aylanadi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qadrli tumandoshlar!
Shu saodatli kunlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, fidoiy va jonkuyar 100 nafar vatandoshimiz “Prezident xojilari” nomi bilan muqaddas haj ziyoratini ado etmoqdalar.
Bu kabi xayrli va savobli tashabbuslar yurtimizda go‘zal bir an’anaga aylanib, qalblarni quvonchga, xonadonlarni esa shukronalik tuyg‘usiga to‘ldirib kelmoqda.
Ezgu duo va niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday munavvar lahzalarda ularni ham Qurbon hayiti bilan samimiy qutlab, Yaratgandan yurtimizga sog‘-omon qaytib kelishlarini so‘raymiz.
Umid qilamizki, muhtaram hojilarimiz jamiyatimizda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimiz tarbiyasini kuchaytirish, ularni
ilm-ma’rifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, Vatan himoyachisi bo‘lishga targ‘ib etish, muhtoj insonlarga ko‘mak berishda alohida ibrat va namuna ko‘rsatadilar.
Qolaversa, xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi yuksak fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muborak Qurbon hayiti barchamiz uchun ezgulik, hamjihatlik va savob ishlar ayyomi hisoblanadi.
Ushbu muborak kunlarda aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, keksa avlod va bemor insonlarga mehr-e’tibor ko‘rsatish, xalqimiz o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan xayr-saxovat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari yurtimizda ezgu qadriyatlar tobora mustahkamlanib borayotganining yorqin ifodasidir.
Jumladan, ushbu xayrli ishlar doirasida tumandagi 491 nafar davlat ta’minotidagi oilalar hamda 69 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bepul jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish, onkologik, gematologik va onkogematologik kasallikka chalingan bemorlarga bepul konservativ davolanish uchun vaucherlar taqdim etildi.
Qurbon hayiti arafasidagi mazkur ezgu tashabbuslar ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va aholiga cheksiz mehr-e’tibor ko‘rsatishdek oliyjanob fazilatlarni o‘zida yaqqol mujassam etdi.
Aziz tumanimiz ahli!
Qalblarimiz quvonchga to‘lgan ushbu fayzli kunlarda xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan tumandoshlarimizni ham bugungi ulug‘ ayyom bilan chin dildan qutlab, ularga sog‘lik-omonlik, baxt va omad tilaymiz.
Aziz do‘stlar!
Hozirgi kunda dunyo naqadar murakkab va tahlikali bo‘lib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Bunday keskin sharoitda yurtimizda tinchlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini saqlab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib ko‘zlagan yuksak maqsadlarimizga yeta olamiz.
Albatta, o‘z tarixida ne-ne sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va olijanob xalqimiz bunga har tomonlama qodir.
Bu yo‘lda el-yurtimizga mansub mehr-oqibat, o‘zaro birlik va jipslik biz uchun beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.
Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qutlug‘ ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!
Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov