#Tabrik
Assalomu alaykum, hurmatli faxriylar, aziz tumandoshlar, qadrli yoshlar!
Bugun yurtimizda katta ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan, qalblarimizda chuqur iz qoldirgan muborak sana — “9-may — Xotira va qadrlash kuni” keng nishonlanmoqda.
Bu kun — inson qadri ulug‘lanadigan, o‘tganlar xotirasi yod etiladigan, tiriklarga hurmat va e’tibor ko‘rsatiladigan ulug‘ ayyomdir.
Inson qadrini ulug‘lash, uning millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish — Konstitutsiyamizning ustuvor tamoyillaridan biri, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining bosh g‘oyasidir.
Bu tamoyil bugungi kunda har bir soha va tarmoqdagi faoliyatimiz mezoniga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashda qurbon bo‘lgan ota-bobolarimizning yorqin xotirasi oldida bosh egamiz.
Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng og‘ir sinovlardan biri bo‘ldi. Bu davrda yurtimizdan qariyb 2 million nafar yurtdoshlarimiz frontga safarbar etildi.
Bu o‘sha davrdagi aholimizning juda katta qismi edi. Afsuski, ularning 600 ming nafari Vatan ozodligi yo‘lida jonini fido qildi yoki bedarak yo‘qoldi.
Bundan tashqari, front ortida qolganlar ham qahramonlik namunasini ko‘rsatdilar.
Bugun biz ana shu fidoyi ajdodlarimiz xotirasini chuqur hurmat bilan yod etamiz. Ularning jasorati, saboti va Vatanga bo‘lgan muhabbati barchamiz uchun ibrat maktabidir.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston xalqi urush yillarida nafaqat frontda, balki front ortida ham g‘alabaga ulkan hissa qo‘shganini doimo faxr bilan ta’kidlaymiz.
Ana shunday fidokor insonlar qatorida tumanimiz fuqarolari ham Ikkinchi jahon urushining og‘ir sinovlarini boshidan kechirgan va front ortida fidokorona mehnat qilib, yurti va xalqiga sadoqat bilan xizmat qilib, alohida hurmat va e’tirofga sazovor bo'lganlar.
Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi sifatida ularni moddiy va ma'naviy qo'llab-auvvatlash borasida ulkan amaliy ishlar olib borilib, ularga alohida e'tibor va g'amxo'rlik korsatilmoqda.
Shuningdek, istiqlol yillarida Vatanimiz mustaqilligini himoya qilish yo‘lida jon fido etgan mard o‘g‘lonlarimizning xotirasi ham qalblarimizda mangu saqlanadi.
Muhtaram faxriylarimiz!
Ulug‘ va tabarruk yoshlarga yetib, bugun oramizda sog‘-salomat, duogo‘y bo‘lib yurgan urush va mehnat faxriylariga, yurt ravnaqi yo‘lida beqiyos hissa qo‘shgan fidoyi insonlarga yuksak mehr va hurmatimizni izhor etib, ularning barchasiga chin yurakdan tashakkur aytamiz.
Hayotning og‘ir va achchiq sinovlarini mardona yengib o‘tgan Siz, azizlarning O‘zbekistonimizni har tomonlama rivojlantirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalashga qo‘shayotgan munosib hissangizni barchamiz yuksak baholaymiz.
Shu bois, tumanimizdagi barvha mahallalarda 9-may — Xotira va qadrlash kuni “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida keng nishonlanishi orqali biz nafaqat o‘tmishni yodga olamiz, balki kelajak avlodni Vatanga muhabbat, sadoqat va yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalaymiz.
Xotira — bu muqaddas qadriyat.
Qadrlash esa — insonparvarlikning oliy ko‘rinishidir.
Keling, har birimiz yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilib, ajdodlarimiz ruhiga munosib voris bo‘laylik.
Yana bir bor barchangizni bayram bilan tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon bo‘lsin!
Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov