#Tabrik

#Tabrik


Assalomu alaykum!

Qadrli Qibrayliklar, hurmatli tumanimiz mehmonlari!

Barchangizni yurtimizga fayz-baraka olib keluvchi ulug‘ va qadimiy bayram — Navro‘z ayyomi bilan samimiy tabriklayman!

Shu kunlarda yangilanish, yasharish va go‘zallik bayrami deya nom olgan, har birimizning ko‘nglimizga bahoriy iliqlik hamda go‘zallikni olib kirayotgan sevimli bayramimiz – Navro‘z tufayli Ona tabiat yanada chiroy ochmoqda.

Go‘zallik va nafosat timsoli bo‘lmish ushbu bayram barchamizga muborak bo‘lsin!  

Hammamizga ma’lum, bu yilgi qish fasli har yilgidan bir oz injiq kelib, bahorning ilk oyiga qadar o‘z o‘rnini bo‘shatgisi kelmadi. 

Lekin shunga qaramay, bayram arafasida mahallalar markazlarida, aholi xonadonlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. 

Minglab mevali va manzarali daraxtlar ekildi, qabristonlar atrofi tartibga keltirildi, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, mehr va e’tibor ko‘rsatildi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash va aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan oliyjanob maqsadlar bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar zamirida mujassam. 

Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil jamiyatimiz hayotida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. 

Shu ma’noda, “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lash!” deya nomlangan bosh g‘oya asosida nishonlanayotgan Navro‘z bayrami tantanalari tumanimizda ham ko‘tarinki kayfiyat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik ruhida tamomila o‘zgacha shukuh bilan qarshi olinmoqda. 

Bu qutlug‘ ayyom yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, totuvlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimiz qalbida mehr-muruvvat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni qaror toptirishga xizmat qilmoqda.

Xalqimizning ushbu boy va serqirra madaniyati, an’analari va urf-odatlarining dovrug‘i butun dunyoga tarqaganligini alohida qayd etish joiz.

Mamlakatimizda ko‘p asrlik ma’naviy an’analarni tiklash va rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, shuningdek, yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri bo’lib, bu kabi ezgu va bardavom an’analar insonlarni jipslashtirib, jamiyatda tinchlik va totuvlik, mehr-muruvvat va yaratuvchanlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

Zero, totuvlik, ezgulik va halol mehnat qadrlanadigan yurtda doimo farovon hayot hukm suradi.

Tumanimiz ahliga sharqona yangi yilimiz baxt va shodlik, quvonch va hursandchilik olib kelsin.

Aziz tumandoshlar, qadrli do‘stlar!

Bu yilgi xosiyatli Navro‘z fasli yurtimizga ko‘plab quvonchli voqealar, qo‘shaloq bayramlarni boshlab keldi. Shu kunlarda barchamiz yana bir qutlug‘ va fazilatli oy – muqaddas Ramazoni sharif oyini o‘tkazdik. 

Hurmatli, tumandoshlar!

Siz azizlarni Navro‘zi ayyom bilan chin yurakdan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.  

Bayram shukuhi kezib yurgan ushbu nurli lahzalarda barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, qilayotgan ezgu ishlaringizga fayzu barokat tilayman.

Navro‘z – kirib kelayotgan yil boshi ilohim yurtimizga qut-baraka, xalqimizga tinchlik, xotirjamlik va farovon hayot olib kelsin. 

Har bir xonadon baxt va quvonch qo‘rg‘oniga aylansin!

Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov



Report Page